Butunjahon tozalik kunida Oʻzbekiston 55,7 tonna chiqindidan tozalandi

    Respublikamizning barcha hududlarida “World Cleanup Day” (“Butunjahon Tozalik Kuni”) munosabati bilan “Hayot uchun joy ajrating” shiori ostida ommaviy plogging eko-aksiyasi oʻtkazildi.

    Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi vazirligi hamda uning huzuridagi Chiqindilarni boshqarish va sirkulyar iqtisodiyotni rivojlantirish agentligi tomonidan “Coca-cola” va “Yandex Uzbekistan” kompaniyalari hamda “Oʻzsanoatqurilishbank” hamkorligida oʻtkazilgan xalqaro aksiya davomida hududlar jami 55,7 tonna chiqindidan tozalandi.

    Maʼlumot uchun, “World Cleanup Day” 2018-yildan beri oʻtkaziladi. Unda shu paytga qadar 211 davlatdan 114 mln kishi ishtirok etgan. Har yili dunyo boʻylab keng nishonlanadigan ushbu eko-sanada Oʻzbekistonda ham soha xodimlari, eko-faollar, yoshlar, jamoatchilik vakillari ishtirokida plogging aksiyalari oʻtkazib kelinmoqda. Bu eko-tabdirlar orqali aholi gavjum hududlarni chiqindilardan tozalash anʼanaga aylangan.

    Aksiya davomida vazirlik va agentlik mutasaddilari, sektorlar masʼullari, Toshkent viloyati va shahri boshqarmalari hamda tizim tashkilotlar vakillari, yoshlar, eko-faollar, ommaviy axborot vositalari vakillari Toshkent dengizi sohilidagi belgilangan hududni chiqindilardan tozalashdi.

    Chiqindilarni boshqarish agentligi direktori Sharifbek Hasanov esa chiqindilar sektori iqlim oʻzgarishi, bioxilma-xillikning nobud boʻlishi hamda atrof-muhitning ifloslanishiga sabab boʻlayotganligini qayd etdi.

    «Statistik maʼlumotlarga koʻra, mamlakatimizda bir kunda 19-20 ming tonna chiqindi hosil boʻlmoqda. Chiqindilar turli xil metallar, shisha idishlar, qogʻoz, plastik va oziq-ovqat mahsulotlarining qoldiqlaridan iborat. Birgina 2024-yilda respublikada yigʻilgan jami 14 mln tonna chiqindilarning faqat 5,2 foizi qayta ishlangan», — deya taʼkidladi u.

    Plogging davomida Toshkent dengizi sohili boʻyida 962 kg chiqindi yigʻildi. 200 kg plastik idish qayta ishlash uchun yuborildi. Yakunda Oʻrmon xoʻjaligi agentligi jamoasi 1-oʻrinni (223 kg chiqindi), “Yosh ekologlar jamoasi” 2-oʻrinni (175 kg chiqindi) va Toshkent viloyati “Toza hudud” korxonasi jamoasi 3-oʻrinni (155 kg chiqindi) egalladi.

    Bundan tashqari, yosh eko-faol rassomlar tomonidan atrof-muhitni ozoda saqlashga doir suratlar chizildi. Tadbir yakunida gʻolib va sovrindor jamoalar, faol ishtirokchilar hamda hamkor tashkilotlar munosib taqdirlandi.

    Maʼlumot uchun, Oʻzbekistonda oʻtgan yili “World cleanup day” xalqaro eko-aksiyasi doirasida hududlar jami 36,5 tonna chiqindidan tozalangan.

    Bu kabi tadbirlar har birimizda tabiatga daxldorlik hissini uygʻotib, ekologik barqarorlikni taʼminlash hamda isteʼmol va ishlab chiqarishning oqilona modellariga oʻtish orqali chiqindini aylanma iqtisodiyotning muhim boʻlagiga aylantirishga xizmat qiladi.