Toshkent shahrida qurib bitkazilgan Olimpiya shaharchasi imkoniyatlari bilan tanishish chogʻida Prezidentimiz stol tennisi hammabop, arzon va qulay sport turi ekanini taʼkidlab, har bir maktab va mahallada uni ommalashtirish, zarur anjomlarini ishlab chiqarishni yoʻlga qoʻyish yuzasidan mutasaddilarga tegishli koʻrsatmalar berdi.
Mamlakatimiz nomdor va dovruqli chempionlar yurtiga aylangani hech kimga sir emas. Buni xorijlik ekspert va tahlilchilar eʼtirof etishi ham odatiy holga aylanib qoldi. Butun dunyo eʼtiborini tortadigan xalqaro musobaqa va nufuzli anjumanlarga mezbonlik qilish borasida shakllangan milliy tajriba esa koʻpchilikning havasini uygʻotmoqda.
Yuqoridagi fikrlar isbotini birgina stol tennisi misolida ham yaqqol koʻrish mumkin. Jumladan, joriy yil 28-31-may kunlari 20 ga yaqin davlatning 300 nafardan ziyod yosh sportchisi poytaxtimizda jam boʻlgani, ular ishtirokida Xalqaro stol tennisi federatsiyasi — ITTF tasnifidagi “WTT Youth Contender Tashkent” turniri yuksak saviyada oʻtkazilgani diqqatga sazovor.
Oradan koʻp oʻtmay, yaʼni 26-iyun-2-iyul kunlari sport hamjamiyatining nigohi yana Oʻzbekistonga qaratildi. Ayni shu sanalarda yurtimizda ilk bor stol tennisi boʻyicha yoshlar oʻrtasida qitʼa chempionati kutilganidan-da aʼlo darajada uyushtirildi. Alohida taʼkidlash joizki, Osiyo stol tennisi ittifoqi 30 ga yaqin mamlakat vakillari qatnashgan bu musobaqaning tashkiliy jihatlarini yuksak baholadi.
Xoʻsh, qisqa muddatda bunday yutuqlarga erishishning omillari nimalardan iborat? Qanday saʼy-harakatlar ushbu muvaffaqiyatlarga mustahkam zamin boʻlmoqda?
Istiqlol bayramiga munosib tuhfa
Yangi Oʻzbekistonning sport islohotlari haqidagi gapimizni bejiz Olimpiya shaharchasidan boshlamadik. Mazkur majmua soʻnggi yillarda sohada amalga oshirilgan ishlarning yuksak nuqtasi yangligʻ boʻy koʻrsatdi. Vatanimiz mustaqilligining oʻttiz toʻrt yillik shodiyonasi arafasida turli ijtimoiy obyektlar qatorida eng zamonaviy uskunalar bilan jihozlangan sport maskanining ochilishi, xalqimiz iborasi bilan aytganda, katta toʻyga katta toʻyona boʻldi.
Olimpiya shaharchasi qurilishiga 2022-yil 9-noyabrda tamal toshi qoʻyilgan. Oʻshanda davlatimiz rahbari bu joy xalqimizning yuksak bunyodkorlik salohiyati va oʻzbek sportining olamshumul yutuqlari ramziga aylanishi, meʼmoriy jihatdan mukammal, energiyatejamkor va ilgʻor innovatsion yechimlarni mujassam qilgan noyob majmua boʻlishini taʼkidlagan edi.
Shunday boʻldi ham. Qisqa vaqt ichida 100 gektardan ziyod maydonda muhtasham imoratlar qad rostladi. Shaharchadagi 5 ta asosiy sport inshootining biri velodrom boʻlib, u murakkab muhandislik yechimlari negizida barpo etilgan.
Trekka yorugʻlik bir xil va teng darajada tushadi. Bu sportchilarga qulay boʻlishi bilan birga tomosha va teletranslyatsiya meʼyorlariga ham mos. Oʻrindiqlar 2200 kishiga moʻljallangan. Xalqaro olimpiya qoʻmitasining yangi talabi boʻyicha tomosha joylariga himoya toʻsigʻi oʻrnatilgan.
