Buxoro viloyatining olis choʻl hududlarida yoʻqolib ketish xavfi ostida turgan va noyob boʻlgan yoʻrgʻa tuvaloqlarni qoʻyib yuborish anʼanaga aylangan.
Har yili 3-4 mingga yaqin qushlar Birlashgan Arab Amirliklariga qarashli boʻlgan "Amirliklarning yoʻrgʻa tuvaloqni asrash markazi"da koʻpaytirilyapti. Maʼlumotlarga koʻra, bu yerda inkubatsiya usulida yetishtirilayotgan tuvaloqlar yovvoyi tabiatda yashash, oʻzlarining ozuqalarini topish, yirtqich hayvonlarni tanib olish va ulardan oʻzlarini himoyalash koʻnikmalariga ham ega boʻlishadi.
Maʼlumot uchun, tuvaloq qush naslchilik markazi 2007-yilda tashkil etilgan boʻlib, birinchi nasldor qushlarni chiqarish uchun tuxumlar viloyat hududidagi choʻllardan yigʻib olingan edi. Tabiatga hech qanday taʼsir oʻtkazmagan holda tuxumlar mavsumda imkon qadar erta toʻplandi.
Loyiha ilmiy dalillarga muvofiq, yaʼni tutqinlikda koʻpaytirish va ozod qilish raqamlari bilan barqaror tamoyilga asoslangan. Qushlarning qoʻyib yuborilishi har yili erta bahorda yoki kuzda, sentyabr oyining oʻrtalarida amalga oshiriladi. Bu yilgi kuz mavsumida tuvaloqlarning 1500 tasini tur uchun maqbul deb hisoblangan hududlarga qoʻyib yuborildi.
Ahamiyatli tomoni, tuvaloqlarga ularning tarqalishi, omon qolishi va yovvoyi populyatsiyaga integratsiyalashuvini vaqti-vaqti bilan oʻrganishni davom ettirish uchun sunʼiy yoʻldosh transmitterlari oʻrnatib chiqilgan.
Albatta, bugungi kunda istiqbolli loyihani amalga oshirishda oʻzaro hamkorlik ham muhim ahamiyat kasb etyapti.
Buxorodagi ushbu markazda kelgusida qush turlarini koʻpaytirish, noyob sanalgan jonzotlarni ona tabiat bagʻriga qoʻyib yuborish, bu orqali flora va fauna dunyosini qayta tiklash boʻyicha ham rejalar ishlab chiqilmoqda.