Oʻzbekistonlik chavandozlar uchta medalni qoʻlga kiritdi

    Musobaqaning keyingi 3 bosqichida yurtdoshlarimiz gʻalaba qozona olishsa, kelasi yil oʻtadigan Jahon kubogining final bosqichiga yoʻl olishadi.

    Poytaxtimizda ot sportining konkur yoʻnalishi boʻyicha “Eurasia league Tashkent 2023” xalqaro turniri oʻz yakuniga yetdi.

    Milliy Olimpiya qoʻmitasi maʼlumotiga koʻra, musobaqaning soʻnggi kunida sportchilar asosiy yoʻnalish — Gran-pri dasturida bahs olib borishdi. Quvonarlisi, balandligi 150 santimetrni tashkil etgan toʻsiqlardan sakrash yoʻnalishida barcha sovrinli oʻrinlar hamyurtlarimizga nasib etdi.

    Bellashuvlar yakunida oltin medalni tajribali chavandozimiz Bekzod Qurbonov qoʻlga kiritdi. “Matts V.G.” laqabli tulpori bilan turnirda ishtirok etgan Bekzod masofani 90.93 soniya ichida jarima ochkolarisiz bosib oʻtishga muvaffaq boʻldi.

    Undan keyingi oʻrin ham vatandoshlarimiz Saidamirxon Turgʻunboyev va Nurjan Tuyakbayevga nasib qildi.

    Qayd etish joiz, musobaqaning keyingi 3 bosqichida yurtdoshlarimiz gʻalaba qozona olishsa, kelasi yil oʻtadigan Jahon kubogining final bosqichiga yoʻl olishadi.

    Ahamiyatlisi, musobaqaning ikkinchi bosqichiga ham poytaxtimiz mezbonlik qiladi. Bellashuvlar 27-30-aprel kunlari oʻtkaziladi.