Bugungi kunda AQSHda benzin rekord darajada qimmatladi, Yevropa davlatlari jumladan Germaniya, Shvetsiya, Niderlandiya, Islandiya, Gretsiya, Daniya, Finlyandiya, Norvegiya, Belgyada bir litr benzin narxi 2.242-2.564 AQSH dollarini tashkil etib, narxlarning oshib borishi davom etmoqda.
Misol uchun, yil boshiga nisbatan neft xom ashyosi kotirovkasi 1,3 barobarga (1 barreli uchun 115 dollar), Yevropa davlatlarida AYOQSHdagi benzin chakana narxi 1,2 – 2,0 barobarga oshib tarixiy antirekordlar yangilandi.
Taʼkidlash kerakki, “Oʻzbekneftgaz” AJ tomonidan isteʼmolchilarning tabiiy va suyultirilgan gaz, neft mahsulotlariga boʻlgan talabini qondirish uchun barcha zarur choralar koʻrilmoqda. Buning uchun joylarda yangi loyihalar amalga oshirilmoqda. Tabiiy gaz va gaz kondensiati qazib chiqarilishi yoʻlida barcha kuchlar va zaxiralar safarbar etilmoqda.
Bu esa, oʻz navbatida, Respublikada neft va gaz mahsulotlariga, shu jumladan avtobenzin mahsulotiga, ortib borayotgan talabni qondirish hisobiga narxlarning barqarorligini taʼminlashga ijobiy taʼsirini koʻrsatadi. Butunjahonda kuzatilayotgan keskin narxi oshishi afsuski, Oʻzbekistondagi avtobenzin narxiga ham salbiy taʼsir koʻrsatmoqda. Shunga qaramay narxlar tebranishini oldini olish uchun ishlab chiqarish koʻrsatkichlari oshirilib, qayta ishlash boʻyicha yangi imkoniyatlar ishga solinmoqda.
Bunda, “Oʻzbekneftgaz” AJ boʻyicha 2022-yilning 5 oyligida 623,9 ming tonna suyuq uglevodorodlar qazib chiqarilishi belgilangan boʻlsa, amalda 657,5 ming tonna qazib chiqarildi yoki prognozga nisbatan 105,4 foiz (oʻtgan yilning mos davriga nisbatan 101,2 foiz).
Mos ravishda jamiyat tasarrufidagi neftni qayta ishlash zavodlarida joriy yilning 5 oyligida 603,1 ming tonna uglevodorod xom ashyosi qayta ishlanishi belgilangan boʻlsa, amalda 626,1 ming tonna (prognozga nisbatan 103,8 foiz)ni qayta ishlandi (oʻtgan yilning mos davriga nisbatan 107,6 foiz).
Shu bilan birga, joriy yilning 5 oyligida 353,9 ming tonna avtobenzin ishlab chiqarilishi belgilangan boʻlsa, amalda 381,4 ming tonna ishlab chiqarildi yoki prognozga nisbatan 107,8 foizni tashkil etdi (oʻtgan davrning mos davriga nisbatan 106,7 foiz).
Maʼlumot uchun: Buxoro neftni qayta ishlash zavodida amaldagi texnik-iqtisodiy asoslanishi koʻrsatkichlariga koʻra, avtobenzin mahsuloti boʻyicha yillik ishlab chiqarish quvvati 641,0 ming tonnani tashkil etsa (5 oylik hisobda – 267,1 ming tonna), joriy yilning 5 oyligida 381,4 ming tonna (quvvatlardan foydalanish darajasi 142,8 foiz) avtobenzin mahsuloti ishlab chiqariladi.
Bugungi kunda ishlab chiqaruvchilar tomonidan avtomobil benzini birja savdolari orqali realizatsiya qilinadi. Bunda, “Oʻzbekneftgaz” AJ tomonidan ishlab chiqarilgan avtobenzin mahsulotining barcha hajmlari Oʻzbekiston respublika tovar-xom ashyo birjasiga arzon boshlangʻich narxlarda joylashtirib kelinmoqda: 1 tonnasi uchun barcha soliqlar bilan birga 3 mln soʻm (Buxoro neftni qayta ishlash zavodi omborida yuklash shartida).
Shu bilan birga, AI-80 markali avtomobil benzinining birja savdolaridagi oʻrtacha narxi yil boshida 1 tonnasi uchun 7,0 – 7,3 mln soʻm (1 litri uchun 5 300 – 5 500 soʻm) miqdorida shakllangan boʻlsa, bugungi kunda 8,4 – 8,7 mln soʻm (1 litri uchun 6 300 – 6 500 soʻm) miqdorida shakllanmoqda.
Maʼlumot uchun: Toshkent shahridagi yirik AYOQSHlarda 1 litr AI-80 markali avtobenzin narxi quyidagicha kuzatilmoqda: UNG Petro – 6 800 soʻm, IBR, Miss, Poytaxt Oil – 6 800 soʻm, Mustang – 6 900 soʻm, LUK Oil – 6 990 soʻm, Intran servis – 7 000 soʻm, TAT neft – 7 400 soʻm.
“Oʻzbekneftgaz” AJ Matbuot xizmati