Biz uchun yana bir muhim tomoni velodrom oʻrtasida stol tennisi musobaqalari va mashgʻulotlarini oʻtkazish uchun qulay sharoit yaratilganidir. Boshqacha aytganda, ommaviyligi boʻyicha jahonda kuchli beshta sport turidan biri sanalgan stol tennisi murabbiylari va mutaxassislari ularga eng zamonaviy maskan taqdim etilganidan qanchalik minnatdorligini soʻz bilan taʼriflash mushkul.
Albatta, hammani quvontirgan ushbu yangilik davlatimiz rahbarining jismoniy tarbiya va sport yoʻnalishiga, xususan, stol tennisini yanada rivojlantirishga qaratayotgan yuksak eʼtiborining amaliy natijasidir. Olimpiya shaharchasi — oʻzbek sportining ilmiy, amaliy, oʻquv-mashgʻulot markazi. Zero, bu yerda mashgʻulotlar bilan birga sport taʼlimi, ilmi, tibbiyoti mujassamlashgan.
Taqdimotlar bilan tanishuv paytida Prezidentimiz stol tennisini yanada ommalashtirish masalasiga alohida urgʻu berdi. Odamlarimiz shu sportni yaxshi koʻrishini inobatga olgan holda ularni qoʻllab-quvvatlash, har bir mahallaga kirib borishi lozimligini taʼkidladi. Mutasaddilarga sohani raqamlashtirish, sport federatsiyalari faoliyatini kuchaytirish va xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlikda yangi loyihalarni amalga oshirish zarurligini uqtirdi.
Izchil islohotlar samarasi raqamlarda namoyon
Oʻtgan asr oxiri, aniqrogʻi, 1988-yili Olimpiya oʻyinlari dasturiga kiritilgan stol tennisini yurtimizda taraqqiy ettirish, professional sportchilar tayyorlash, aholi keng qatlamlari orasida ommalashtirish borasida erishilgan yutuqlar tahliliga oʻtishdan oldin jozibador oʻyinning tarixidan bir shingil maʼlumot keltirishni maqsadga muvofiq deb topdik.
Koʻhna Chin saltanatining oʻrta asrlarga oid yozgi saroylari devorlarida oʻsha davr odamlari ping-pong oʻynayotgani aks etgan suratlar hozirgacha saqlanib qolgan. Darvoqe, ping-pong stol tennisining qadimiy nomlaridan biri, hozir ham koʻp joylarda faol qoʻllaniladi. Biz tilga olgan yozgi saroy esa Xitoy imperatorlarining qarorgohi sanalgan.
Manbalardan maʼlum boʻlishicha, zamonaviy stol tennisi boʻyicha rasmiy musobaqa 1900-yili Londonda oʻtkazilgan. Vestminster abbatligida uyushtirilgan bahsda uzoq-yaqindan kelgan 300 kishi qatnashgan.
Eng mashhurlar qatorida erkaklar oʻrtasida Viktor Barna, ayollar orasida esa Mariya Medyanski tilga olinadi. Ular yakkalik bahslarida dastlabki jahon chempionlari boʻlish bilan birga yana oʻnlab musobaqalarda gʻoliblikni hech kimga bermagan.
Keyinchalik muzaffarlik tugʻi asta-sekin Yevropadan Osiyoga koʻcha boshlagan. Hozirgi kunda xitoylik stol tennischilar Ma Lun, Fan Chjendon, Chen Men va boshqalar dunyo yoshlari uchun namuna sanaladi. Oʻzbekistonlik yigit-qizlar ham mashgʻulotlarga tayyorlanishda ular qoʻllayotgan usullarni oʻrganish, taktikalarini videotahlillar orqali oʻzlashtirishga harakat qilyapti.
Ajab emas, yaqin kelajakda mamlakatimizdan ham ping-pong boʻyicha Olimpiya va jahon chempionlari, qitʼaviy musobaqalar sovrindorlari yetishib chiqsa. Zotan, Respublika stol tennisi federatsiyasi tomonidan Sport vazirligi va Soliq qoʻmitasi koʻmagida amalga oshirilayotgan ishlar oʻz samarasini berishi shubhasiz.
