Sobitxon TURGʻUNOV,
Namangan Davlat universiteti rektori, pedagogika fanlari doktori, professor:
“Tarbiya –biz uchun yo hayot, yo mamot, yo najot, yo halokat, yo saodat, yo falokat masalasidir”. Abdulla Avloniyning tarbiya mavzusidagi dolzarb soʻzlari zamirida hayotiy haqiqat mujassam. Darhaqiqat, kelajak avlodni sogʻlom va bilimli etib tarbiyalash millatning ertangi kunini yaratishdir. Mana shunday ezgu maqsad yoʻlida bugun mamlakatimizda taʼlim tizimiga katta eʼtibor qaratilmoqda. Yangicha dunyoqarashni shakllantirish, taʼlim jarayonlariga innovatsiyalarni jalb etish, xorij amaliyotini chuqur oʻrganish, soha vakillarini qoʻllab-quvvatlash, ular mehnatini munosib ragʻbatlantirish, oliy taʼlim tizimi va umumiy oʻrta taʼlim maktablari bilan mustahkam aloqa oʻrnatish dolzarb mavzuga aylangani barchamizga ayon. Buni Prezidentimizning tizimga oid Farmon va qarorlari qabul qilinayotganida koʻrish mumkin. Muhimi, ularning ijrosini soʻzsiz taʼminlashga intilish bor. Jumladan, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Oʻzbekistonning yangi taraqqiyot davrida taʼlim-tarbiya va ilm-fan sohalarini rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Farmonida oliy taʼlim tizimida bajarilishi lozim boʻlgan ishlarning qonuniy asoslari belgilandi. Namangan Davlat universitetida bugungi kunda 600 nafardan ortiq professor-oʻqituvchilar faoliyat yuritmoqda. Ular tajribasidan samarali foydalanish imkoniyati mavjud. Talabalar soni esa 20 ming nafarga yaqinlashayotgani universitet nufuzining tobora ortib borayotganidan dalolat. Ularga eng zamonaviy usullarda taʼlim berish oliy maqsadimizdir. Farmonda qayd etilganidek, xorijiy davlatlardagi oliy taʼlim muassasalari tajribasidan keng foydalanish, xorijiy tillarda oʻqitish amaliyotiga oʻtish, kredit-modul tizimini yana-da rivojlantirish borasida bir qator ishlar amalga oshirildi. 5 ta taʼlim yoʻnalishida 9 ta akademik guruhlar shakllantirildi. Jumladan, Turizm hamda Mehmonxona xoʻjaligini tashkil etish kabi yoʻnalishlardagi guruhlarda fanlar ingliz tilida olib borilib, ularning kasbiy koʻnikmalari oshiriladi.
Qolaversa, farmonda barcha oliy taʼlim tashkilotlarida axborot-resurs markazlari bazasidagi darslik, oʻquv-uslubiy va qoʻllanmalar raqamli formatga oʻtkazilishi belgilab qoʻyilgan. Hozirda universitetning axborot texnologiyalari markazi 245685 ta turli adabiyotlar, oʻquv qoʻllanmalar fondiga ega. Ayni paytda bu yerda raqamli formatga oʻtkazish ishlari boshlandi va yagona axborot qidiruv tizimi yaratiladi. Unda talaba va professor-oʻqituvchilar oʻzlariga kerakli boʻlgan turli adabiyotlarga onlayn buyurtma berib, elektron platformadan keng foydalanish imkoniyatiga ega boʻladilar. Farmondan kelib chiqib, talabalarga nazariy bilim bilan bir qatorda oʻz mutaxassisliklari boʻyicha amaliy jarayonlarga qatnashishlarining aniq chora-tadbirlar rejasi ishlab chiqildi. 2020-2021 oʻquv yilining 1-dekabridan boshlab universitetda 5 kunlik oʻqish kuni joriy etiladi. Shanba kuni “Amaliyot kuni” deb belgilanadi. Unga koʻra, har bir talaba oʻz hududidan kelib chiqqan holda mutaxassisliklari boʻyicha ishlab chiqarish korxonalariga, taʼlim tizimining boshqa boʻgʻinlariga jalb qilinadilar.
