14-aprel kuni Markaziy saylov komissiyasining navbatdagi majlisi boʻlib oʻtdi. Majlis kun tartibidan Oʻzbekiston Respublikasining referendumi davrida jamoat tartibini saqlash va jamoat xavfsizligini taʼminlash, nogironligi boʻlgan shaxslarning ovoz berish huquqlarini taʼminlash, ommaviy axborot vositalari vakillarini akkreditatsiyadan oʻtkazish, Oʻzbekiston Respublikasining referendumiga tayyorgarlik koʻrish va uni oʻtkazish yuzasidan ayrim okrug komissiyalari raislarining axborotlari toʻgʻrisidagi masalalar oʻrin oldi.
Majlisda Oʻzbekiston Respublikasi referendumi davrida jamoat tartibini saqlash va jamoat xavfsizligini taʼminlash yuzasidan chora-tadbirlar muhokama qilindi, Ichki ishlar vazirligi va Milliy gvardiya boʻlinmalarining bu yoʻnalishdagi qator vazifalari belgilab berildi. Shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasi referendumida nogironligi boʻlgan shaxslarning ovoz berish huquqlarini taʼminlashga doir chora-tadbirlar yuzasidan qaror qabul qilindi. Unga koʻra, Oʻzbekiston Respublikasi referendumida ovoz berish byulletenini toʻldirish uchun Brayl alifbosi asosida tayyorlanadigan trafaret namunasi va tavsifi tasdiqlandi va koʻzi ojiz va zaif koʻruvchi ovoz beruvchi fuqarolar referendum byulletenida oʻz xohish irodasini mustaqil ifoda eta olishlari uchun har bir referendum uchastkasi trafaret bilan taʼminlanishi belgilandi.
Nogironligi boʻlgan ovoz beruvchi fuqarolarga qulay boʻlishi uchun ovoz berish jarayonlarini binoning birinchi qavatida oʻtkazishga alohida eʼtibor qaratilishi, bosma, koʻrgazmali, audiovizual va boshqa tashviqot materiallarini tayyorlash va tarqatish orqali referendum tashviqotini olib borishda nogironligi boʻlgan fuqarolarning alohida ehtiyojlarini inobatga olish taʼkidlab oʻtildi. Imkoniyati cheklangan ovoz beruvchi fuqarolar referendum uchastkalarida referendumga oid maʼlumotlar, plakatlar bilan tanishishi hamda oʻzlari lozim deb topgan variant uchun erkin, toʻsiqlarsiz va yashirin ovoz berishi uchun sharoit yaratilishi qayd etildi.
Ommaviy axborot vositalari vakillarini akkreditatsiyadan oʻtkazish yuzasidan qabul qilingan qarorga muvofiq 144 nafar mahalliy hamda 11 nafar xorijiy ommaviy axborot vositalari vakillari akkreditatsiya qilindi. Umumiy hisobda akkreditatsiyadan oʻtkazilgan mahalliy va xorijiy ommaviy axborot vositalari vakillarining soni 651 nafarni tashkil etmoqda.
Kun tartibiga muvofiq, majlisda davomida referendum oʻtkazuvchi 2-Andijon, 11-Fargʻona okrug komissiyalari raislarining referendumga tayyorgarlik koʻrish va uni yuqori tashkiliy darajada oʻtkazish borasida amalga oshirilayotgan ishlari xususida axboroti tinglandi, deb xabar beradi Markaziy saylov komissiyasi matbuot xizmati.