Toshkent shahar bolalar koʻp tarmoqli shifoxonasi foydalanishga topshirildi. Yangi muassasaning tantanali ochilish marosimida Sogʻliqni saqlash vaziri vazifasini bajaruvchi Asilbek Xudayarov, Toshkent shahar hokimi oʻrinbosarlari Durdona Rahimova hamda Shahnoza Sultanova, shahar sogʻliqni saqlash boshqarmasi, tuman tibbiyot birlashmalari masʼullari va boshqalar ishtirok etdi.
500 oʻringa moʻljallangan ushbu markazda bolalarga barcha turdagi yuqori malakali tibbiy xizmatlar koʻrsatiladi.
Xususan, muassasada otolaringologiya, travmatologiya va ortopediya, somatika, nefrologiya va gemodializ, nevrologiya, reabilitatsiya, palliativ yordam, gastroenterologiya, yuqumli kasalliklar, jonlantirish va diagnostika boʻlimlari hamda laboratoriya mavjud.
Markazning diagnostika boʻlimi magnitli rezonans tomograf (MRT), multispiral kompyuter tomografi (MSKT), raqamli rentgen, ultratovush tekshiruv apparati (UTT) kabi zamonaviy tibbiy asbob-uskunalar bilan jihozlangan.
Shoshilinch yordamga muhtoj bemorlarga zarur yordam koʻrsatish maqsadida bu yerda “Emergency room” xonalari ham tashkil etilgan.