Davlatimiz rahbari Yaqin Sharq mamlakatlari yetakchilari bilan suhbatda Oʻzbekiston har qanday qarama-qarshilik hamda ziddiyatni siyosiy-diplomatik va tinch yoʻllar bilan, muzokaralar orqali hal qilishning qatʼiy tarafdorligini bildirar ekan, muloqotlar chogʻidagi muhim bir siyosiy aspekt bizni alohida hayajonga soldi, qalbimiz toʻlqinlandi, Oʻzbekiston fuqarosi boʻlganimizdan, shunday mehribon va gʻamxoʻr Prezidentimiz borligidan gʻururlandik.
Hozir Yaqin Sharq mintaqasidagi mojarolar, qoʻshni Afgʻoniston va Pokiston oʻrtasidagi qurolli toʻqnashuvlar barchamizni jiddiy xavotirga solmoqda. Bugungi globallashuv sharoitida dunyoning narigi chetida otilgan bir oʻq minglab kilometr uzoqlikdagi mamlakatlarga taʼsirini oʻtkazadi. Chunki texnologik zanjir orqali bogʻlangan savdo-logistika, tovar ayirboshlash, masofaviy biznes va shunga oʻxshash boshqa muloqot jarayonlari iqtisodiy, ijtimoiy munosabatlarga salbiy taʼsir qiladi, putur yetkazadi.
Biz davlatimiz rahbarining kechagi muloqotlardagi siyosiy irodasi haqida gapirayotgan edik. Prezidentimiz bu mamlakatlarda boʻlib turgan Oʻzbekiston fuqarolarining taqdiri, xavfsizligi, salomatligi haqida soʻradi. Yurtdoshlarimizni vatanga qaytarish masalalari muhokama qilinib, shu maqsadda koʻrilayotgan chora-tadbirlar uchun alohida minnatdorlik bildirildi.
Bu bir qarashda siyosiy muloqot rusumiga oʻxshab koʻrinishi mumkin. Lekin tahlikali hududlarda qolib ketgan yurtdoshlarimizni vatanga qaytarish boʻyicha Prezidentimizning shaxsan oʻzi tegishli idoralar rahbarlariga koʻrsatmalar bergani, bu masalaga hukumat darajasida eʼtibor qaratilishi kerakligini aytgani va nihoyat, shu kunga qadar minglab yurtdoshimiz tinch-osoyishta, fayzli, aziz zaminimizga sogʻ-omon olib kelingani har birimizda mehr va birdamlik tuygʻularini joʻsh urdirdi.
Soʻz isboti bilan. Prezidentimizning maxsus topshirigʻiga muvofiq minglab oʻzbekistonliklar evakuatsiya qilingani haqidagi xabarlarni kechadan buyon ijtimoiy tarmoqlarda oʻqiyapmiz.
Ularda aytilishicha, Yaqin Sharqda harbiy keskinlik kuchaygani sabab 28 fevraldan boshlab Dubay, Sharja, Madina, Doha, Jidda, Tel-Aviv, Tehron va Kuvayt yoʻnalishidagi aviareyslar toʻxtatilgan. Natijada minglab oʻzbekistonlik chet elda qolib ketgan.
Faqatgina Oʻzbekiston Prezidentining maxsus topshirigʻi bilan evakuatsiya ishlari boshlangach, rezident aviakompaniyalar maxsus reyslar amalga oshirib, qisqa vaqt ichida 5 mingdan ortiq fuqaro vatanga qaytarildi.
Jarayonni muvofiqlashtirish uchun “Oʻzaviatsiya” agentligida 24/7 rejimida ishlaydigan shtab tashkil etildi.
Yozayotganimiz shu yerga yetganda navbatdagi xabar tarqaldi. Tashqi ishlar vazirligining xabar berishicha, 5-mart soat 10:00 holatiga Oʻzbekistonning jami 9361 nafar fuqarosi ona yurtimizga qaytarildi. Jumladan, Saudiya Arabistonidan 8114, BAAdan 1192, Erondan 23, Bahrayndan 25, Oʻmondan 7 nafar yurtdoshimiz Oʻzbekistonga olib kelingan.
Hozir bu gaplarni yozishgina oson. Aslida, har bir fuqaroni vatanimizga olib kelish ortida qanchalar murakkab, qaltis, tahlikali va nozik jarayonlar borligini boshidan oʻtkazganlar, shu ezgu ish boshida turganlar biladi, xolos.
Biz faqat bu yerdan turib, shu kunlarda Yaqin Sharqdan chiqib ketish 350 ming dollarga yetgani haqidagi xabarlar haqida aytishimiz mumkin. Soʻnggi maʼlumotlarga koʻra, Yaqin Sharqdan xavfsiz hududga yetib olish uchun 10 soatlik yoʻltanlamas mashina safari va xususiy samolyot uchun 350 ming dollar toʻlashga tayyor mijozlar navbati paydo boʻlgan.
Bizda esa mutlaqo boshqacha manzara: Prezidentimizning mehrli siyosati tufayli 10 mingga yaqin oʻzbekistonlik oʻz ona yurtiga begʻaraz olib kelindi. Bu ham mamlakatimizda inson qadri ulugʻlanayotgani, Oʻzbekistonning har bir fuqarosi doimo davlat himoyasida ekanini amalda namoyon etadi.
Shu oʻrinda hasratli bir xotira yodga tushdi. Bir zamonlar biz boshqa davlat fuqarolariga havas qilar edik. Ular oʻz davlati muhofazasida boʻlganidan, hamisha oʻzini magʻrur va xavotirsiz tutishidan oʻzimizni ulardan kam tutardik. Bugun koʻplab mamlakat fuqarolari oʻzbekistonliklarga, Oʻzbekiston Prezidentining insonparvar siyosatiga, oʻz fuqarolarini tashlab qoʻymaganiga havas qilmoqda. Xususan, Yaqin Sharqdan olib kelingan oʻzbekistonliklar borasida ijtimoiy tarmoqlar orqali ijobiy fikrlar bildirayotgan chet ellik insonlarning gap-soʻzlarini oʻzingiz ham koʻrib turibsiz.
Ulugʻ ayyom kunlarida amalga oshirilayotgan bunday ezgu chora-tadbirlar har birimizni qayta va qayta keng mushohada qilishga chorlaydi. Dunyo yangi-yangi tahlikalar qurshovida qolmoqda. Turli mojarolar tufayli begunoh odamlar, ayollar va bolalar halok boʻlyapti. Bunday hududlarda bir soatlik tinchlik, bir nafaslik osoyishta uyqu, farzandlaringiz bilan xotirjam nonushta qilish bir zumda armonga aylanib qolmoqda.
Bu qaygʻuli manzara bugun barchani jiddiy xulosalar qilishga undaydi. Xulosa qanday boʻlishini esa yurtdoshlarimiz yaxshi biladi, albatta.
Ulugʻbek ASROROV,
“Yangi Oʻzbekiston” muxbiri