“Vodorod energetikasi texnologiyalari ilmiy-amaliy innovatsion markazi”ni tashkil etish muhokama qilindi

    Fan 28 Avgust 2020 6528

    Bugun, 28-avgust kuni Innovatsion rivojlanish vazirligi hamda Energetika vazirligi mutaxassislari hamkorligida energetika sohasida hamkorlikda amalga oshirilayotgan loyihalar, ilm-fan va innovatsiya yoʻnalishlari boʻyicha ikki tomonlama aloqalarini kuchaytirish, kelajakda amalga oshirilishi mumkin boʻlgan ishlarni muhokamasiga bagʻishlangan yigʻilish boʻlib oʻtdi.

    Suhbat davomida respublikada vodorod energetikasini rivojlantirish masalasi muhokama qilindi. Taʼkidlash joizki, ekologik muammolarning kuchayishi, uglevodorod zahiralarining kamayishi, ekologik sof energiya manbalariga talabning ortishi, texnologiyalar (xususan, nanotexnologiyalar)ning rivojlanishi sababli dunyoda vodorod energetikasi sohasida izlanishlarni kengaytirish uchun kuchli turtki boʻldi. Mazkur izlanishlarning aksariyati, hozirda boshlanish davrini oʻtayotgani munosabati bilan, ilmiy-tadqiqotlar va tajriba konstruktorlik ishlariga yetarli eʼtibor berilsa, mamlakatimiz vodorod energetikasi boʻyicha dunyoda oʻziga xos mavqeni egallashi mumkin.

    Shu munosabat bilan, Innovatsion rivojlanish vazirligi Energetika vazirligi, Iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish vazirligi, Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi va Fanlar akademiyasi bilan hamkorlikda “Vodorod energetikasi texnologiyalari ilmiy-amaliy innovatsion markazi”ni tashkil etish toʻgʻrisidagi taklifi ishlab chiqildi.

    Tashkil etilishi rejalashtirilgan markaz respublikadagi ilmiy va oliy taʼlim muassasalarining sohani rivojlantirish borasidagi imkoniyatlarini birlashtirishi, tadqiqotlar olib borish uchun poligon yaratishi, horijiy ilgʻor ilmiy markazlar bilan hamkorlik qilish imkoniyatlarini oshirish, doktorantlar, talabalar va magistrlar uchun amaliyot oʻtish bazasi boʻlib xizmat qilishi koʻzda tutilgan.

    Oʻzbekiston Respublikasining energiya tizimiga oʻzgaruvchan qayta tiklanuvchi energiya manbalarining taʼsirini oʻrganish boʻyicha respublika energiya tizimida ish olib boruvchi tashkilotlar — Energetika vazirligi, Fanlar akademiyasi, “Oʻzbekiston milliy elektr tarmoqlari” AJ va KDS “Energiya” mutaxassislari tarkibidan iborat ishchi guruh AQSHning USAID agentligining “Power the Future” mintaqaviy dasturi amaliy yordami bilan onlayn-treninglar asosida bir qancha tadqiqotlarni olib bormoqda.

    Iqlim oʻzgarishi toʻgʻrisidagi doiraviy konvensiyasi Oʻzbekiston Respublikasida Parij kelishuvini ratifikatsiya qilinishi mamlakat uchun bir qancha majburiyatlarni belgilab qoʻydi. Shu munosabat bilan, Innovatsion rivojlanish vazirligi tashabbusi bilan Oʻzbekiston Respublikasida chiqarib yuborilayotgan issiqlik, yoʻldosh va fakel gazlari salohiyatini hamda foydalanishga muvofiqliligini oʻrganish, yoqilgʻisiz qoʻshimcha energiyani ishlab chiqarishda ikkilamchi energiya resurslardan foydalanish imkoniyati oʻrganilmoqda.

    Yoqilgʻi-energetika tarmogʻini innovatsion rivojlantirish va sohada ilmiy-tadqiqot ishlanmalarini qoʻllab-quvvatlashga qaratilgan davlat ilmiy-texnika dasturlari doirasida loyihalar tanlovlari oʻtkazilmoqda. Ilmiy faoliyatga oid davlat dasturlari doirasidagi loyihalar tanlovi natijalariga koʻra “Sanoat korxonalarining energiya isteʼmoli monitoringi uchun avtomatlashtirilgan dasturiy mahsulot yaratish” mavzusidagi innovatsion loyiha yillik 460,0 mln soʻm hajmda moliyalashtirilmoqda.

    Tanlovga kelib tushgan boshqa loyihalar boʻyicha tanlov bosqichlari yakuniga yetkazilmoqda. Energetika vazirligi tomonidan ilmiy faoliyatga oid davlat dasturlari doirasida oʻtkaziladigan loyihalar tanlovi uchun joriy yilning 1-avgust holatiga koʻra umumiy qiymati 39,3 mlrd. soʻm boʻlgan jami 24 ta tematik loyiha mavzulari taqdim etilgan. Ushbu mavzular oʻrnatilgan tartibda ekspertizadan oʻtkazilib, ijobiy baholangan tematik mavzular boʻyicha tanlov eʼlon qilinadi.