“Kalibr” uzoq masofalarga o‘q otish klubi tashkil etildi

    Harbiy 31 Mart 2023 4640

    Ushbu klub O‘zbekiston Respublikasi mudofaasiga ko‘maklashuvchi “Vatanparvar” tashkiloti, O‘zbekiston ovchi va baliqchilar sport birlashmasi hamda O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi tomonidan imzolangan o‘zaro hamkorlik memorandumiga asosan ta’sis etildi.

    Kalibr klubi “Vatanparvar” tashkilotining Respublika texnik va amaliy sport turlari markazi qoshida tashkil etilgan bo‘lib, klubning asosiy maqsadi ov va uzoq masofalarga o‘q otish sporti havaskorlari, O‘zbekiston ovchi va baliqchilar sport birlashmasi bilan hamkorlikni mustahkamlash, ilg‘or tajriba almashish hamda respublika hududida uzoq masofalarga o‘q otishni ommalashtirish hisoblanadi.

    Ushbu klubning asosiy yo‘nalishlaridan biri O‘zbekiston ovchi va baliqchilar sport birlashmasi, Qurolli Kuchlar tarkibiga kiruvchi vazirlik va idoralar, jismoniy tarbiya va sport subyektlari bilan uzoq masofalarga o‘q otishni rivojlantirish bo‘yicha hamkorlikda ishlarni olib borish hisoblanadi.

    “Kalibr” uzoq masofalarga o‘q otish klubi Nizomiga muvofiq, ushbu klubga faqatgina O‘zbekiston ovchi va baliqchilar sport birlashmasiga a’zo bo‘lgan (qurol olib yurishga haqli) fuqarolar qabul qilinadi.

    Birlashma niqoblanish, joyga moslashish, oriyentirlanish, qiyin sharoitlarda yashovchanlik borasidagi o‘z tajriba va ko‘nikmalarini harbiy xizmatchilarga o‘rgatish bo‘yicha mahorat darslari o‘tib borishi belgilangan.

    Shu bilan birga, endilikda klub a’zolari, harbiy xizmatchilar ishtirokida qiyin sharoitlarga moslashgan holda uzoq masofalarga o‘q otish bo‘yicha musobaqalar o‘tkazib borilishi rejalashtirilmoqda.

    O‘zbekiston Respublikasi mudofaasiga ko‘maklashuvchi
    “Vatanparvar” tashkiloti