Bu boradagi islohotlar raqamlarda ham yaqqol namoyon boʻlib turibdi. Jumladan, uch yil muqaddam mamlakatimizda bittagina stol tennisi bazasi faoliyat koʻrsatgan boʻlsa, hozir ularning soni 15 taga yetib, eng zamonaviy anjomlar bilan taʼminlandi.
Bolalar va oʻsmirlar bilan bevosita ishlaydigan murabbiylar soni ikki barobar koʻpayib, 650 nafardan oshgani imkoniyat eshiklarini ochishga xizmat qilayotir. Bugungi kunda yurtimizda qariyb 73 ming nafar sportchi stol tennisi bilan doimiy shugʻullanayotgani ham oddiy raqamlar emas.
Yana bir jihati, ilgari musobaqa oʻtkazilganini birov bilib, birov bilmay qolardi. Endilikda esa qatʼiy taqvim asosida jahon andazalari darajasida tashkil etilmoqda. Keyingi yillarda mahalliy, milliy va xalqaro miqyosda oʻtkazilgan 30 ta musobaqaning aksariyati ITTF belgilagan mezonlarga mos ravishda uyushtirilgani fikrimiz dalilidir.
Alohida taʼkidlash joizki, ana shu bahslarda sportchilarimizning ham, hakamlarimizning ham, murabbiylarimizning ham tajribasi sezilarli darajada oshdi. Endilikda nufuzli turnirlarda shunchaki ishtirok etib kelishmas, balki jahonning manaman degan chempionlariga raqobatchilik qilish asosiy maqsad etib belgilangan. Shu maʼnoda, kelasi yili 6 ta xalqaro musobaqaga mezbonlik qilish tadorigi hozirdan boshlangani eʼtiborga molik.
Federatsiya faoliyatining yaqin muddatga moʻljallangan “yoʻl xaritasi”ga koʻra, hududlardagi 1300 ta mahallaga, 256 ta umumtaʼlim maktabiga, koʻplab oliy oʻquv yurtlari va istirohat bogʻlariga tennis stollari, zamonaviy raketka va standartga mos koptokchalar yetkazib beriladi.
Oʻzbekiston stol tennisi federatsiyasi uchun alohida bino qurib foydalanishga topshirilgani ham muhim voqea boʻldi. Umumiy maydoni 2100 kvadrat metrni tashkil etgan inshootni bunyod qilish va uni jihozlash uchun tadbirkorlar homiyligi hisobidan muayyan miqdorda mablagʻ ajratildi. Natijada majmuaning bir kunlik qatnov quvvati 150 kishidan oshirilib, stol tennisi ixlosmandlariga barcha sharoitlar yaratildi.
Nima uchun stol tennisi oʻynab turish kerak?
Hech eʼtibor berganmisiz, mahallalar va koʻp qavatli uylar atrofida stol tennisi oʻynab, oʻziga xos musobaqa uyushtiradigan bolalarni uchratish mumkin. Ular stol tennisi uchun zarur sport inventarlari topolmasa, qoʻlbola usullarni qoʻllab, shu oʻyin bilan mashgʻul boʻladi. Koʻpchilik mehnat jamoalarida ham xodimlarga stol tennisi oʻynashiga shart-sharoit yaratilgan.
Chunki stol tennisi yoshu qari uchun ommabop sport turi hisoblanadi. Ping-pongni yoqtirmaydigan kishini topish mushkul. Bir tomondan u insonga zavq bagʻishlasa, ikkinchi tarafdan salomatlikka foydasi beqiyos.
Stol tennisi bilan shugʻullangan kishida koʻrish qobiliyati yaxshilanadi. Uzoqni yaxshi koʻra olmaydigan, kompyuter qarshisida koʻp oʻtiradigan yoki koʻzini biror xastalikdan davolatgan kishilarga stol tennisi katta yordam beradi. Chunki oʻyin vaqtida insonning butun diqqat-eʼtibori faqat koptokchaga qaratilgani bois, koʻz qisqa masofa atrofida tinimsiz mashq oladi.
