Oddiy til bilan aytganda, har qanday pora olish, berish va unda vositachilik qilish, mansab vakolatidan suiisteʼmol qilish, mansab vakolatidan chetga chiqish, hokimiyat harakatsizligi, mansab vakolatidan foydalanib talon-taroj qilishning barchasi bu korrupsion jinoyatlarni tashkil qiladi.
Maʼlumki, 2003-yil 31-oktyabr kuni BMT Bosh Assambleyasi tomonidan korrupsiyaga qarshi BMT konvensiyasi qabul qilindi. Bu esa, butunjahon hamjamiyatining korrupsiyaviy illatlarga qarshi keskin kurash olib borishidan darak berdi.
Oʻzbekiston 2008-yilda mazkur Konvensiyaga, shuningdek, 2010-yilda Iqtisodiy hamkorlik va taraqqiyot tashkiloti doirasida qabul qilingan korrupsiyaga qarshi kurash boʻyicha Istanbul harakatlari rejasiga qoʻshilgan. Korrupsiyaga va boshqa turdagi jinoyatlar hamda huquqbuzarliklarga qarshi kurashish, ularning profilaktikasi, qonunga xilof har qanday xatti-harakatga jazoning muqarrar ekanligini barchamiz yaxshi bilamiz. Soʻnggi yillarda yurtimizda korrupsiyaga qarshi kurashishning muhim huquqiy asoslari yaratildi. Jamiyatda korrupsiyaga murosasiz munosabatni shakllantirishga, aholining huquq va manfaatlari himoya qilishga, davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari faoliyatining ochiqligiga yoʻnaltirilgan tizimli chora-tadbirlar olib borilmoqda.
Joriy yil 12-yanvarda Prezidentimizning “Korrupsiyaga qarshi kurashish ishlarining samaradorligini reyting baholash tizimini joriy etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori imzolandi.
Mazkur qaror ijrosi boʻyicha adliya organlari va muassasalarida ham korrupsiyaviy xavf-xatarlarni aniqlash, baholash va ularni kamaytirish boʻyicha chora-tadbirlarni amalga oshirish, rahbarlarining korrupsiyaga qarshi murosasiz munosabatlarni koʻrsatuvchi xatti-harakatlarning mavjud ekanligi, xodimlarning korrupsiyaga qarshi kurashishga oid ichki tartib-taomillardan xabardorligi hamda ushbu sohada bilim va koʻnikmalarini oshirish boʻyicha chora-tadbirlarning amalga oshirish asosiy vazifalar sifatida belgilab olindi. Shuningdek, korrupsiyaga qarshi kurashish boʻyicha tegishli soha yoki tarmoq kesimida aholining huquqiy ongi va huquqiy madaniyatini yuksaltirish, ushbu illatga nisbatan murosasiz munosabatni shakllantirishga qaratilgan targʻibot tadbirlari ham olib borishi belgilandi.
Deylik, adliya xodimlar korrupsiyaga qarshi hallollik vaksinasi bilan oʻzini oʻzi emlayotgani eʼtiborga molik masala. Qanday qilib deysizmi? Albatta “Sirli mijoz” tadbiri orqali. “Sirli mijoz” esa oddiy murojaatchi ham, davlat xizmatiga ishi tushib kelgan arizachi ham boʻlishi mumkin. Bu borada “Sirli mijoz” tadbiri oʻz natijalarini ham bera boshladi. Yaqin kunlargacha murojaatchining shikoyati tinglanmaydigan, eʼtibor berilmaydigan davrlar boʻldi. Endi-chi? Endi fuqaro bugun u yoki bu muammo yuzasidan murojaat qildimi, ertasiga albatta arzi holi inobatga olinib, masalasiga yechim topilmoqda yoki huquqiy tushuntirishlar berib kelinmoqda.
Tizimda murojaatchilarning haqli eʼtiroziga sabab boʻlayotgan kamchiliklar aniqlanib, korrupsiya va vakolati suiisteʼmolchiliklarni oldini olish maqsadida xodimlar oʻrtasida vebinar, seminar kabi turli targʻibot ishlari ham olib borilmoqda. Bu esa xodimlar oʻrtasida korrupsiyaviy xavf-xatarlarni kamaytirishga, ish faoliyatida ochiqlikni taʼminlashga xizmat qilmoqda.
Yunus Xodjiyev,
Toshkent viloyat adliya boshqarmasi
bosh maslahatchisi