Аnjuman avvalida Oʼzbekiston Respublikasi mudofaasiga koʼmaklashuvchi “Vatanparvar” tashkiloti faoliyati aks etgan videorolik va infografika namoyish etildi.
Tashkilot tomonidan aholi, ayniqsa, yoshlarni harbiy-vatanpavarlik ruhida tarbiyalash, ularni sportning texnik va amaliy turlariga jalb etish hamda ommaviy texnik kasb mutaxassisliklariga tayyorlash boʼyicha amalga oshirilayotgan keng koʼlamli ishlar toʼgʼrisida axborot berildi, doimiy ravishda “Vatanparvar – mening tanlovim” shiori ostida ochiq eshiklar kuni, “Uch avlod uchrashuvi”, “Mardlar qoʼriqlaydi Vatanni”, “Biz – vatanparvarlarmiz”, “Mard askar – yoshlarga namuna” kabi tadbirlarni oʼtkazib kelinayotgani taʼkidlandi. Xususan, joriy yilning fevral–aprel oylarida “Milliy armiyamiz yoshlar nigohida” shiori ostida mahallalardagi yoshlar oʼrtasida oʼtkazilgan harbiy-vatanparvarlik tadbirlarida tashkilot oʼzining koʼrgazmali namoyishlari va vatanparvarlik karvonlari bilan faol ishtirok etgani haqida fikr yuritildi.
Mudofaa vaziri kubogi uchun umumtaʼlim maktablarining 10–11 sinf oʼquvchilari oʼrtasida “Vatanparvarlar” harbiy-sport musobaqasining tuman, viloyat va respublika bosqichlari oʼtkazilishida bu tashkilotning qoʼshgan hissasi salmoqli ekanini tashkilot faoliyatidan koʼrish mumkin. Taʼkidlash kerakki, yurtimiz boʼylab avtokross, motokross, karting, triatlon, duatlon, yozgi biatlon, pnevmatik quroldan oʼq otish, modelizm, radiosport kabi sportning texnik va amaliy turlari boʼyicha sport sektsiyalari hamda toʼgaraklarida shugʼullanish mutlaqo bepul etib belgilandi. Bundan tashqari, sport sohasida muvaffaqiyat qozongan yoshlar respublika, MDH, Osiyo va jahon chempionatlari musobaqalarida “Vatanparvar” tashkiloti mablagʼlari hisobidan ishtirok etadi. “Vatanparvar” tashkiloti tomonidan viloyat miqyosida oʼtkazilgan sport musobaqasida gʼolib boʼlgan yoshlar Tashkilot tizimidagi ommaviy texnik kasb mutaxassislarini tayyorlash oʼquv kurslarida 30 % chegirma asosida, Respublika musobaqasida gʼoliblikni qoʼlga kiritganda 50% chegirma asosida oʼqish imkoniyatiga ega boʼlishi yurtimizda bu sohaga boʼlgan eʼtibor namunasidir.
Tashkilot sportchilari har yili Oʼzbekiston milliy terma jamoalari safida ishtirok etib, yuqori oʼrinlarni qoʼlga kiritib kelmoqda. 2021-yil 5 ta xalqaro musobaqada ishtirok etib, 16 ta medalni qoʼlga kiritdi. Shulardan, 5 tasi oltin, 8 tasi kumush, 3 tasi bronza.
2022-yilning yoz mavsumida taʼtildagi bolalar va oʼsmirlar dam olayotgan respublikadagi sogʼlomlashtirish lagerlari va umumtaʼlim maktablaridagi kunduzgi oromgohlarda harbiy-vatanparvarlik, sport va yoʼl harakati xavfsizligi targʼiboti tadbirlari keng koʼlamda olib borilyapti.
2021-yildan tashkilot tizimida ommaviy texnik kasblarga tayyorlash muassasalarida “Temir daftar”, “Аyollar daftari” va “Yoshlar daftari”ga kiritilgan oilalarning farzandlari imtiyoz asosida oʼqitilmoqda, yaʼni oʼqish xarajatlarining 75 foizgacha qismi mahalliy hokimliklar huzuridagi vasiylik kengashlarining Yoshlarni qoʼllab-quvvatlash jamgʼarmasi mablagʼlari hisobidan qoplanadi, oʼqish xarajatlarining 10 foizini “Vatanparvar” tashkiloti oʼz hisobidan toʼlashni zimmasiga oladi. Oʼtgan yili 14 275 nafar ehtiyojmand fuqaro avtomototransport haydovchilarini tayyorlash kurslarida oʼqitilgan boʼlsa, 2 840 nafar fuqaro mehnat bozorida talab yuqori boʼlgan 10 xil texnik kasb mutaxassisliklariga tayyorlanayotgani ayni haqiqatdir. Ushbu saʼy-harakatlar davom ettirilib, tashkilot oʼquv muassasalarida oʼqiyotgan ehtiyojmand fuqarolar soni 3 731 nafarga yetdi. Shu bilan birga, oʼtgan yildan buyon “Vatanparvar” tashkiloti hamda Oʼzbekiston Qurolli Kuchlari tarkibidagi vazirliklar va idoralar oʼrtasida tuzilgan hamkorlik memorandumida muddatli harbiy xizmatni oʼtayotgan yoshlar turli xil oʼquv kurslarda oʼqitilishi yoʼlga qoʼyilgan edi. Oʼtgan yili 723 nafar harbiy xizmatchi oʼqitilgan boʼlsa, bu yil koʼrsatkich 1 548 nafarni tashkil etmoqda. Yoshlar muddatli harbiy xizmatni yakunlaganlaridan soʼng, nafaqat Vatanimiz oldidagi muqaddas burchni ado etadi, balki xizmatdan kasb-hunar oʼrganib qaytadi.
Yigʼilishda “Oʼzbekiston Respublikasi mudofaasiga koʼmaklashuvchi “Vatanparvar” tashkiloti faoliyatini takomillashtirish boʼyicha 2022-yil davomida amalga oshiriladigan chora-tadbirlar rejasi”ni tasdiqlash boʼyicha qaror qabul qilingani va tegishli tashkilotlar bilan istiqbolda hamkorlikda bajariladigan ishlar belgilab olingan. Mazkur chora-tadbirlar rejasiga muvofiq, respublika miqyosida “Vatanparvar” tashkiloti tomonidan aholi, ayniqsa, yoshlarni harbiy-vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, ular oʼrtasida sportning texnik va amaliy turlarini ommalashtirish hamda ommaviy texnik kasb mutaxassislarini tayyorlash boʼyicha yanada yangi tizimlar yoʼlga qoʼyilishi va izchil saʼy-harakatlar amalga oshirilishi haqida aytildi.
Matbuot anjumani yakunida, jurnalistlarning sohaga oid savollariga javob berildi.
Gulbibi Eshmatova,
OʼzJOKU talabasi