Ping-pong nafas va yurak-qon tomir tizimlari faoliyatiga ham ijobiy taʼsir koʻrsatadi. Oʻyin vaqtida bir daqiqa oraligʻida sportchi 120 tagacha zarba berishi barobarida chaqqonlik va abjirlikni oʻrganadi. Unda asabni tinchlantirish koʻnikmasi shakllanadi.
Bundan tashqari, bu oʻyin oyoqning boldir muskullarini mustahkamlaydi. Velosport, konkida uchish, futbol, basketbol, umuman, oyoqni koʻp ishlatish talab etiladigan boshqa sport turlarida ham juda asqatadi. Tez yugurish, boshlangʻich tezlikni oshirishda ham stol tennisining oʻrni muhim.
Diqqatni bir joyga jamlab, hozirjavob boʻlishda bu sportning ahamiyati katta. Masalan, aksariyat bokschi raqibiga tezkor javob qaytarishni oʻrganish maqsadida stol tennisi bilan shugʻullanadi. Negaki bu bilan ular turlicha usulda zarba berish texnikasini oʻzlashtiradi.
Bitta oʻyin davomida sportchi kamida toʻrt chaqirim yugurishga teng harakat qilishini soha olimlari allaqachon hisoblab chiqishgan. Tadqiqotchilar, shuningdek, ping-pong oʻynayotgan kishi basketbolchidan koʻproq energiya sarflashini isbotlashgan. Bugungi professional stol tennisida koptokcha tezligi soatiga 170 kilometrga chiqayotganini hisobga oladigan boʻlsak, ushbu maʼlumotning aksioma ekanligi yanada oydinlashadi.
Biz yuqorida stol tennisi tafakkurni rivojlantirishda muhim ahamiyat kasb etishiga bejiz urgʻu bermadik. Kosmonavtlar tayyorlanadigan oʻquv markazlari dasturidan stol tennisi mashgʻulotlari doimiy ravishda oʻrin olgani ham fikrimizga dalil boʻla oladi.
Xulosa oʻrnida qayd etish joizki, hozirgi kunda Oʻzbekiston stol tennisi federatsiyasining barcha mutasaddi va mutaxassislari “Los-Anjeles — 2028”ga tayyorgarlik doirasida Olimpiya oʻyinlariga 2 ta litsenziyani qoʻlga kiritish, 114 ta xalqaro musobaqada munosib ishtirok etish, xorijda 20 dan ortiq oʻquv mashgʻuloti oʻtkazish, chet eldan malakali murabbiylar, jumladan, Xitoy Xalq Respublikasi va boshqa mamlakatlardan kuchli mutaxassislarni taklif qilish yuzasidan muzokaralar olib bormoqda.
Xalqaro hamkorlik doirasida Belarus stol tennisi federatsiyasi bilan memorandum imzolandi. Janubiy Koreya, Yaponiya, Xitoy va Germaniya bilan umumiy investitsiya miqdori bir million dollarni tashkil etadigan loyihalar tasdiqlanishi kutilyapti. Jumladan, bugungacha amalga oshirilgan ishlar natijasi bilan Olimpiya standartlariga javob beradigan 185,3 ming dollarga tennis stollari va boshqa sport anjomlari olib kelindi.
Bularning barchasi davlatimiz rahbari sohaga qaratayotgan yuksak eʼtiborning hayotdagi — odamlar koʻz oʻngida roʻy berayotgan tasdigʻidir.
Bunday eʼtibor natijasida yaqin kelajakda stol tennisi tarixiga oʻzbekning “Viktor Barna” va “Mariya Medyanski” kabi qahramonlari oʻz nomini yozishiga shubha yoʻq.
Sherzod KUDBIYEV,
Oʻzbekiston stol tennisi federatsiyasi raisi








