Qarorga koʻra, 2026-yil 1-iyundan Oʻzbekiston va hamkor davlatlar oʻrtasida suv hamda salqin ichimliklarga nisbatan raqamli markirovka kodlarini oʻzaro tan olish joriy etiladi.

Soliq qoʻmitasi hamkor davlatlarning raqamli markirovka kodlarini Oʻzbekiston hududida tan olish boʻyicha vakolatli organ hisoblanadi.

“Asl belgisi” mahsulotlarini markirovkalash va kuzatib borish milliy axborot tizimi operatori raqamli markirovka maʼlumotlarini qabul qilish, qayta ishlash, saqlash va himoya qilishni taʼminlaydi.

Oʻzbekiston hududida shakllantiriladigan va muomalada boʻladigan raqamli markirovka maʼlumotlari Oʻzbekiston hududida joylashgan data-markazlar doirasida saqlanshi va qayta ishlanishi shart.

Tovarlarning raqamli markirovkasi toʻgʻrisidagi maʼlumotlar xorijiy davlat organlari va boshqa tashkilotlarga xalqaro shartnomalar asosida hamda axborot xavfsizligi talablariga rioya etilgan holda uzatiladi.