Bundan tashqari, taʼlim sifati, oʻqituvchilar malakasini yana-da oshirish maqsadida Namangan viloyat xalq taʼlimi boshqarmasi va Namangan davlat universiteti oʻrtasida hamkorlik memorandumi imzolandi. Bu orqali umumiy oʻrta taʼlim maktablariga chuqur kirib borish mexanizmi yaratildi. Oliy taʼlimga kirishda quyi koʻrsatgichlarga ega 206 ta umumiy oʻrta taʼlim maktablarida universitetning fan toʻgaraklari tashkil etildi. Fan toʻgaraklari faoliyati shundan iboratki, professor-oʻqituvchilar haftaning aniq belgilangan kunida oʻquvchilarga oliy va professional taʼlimga oʻzgacha yondoshuv dasturlari asosida bilim beradilar. Toʻgaraklar uchun kerakli boʻlgan zamonaviy moddiy-texnik jihozlar toʻliq universitet tomonidan taʼminlanadi. Bu maktab oʻqituvchilariga yaqindan koʻmak berish, ularning bilimini yana-da mustahkamlashdan iborat. Professor-oʻqituvchilarning ilmiy salohiyati va darajasi toʻgaraklarda taʼlim olayotgan yoshlarning oliy taʼlim tizimiga kirish natijasi bilan baholanadi hamda olayotgan maoshlariga 30 foiz ustama qoʻshib beriladi.
Shuningdek, maktabdagi magistratura yoʻnalishini tamomlagan yoki 5 yillik oliy taʼlim mutaxassislik diplomiga ega boʻlgan malakali oʻqituvchilar universitetda oʻrindoshlik asosida ishga jalb qilinishlari maktab va universitet hamkorligini yana-da kuchaytirishi aniq.
Shu bilan bir qatorda, universitet toʻgaraklarida faol ishtirok etgan, barcha fanlardan aʼlo baholarga oʻqigan yigit-qizlarga universitet stipendiyalari tayinlandi. Maqsad toʻgaraklarni nomiga yoʻlga qoʻyish emas, Davlatimiz rahbari aytganlariday, yoshlarga chuqur bilim berish hamda ularni katta hayotga tarbiyalashdir. Shuningdek, farmondagi xalq taʼlimi xodimlarining malaka oshirish jarayonini “Hayot davomida oʻqish” tamoyili asosida viloyatdagi 159 ta umumiy oʻrta taʼlim maktablarida universitetning metodik markazlari shakllantirilib, uning aniq chora-tadbirlari ishlab chiqildi hamda professor-oʻqituvchilar biriktirildi. Markazlarning asosiy vazifasi maktab oʻqituvchilarining bilim va malakasini oshirish, ularni qayta tayyorlov kurslarida oʻqitish va sertifikat bilan taʼminlash. Mazkur sertifikat ularni har 5 yilda oshirilishi kerak boʻlgan malakalari bilan teng hisoblanadi. Buning afzallik tomoni shundaki, endilikda oʻqituvchilar viloyat markaziga malaka oshirish uchun kelmaydilar. Oʻqituvchi dars jarayonlaridan ajralmagan holda oʻz malakasini oshirish imkoniyatiga ega boʻlayotgani albatta taʼlim sifatini oshishida muhimdir. Unda nafaqat bitta fan balki, pedagogik-psixologik metodlar, Prezident asarlari va farmonlari, siyosiy bilimlar chuqur oʻrgatiladi. Hozirda universitetda ishchi guruhi faoliyat yuritmoqda. Ishchi guruhiga masʼullar tayinlangan boʻlib, ular tumanlarda olib borilayotgan ishlarni tahliliy chuqur oʻrganib boradilar, axborot bazasi yaratiladi. Yana bir muhim jihat, universitetda olib borilayotgan ishlarni xolislik bilan yoritib borish maqsadida viloyatimizdagi OAV bilan keng hamkorlik qilish tadbirlar rejasiga kiritilgan.
Hozir universitetimizdagi har bir professor-oʻqituvchi Prezidentimiz tomonidan belgilab berilgan vazifalarni sidqidildan bajarib, kelgusi avlodning taʼlim-tarbiyasiga munosib hissa qoʻshish, chuqur bilim berish borasida mehnat qilish istagini bildirmoqda. Shu orqali “Namangan tajribasi” yaratiladi. Bu yoʻlda birdamlik, hamjihatlik, aniq rejalar asosida harakatlanish natija berishi, shubhasiz.
“Yangi Oʻzbekiston” gazetasining Namangandagi muxbiri
Orifjon JOʻRAYEV yozib oldi.