Aholini roʻyxatga olish bu — mamlakat aholisining muayyan vaqtdagi “fotosurati”ni olish imkonini beruvchi umumdavlat miqyosidagi keng koʻlamli tadbir boʻlib, aholi toʻgʻrisidagi ishonchli axborot manbai hisoblanadi.
Aholini roʻyxatga olishda har bir fuqaroning maʼlumotlari muhim ahamiyatga ega boʻlib, avvalo, aholining aniq soni, yoshi, jinsi, fuqaroligi, milliy tarkibi, oilaviy ahvoli, maʼlumoti, uy-joy bilan taʼminlanganlik darajasi, bandligi, daromad manbalari kabi koʻrsatkichlar boʻyicha batafsil maʼlumot toʻplanadi.
Aholini roʻyxatga olishning huquqiy asosi boʻlib, 2020-yil 16-martda qabul qilingan “Aholini roʻyxatga olish toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuni xizmat qiladi. Mazkur qonun aholini roʻyxatga olish boʻyicha mustaqillik yillarida qabul qilingan ilk qonun boʻlib, aholini roʻyxatga olish sohasidagi munosabatlarni tartibga soladi.
Mazkur qonunning ijrosini samarali tashkil etish maqsadida, 2020-yilning 11-noyabr kuni Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Oʻzbekiston Respublikasida 2023-yilda aholini roʻyxatga olishga tayyorgarlik koʻrish va uni oʻtkazish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi 710-son qarori qabul qilindi.
Ushbu qarorga binoan Oʻzbekiston Respublikasida aholini roʻyxatga olish tadbiri 2023-yilning 1-25-noyabr kunlari oʻtkaziladi. Shuningdek, aholini roʻyxatga olish jarayoni va barcha meʼyoriy hujjatlarni sinovdan oʻtkazish maqsadida 2021-yilning 1-25-noyabr kunlari Andijon viloyatining Xoʻjaobod tumani, Toshkent viloyatining Yuqori Chirchiq tumani, Xorazm viloyatining Xiva shahri hamda Toshkent shahrining Yashnobod tumanida sinov tariqasida aholini roʻyxatga olish tadbiri oʻtkazilishi belgilandi.
Sinov tariqasida aholini roʻyxatga olishning maqsadi — aholini roʻyxatga olish uchun ishlab chiqilgan uslubiy qoʻllanmalar, soʻrovnoma shakllaridagi savollar, tashkiliy ishlar, dasturiy taʼminot va texnologiyalarni sinovdan oʻtkazishdan iborat.
Sinov jarayonlarida aniqlangan barcha xato va kamchiliklarni bartaraf etish yuzasidan tegishli choralar koʻriladi. Shuning uchun ham sinov tariqasida aholini roʻyxatga olish tadbiri asosiy tadbirdan kamida ikki yil oldin oʻtkaziladi.
Sinov tariqasida aholini roʻyxatga olishga puxta tayyorgarlik koʻrish maqsadida 2021-yil may oyida sinov hududlarida kadastr organlari tomonidan tayyorlangan mahallalarning xaritalari uy-joylar roʻyxatini tuzuvchi xodimlar (registratorlar) tomonidan joyiga chiqqan holda haqiqiy holatga mosligi oʻrganilib, uy-joylar roʻyxati tuzib chiqildi hamda uyma-uy yurgan holda aholi soniga aniqlik kiritilib, xonadonlar roʻyxati yangilandi.
Mazkur ishlar uchun jami 175 nafar (Xoʻjaobod tumanida 35 nafar, Yuqori Chirchiq tumanida 37 nafar, Xiva shahrida 22 nafar va Yashnobod tumanida 81 nafar) registratorlar statistika, kadastr, mahalla va uy-joy fondidan foydalanuvchi tashkilotlar xodimlari orasidan hududiy komissiyalar tomonidan tanlab olindi. Tanlab olingan registratorlar joriy yilning 28-30-aprel kunlari Davlat statistika qoʻmitasi mutaxassislari tomonidan maxsus dastur asosida oʻqitilib, tanlanma ravishda mahallalarga chiqqan holda ularning amaliy koʻnikmalari oshirildi.
Hozirgi kunda 4 ta hudud boʻyicha ishlab chiqilgan tashkiliy rejaga muvofiq, mahallalarda aholini roʻyxatga olish jarayonlarini tashkil etish va nazorat qilishga moʻljallangan roʻyxatga olish uchastkalari tashkil etilmoqda. Jami boʻlib 100 ta, shundan, Xoʻjaobod tumanida 11 ta, Yuqori Chirchiq tumanida 13 ta, Xiva shahrida 7 ta va Yashnobod tumanida 19 ta roʻyxatga olish uchastkalari tashkil etilmoqda.
Shuningdek, har 5 nafar roʻyxatga oluvchi ishini nazorat qilib boruvchi instruktorlik uchastkalari tashkil etilmoqda. Bular, Xoʻjaobod tumanida 56 ta, Yuqori Chirchiq tumanida 68 ta, Xiva shahrida 36 ta va Yashnobod tumanida 94 tani tashkil etadi.
Mazkur uchastkalar uchun mahalliy hokimliklar tomonidan zarur vositalar bilan jihozlangan bino yoki xonalar ajratilmoqda.
Shu bilan birga, hozirda aholini roʻyxatga olish jarayonlariga vaqtincha jalb etiladigan xodimlarni tanlab olish ishlari davom etmoqda. Roʻyxatga olish jarayonlariga jami boʻlib 1900 nafarga yaqin xodim jalb etilishi rejalashtirilgan. Bular, Xoʻjaobod tumanida 413 nafar, Yuqori Chirchiq tumanida 506 nafar, Xiva shahrida 268 nafar va Yashnobod tumanida 698 nafarni tashkil etadi.
Aholini roʻyxatga olishning rasmiy aholi.stat.uz veb-sayti ishga tushirildi. Unda aholini roʻyxatga olishga tayyorgarlik koʻrish va uni oʻtkazish bilan bogʻliq meʼyoriy-huquqiy hujjatlar, uslubiy qoʻllanmalar va nashrlar joylashtirilib, tayyorgarlikning “qaynoq” jarayonlari yoritib borilmoqda.
Aholini roʻyxatga olishga puxta tayyorgarlik koʻrish maqsadida Davlat statistika qoʻmitasi tomonidan muntazam ravishda onlayn seminarlar va davra suhbatlari tashkil etilib, aholini roʻyxatga olish jarayoniga oid maʼlumotlar eʼlon qilib kelinmoqda. Bu kabi tadbirlar ommaviy axborot vositalarida ham keng yoritilmoqda.