Poytaxtimiz hududida joylashgan bozorlarda Toshkent shahar IIBB JTSB shaxsiy tarkibi tomonidan tuman veterinariya bo'limi xodimlari bilan xamkorligida maxsus sanitariya tadbirlari o'tkazib kelinmoqda.
Undan ko'zlangan maqsad — sanitariya-gigiyena qoidalariga amal qilinishi, shuningdek tegishli veterinariya hujjatlarisiz go'sht va sut mahsulotlari bilan savdo qilinishini oldini olish.
12 martdan 18 martgacha o'tkazilgan tekshiruvlar natijasida 11 nafar tadbirkorlarga nisbatan ma'muriy bayonnomalar tuzildi.
Jumladan, "Yunusobod dehqon bozori"da o'tkazilgan tekshiruvlar natijasida sut va sut mahsulotlari hamda go'sht mahsuloti (mol tuyog'i va dudlangan baliq) iste'mol qilishga yaroqsiz deb topilib, ushbu mahsulotlar utilizasiya qilingan.
Shuningdek, "Aviasozlar dehqon bozori"da o'tkazilgan tadbir davomida, jami 28 kg tovuq (qiymasi) va 82 kg mol (qiymasi) go'sht mahsulotlari iste'mol qilishga yaroqsiz deb topilib, ushbu mahsulotlar ham utilizasiya qilingan.
Hurmatli poytaxt aholisi va mehmonlar! Bozorlarda go'sht va sut mahsulotlarini sotib olayotganda juda ehtiyot bo'ling, sotuvchidan sotilayotgan mahsulotlar sanitariya me'yorlariga javob berishini tasdiqlovchi sifat sertifikatini so'rang, deya ogohlantirmoqda Toshkent shahar ichki ishlar bosh boshqarmasi.