“O'zbekiston akkreditatsiya markazi”DKda “Korruptsiyaga qarshi kurashish borasida O'zbekiston Respublikasi davlat siyosatining asosiy yo'nalishlari” mavzuida seminar bo'lib o'tdi.

Bugungi kunda mamlakatimizda korruptsiyaga qarshi kurashish izchillik bilan olib borilmoqda. Jumladan, O'zbekiston 2008-yilda Korruptsiyaga qarshi konventsiyaga, 2010-yilda Iqtisodiy hamkorlik va rivojlanish tashkiloti doirasida qabul qilingan Korruptsiyaga qarshi kurashning Istanbul rejasiga qo'shilganligini ta'kidlab o'tmoq joiz. Shuningdek, Oliy Majlis tomonidan 2011-yilda Jinoiy daromadlarni legallashtirishga va terrorizmni moliyalashtirishga qarshi kurashish bo'yicha Yevroosiyo guruhi to'g'risidagi bitim ratifikatsiya qilingan.

O'zbekiston Respublikasining “Korrupsiyaga qarshi kurashish  to'g'risida”gi Qonunining qabul qilinishi, shuningdek, Korrupsiyaga qarshi kurashish bo'yicha  Respublika idoralararo komissiyasining tashkil etilishi va bu yo'nalishda Davlat dasturlarining qabul qilinganligi yurtimizda korrupsiya bilan bog'liq xuquqbuzarliklarning oldini olishga qaratilgan qator chora-tadbirlar samaradorligini oshirishga xizmat qilib kelmoqda.

“Ushbu sa'yi-harakatlar natijasida 2013—2020-yillar oralig'ida mansabdor shaxslar tomonidan sodir etilgan korrupsiyaga oid jinoyatlar 43 foizga kamaydi,” deya ta'kidlab o'tdi ekspert Bahodir Ismoilov. Mansabdor shaxslarga cheklanmagan diskretsion vakolatlarning berilishi, jumladan, kadrlarni tanlash va joy-joyiga qo'yishdagi kamchiliklar, tarbiyaviy ishlardagi nuqsonlar, zamonaviy fan, texnika va texnologiyalarning joriy etilmaganligi kabi qator omillar korruptsiyaviy jinoyatlarning sodir etilishiga sharoit yaratib beradi, deyildi mashg'ulotda. Bu kabi xolatlar esa davlat, jamiyat va fuqarolarning manfaatlariga katta zarar etkazadi, sog'lom raqobatga to'sqinlik qilib, halol ishbilarmonlik muhitiga salbiy ta'sir ko'rsatadi, xufiyona iqtisodiyotni rivojlantiradi.

Korrupsiyaning oldini olish uchun mansabdor shaxslarning asoslanmagan diskretsion vakolatlarini cheklash, dahlsizlik immunitetlaridan voz kechish, ichki nazorat tizimlarini takomillashtirish, davlat tashkilotlari faoliyatining shaffofligini ta'minlash lozimligi ta'kidlandi.