Surxondaryoda nochor oilaga toʻliq jihozlangan 5 xonali uy xayriya qilindi — “Vaqf” fondi

    “Vaqf” fondi ramazon oyida 772 million soʻmdan ortiq xayriya kelib tushganini maʼlum qildi.

    Ramazon oyi boshidan to bugungi kungacha saxovatpesha insonlardan “Vaqf” fondiga 772 million soʻmdan oshiq xayriya kelib tushdi. Bu haqda AOKAda oʻtkazilgan brifingda “Vaqf” fondi rahbari vazifasini bajaruvchi Ziyovuddin Mirsodiqov maʼlum qildi.

    Maʼlum qilinishicha, oʻtgan hafta davomida respublikamiz boʻylab 312 ta oilaga 58 150 000 soʻmlik oziq-ovqat mahsulotlari, moddiy koʻmakka muhtoj 37 nafar fuqarolarga 66 600 000 soʻm pul mablagʻlari xayriya qilingan boʻlsa, 700 dan ortiq hamyurtlarimiz uchun iftorlik dasturxonlari yozildi.

    Ramazon oyining ikkinchi haftasi davomida fond tomonidan aholining ijtimoiy koʻmakka muhtoj qatlami va diniy taʼlim muassasalari ustoz va talabalari uchun 111 million 720 ming soʻmlik xayriya ishlari amalga oshirildi.

    Oʻtgan hafta davomida fondning Surxondaryo viloyati filiali tashabbusi bilan homiylarni jalb qilgan holda viloyatdagi boshpanasiz, nochor oilaga 5 xonali uy qurib bitkazilib, toʻliq jihozlangan holda xayriya qilindi.

    Umumiy hisobda Ramazon oyi boshidan bugunga qadar 632 ta oilaga 109 730 000 soʻmlik oziq-ovqat mahsulotlari, 49 nafar fuqaroga 67 600 000 soʻmlik pul mablagʻlari xayriya qilinib, 1200 nafardan ortiq hamyurtlarimiz uchun iftorlik dasturxonlari yozildi. Oy davomida jami 333 million 830 ming soʻmlik xayriya ishlari amalga oshirildi.

    Oʻtgan hafta davomida saxovatpesha hamyurtlarimiz tomonidan fondga jami 348 millionn 750 ming soʻm miqdoridagi zakot, xayriya va ehsonlar kelib tushdi. Muborak oy boshidan bugunga qadar esa fond xisob rakamiga 772 million 390 ming soʻm qabul qilindi.