Xotirlash insonning jamiyatdagi o'rni, ezgu, xizmatlariga munosabat demakdir. Zamondoshlari xotirasida yashayotgan inson ikkinchi umrini davom ettirayotgan bo'ladi. Muxlislari, shogirdlari qalb ko'ridan joy olish elu yurt ishqi bilan yongan, qalb ko'rini xalqiga baxsh etgan insonlarga nasib etadi.
Joriy yilning 18 dekabr kuni Toshkent shahar "Bilim" axborot kutubxona markazi tasarrufidagi Abdulhamid Sulaymon o'g'li Cho'lpon kutubxonasida "Oltin manbalarda nurlangan so'zlar” deb nomlanuvchi G'afur G'ulom hamda Muso Toshmuhammad o'g'li Oybek hayoti va ijodiga bag'ishlangan badiiy kecha bo'lib o'tdi. Tadbir mehmonlari: O'zbekiston yozuvchilar uyushmasidan bir qator shoir, tarjimon, hamda yozuvchilar: Davron Rajab, bolalar shoiri Dilshod Rajab, Shukrullo Abdullaev hamda Soyib Mirzo shular jumlasidandir. Shuningdek Respublika ma'naviyat va ma'rifat markazining Olmazor tumani bo'limi rahbari M.I. Alieva.
Tuman kengashi deputati, Olmazor tumani hokimining davlat tilini qonun hujjatlariga rioya etilishini ta'minlash masalalari bo'yicha maslaxatchisi N. Mirzaeva adiblarga oid ma'ruzalari bilan ishtirok etdilar.
Toshkent shahar" Bilim" AKM direktori Hafiza Karimova tadbirni ochib berar ekan, ikki buyuk ajdodlarimizning qoldirgan adabiy va boy ilmiy meroslaridan, nafaqat yoshlarning, balki ularning ijodiga katta qiziqish bilan qaragan butun dunyo kitobsevarlari o'zlariga ma'naviy ozuqa olayotganligini ta'kidlab o'tdi.
Ijodiy kecha davomida Olmazor tumani 219-maktab o'quvchilari adiblar ijodidan baxru bayt hamda "Asar qahramonlarini jonlantiramiz" loyihasi doirasida G'afur G'ulomning "Shum bola" asaridan parcha, sahna ko'rinishlarini namoyish etdilar. So'ng kitobxonlar o'zlari qiziqtirgan bolalar adabiyotiga oid fikr mulohazalari bilan yozuvchi va shoirlar bilan qizg'in suhbatlar bo'lib o'tdi.
Darhaqiqat, O'zbek adabiyotining XX asrda katta ijodiy dovonlarni zabt etishida Musa Toshmuhammad o'g'li Oybekning hamda G'afur G'ulomning xizmatlari, ayniqsa, kattadir. U ustozlari Abdulla Qodiriy va Cho'lponning eng yaxshi adabiy an'analarini davom ettirib, o'lmas nasriy va she'riy asarlari, ilmiy va adabiy-tanqidiy maqolalari bilan o'zbek adabiyoti va adabiyotshunosligini yangi taraqqiyot bosqichiga olib chiqdi.
Bu ikki adib asarlari bir maktabdir desak, mubolag'a bo'lmas. Bizning ziyo maskanimiz ham shunday daho bobolarimizning nodir asarlarini o'quvchi yoshlarimizga va kitobxonlarga targ'ib qilib, ularning ijodiyotidan ilhom olish va bahramand bo'lishlari uchun asosiy bilim dargohi vazifasini o'tab kelayotganini aytib o'tish o'rinlidir.
D.AZIMOVA,
Toshkent shahar "Bilim" AKM o'quv zallari sektor mudiri