Ish haqi, pensiyalar va nafaqalar miqdori oshirilmoqda

Byudjet tashkilotlari xodimlarining ish haqi, pensiyalar va nafaqalar miqdori 7 foizga, BHM – 3 foizga oshmoqda. Mehnatga haq toʻlashning eng kam miqdori – oyiga 1 050 000 soʻm; pensiyani hisoblashning bazaviy miqdori – oyiga 372 000 soʻmni tashkil etadi.

Aholi va biznesdan bir qator maʼlumotlarni talab qilish toʻxtatiladi

Aholi va tadbirkorlik subyektlaridan 47 turdagi maʼlumotlarni talab qilish bekor qilinmoqda. Tegishli maʼlumotlarni “Raqamli hukumat”tizimi idoralararo integratsiyalashuv platformasida raqamli shaklda olish mumkin.

Olib chiqib ketiladigan naqd xorijiy valyutasi miqdori oshirilmoqda

Jismoniy shaxslar tomonidan olib kirilayotgan va olib chiqib ketilayotgan 100 mln soʻm ekvivalentidan ortiq miqdordagi milliy naqd valyuta va (yoki) naqd chet el valyutasi yoʻlovchi bojxona deklaratsiyasini toʻldirish va bojxona organi xodimiga taqdim etish yoʻli bilan bojxona nazoratidan oʻtkaziladi (ilgari bu miqdor 70 mln soʻmni tashkil etgan).

Ayrim davlat xizmatlari MIZ direksiyalari tomonidan koʻrsatiladi

Quyidagi davlat xizmatlari, YAIDXP va davlat xizmatlari markazlaridan tashqari, bevosita maxsus iqtisodiy zonalar direksiyasi tomonidan ham amalga oshiriladi:

  • investitsiya loyihalarini joylashtirish;
  • ishtirokchilarni roʻyxatga olish;
  • investitsiya loyihalarni amalga oshirish va ijara shartnomalarini imzolash.

Nasldor chorva mollariga QQS toʻlash tizimi oʻzgarmoqda

Chorvachilik xoʻjaliklari oʻz ehtiyoji uchun import qilgan nasldor qoramollarga hisoblangan QQSni Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish qoʻmitasining kafolati asosida 180 kun ichida toʻlab berish tizimi joriy etiladi.

“Tashqi reklama” raqamli monitoringi ishga tushiriladi

Reklama joyi pasportini shakllantiruvchi “Tashqi reklama” raqamli monitoring elektron tizimi ishga tushirilmoqda.

Auksion natijalari boʻyicha toʻlov hamda reklamani joylashtirish uchun yigʻim oʻrniga miqdori ochiq elektron auksion orqali aniqlanadigan yagona har oylik yigʻim kiritilmoqda.

Zilzilalar haqida erta ogohlantirish milliy tizimi ishga tushiriladi

Magnitudasi 5 va undan yuqori balli zilzilalar roʻyxatga olinganda “Kuchli zilziladan ogohlantirish” mobil ilovasi orqali aholiga qisqa soniyalarda respublikaning aniqlangan hududlarida kuchli zilzila kuzatilishi toʻgʻrisida tezkor xabarnoma yuboriladi.