O‘zbekiston Respublikasi mudofaasiga ko‘maklashuvchi “Vatanparvar” tashkiloti Markaziy kengashi hamda O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi huzuridagi Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi o‘rtasida hamkorlik memorandumi imzolandi.
Memorandumning asosiy maqsadi xorijda vaqtinchalik mehnat faoliyatini amalga oshirish istagida bo‘lgan mamlakatimiz fuqarolarini shartnoma asosida xorijiy mehnat bozorida talab etilgan mutaxassisliklar bo‘yicha o‘qitish hisoblanadi. Shuningdek, ushbu hujjatda o‘qish davomida fuqarolarda vatanparvarlik tuyg‘usini keng targ‘ib etish va ularda vatan tuyg‘usi sifatlarini rivojlantirish belgilab qo‘yilgan.
Hozirda Yevropa davlatlari, xususan, Germaniya, Litva, Latviya, Slovakiya va Polshada texnik kasb mutaxassislariga bo‘lgan yuqori talabni “Vatanparvar” tashkiloti imkoniyatlaridan kelib chiqqan holda qondirish maqsad qilinmoqda.
Ayniqsa, ayni paytda Yevropada 10 mingdan ziyod “CE”, “D” toifadagi haydovchilarga va minglab turli texnik kasb egalariga ehtiyoj sezilayotganligi o‘z-o‘zidan turli mamlakatlardan, jumladan, O‘zbekistondan ushbu kasb mutaxassislarining Yevropa davlatlariga borib ishlashlari uchun imkoniyat yaratmoqda.
“Vatanparvar” tashkilotining 210 dan ortiq o‘quv muassasalarida respublika bo‘ylab yiliga o‘rtacha 150 ming nafar fuqarolar haydovchilik kasbiga hamda yana minglab fuqarolar texnik xizmat ko‘rsatish va murakkab texnikalarni boshqarish mutaxassisliklariga tayyorlanmoqda. O‘z navbatida ushbu omil tashkilotning Yevropa davlatlari talabini qondirishi mumkin bo‘lgan malakali kadrlarni yetkazib berish quvvatiga ega ekanligini anglatadi.
Memorandum imzolanishi jarayonida “Vatanparvar” tashkiloti Markaziy kengashi raisi Husan Botirov va Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi boshlig‘i Jahongir Xidayxodjayev mazkur hujjatda belgilangan vazifalarni o‘z muddatlarida sifatli bajarilishini ta’minlashga va istiqboldagi rejalarni kelishib oldilar.
O‘zbekiston Respublikasi mudofaasiga ko‘maklashuvchi
“Vatanparvar” tashkiloti Matbuot xizmati