Ushbu hujjat bilan soliq sohasiga oid bir qator normalar belgilanmoqda.
2021-yil 1-fevraldan mehnatga haq toʻlashning eng kam miqdori oyiga – 747 300 soʻm, bazaviy hisoblash miqdori – 245 000 soʻm etib belgilandi.
Shuningdek, 2021-yil 1-yanvardan ijtimoiy soliq tushumlari
– byudjet tashkilotlari boʻyicha – byudjetdan tashqari Pensiya jamgʻarmasiga 99,2 foiz, Bandlikka koʻmaklashish davlat jamgʻarmasi va Oʻzbekiston Kasaba uyushmalari federatsiyasi kengashiga 0,4 foizdan taqsimlanadi;
– boshqa toʻlovchilar boʻyicha byudjetdan tashqari Pensiya jamgʻarmasiga 98,4 foiz, Bandlikka koʻmaklashish davlat jamgʻarmasi va Oʻzbekiston Kasaba uyushmalari federatsiyasi kengashiga 0,8 foizdan taqsimlanadi.
Daromadlar prognozining oshirib bajarilgan qismi toʻliq hajmda (jismoniy shaxslardan olinadigan daromad soligʻi, QQS (yirik soliq toʻlovchilar tomonidan toʻlanadigan QQS bundan mustasno) foyda soligʻi (yirik soliq toʻlovchilar tomonidan toʻlanadigan QQS, Oʻzbekistonda doimiy muassasalar orqali faoliyat yuritadigan Oʻzbekiston norezidentlarining toʻlov manbaida ushlab qolinadigan daromadlaridan toʻlanadigan foyda soligʻi bundan mustasno) Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar byudjetida qoldiriladi.
Bundan tashqari, 2021-yilda ham Davlat soliq qoʻmitasi tomonidan belgilangan hollarda soliq hisobotlarini taqdim etish muddatlarini besh kundan koʻp boʻlmagan muddatga kechiktirganlik uchun soliq toʻlovchilarga jarima solinmaydi.
2021-yil 1-yanvardan:
– “Navoiy kon-metallurgiya kombinati” DK va “Olmaliq kon-metallurgiya kombinati” AJga yer qaʼridan foydalanganlik uchun soliq stavkasi oltin, palladiy, kumush va mis boʻyicha 15 foiz miqdorida belgilandi;
– “Navoiy kon-metallurgiya kombinati” DK va “Olmaliq kon-metallurgiya kombinati” AJ uchun foyda soligʻi stavkalari rentabellik darajasidan kelib chiqib belgilanadi.
2021-yil 1-aprelgacha Qishloq xoʻjaligi vazirligi Kadastr agentligi va boshqa tegishli davlat idoralari bilan birgalikda qishloq xoʻjaligi yerlari bor yuridik shaxslar, jumladan dehqon xoʻjaliklariga yerlarni soliqqa tortish uchun normativ qiymatlarni yetkazadi.
Davlat soliq qoʻmitasiga 2021-yilda ajratilgan mablagʻlar doirasida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 30-oktyabrdagi “Yashirin iqtisodiyotni qisqartirish va soliq organlari faoliyati samaradorligini oshirish boʻyicha tashkiliy chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi PF-6098-son Farmonida koʻzda tutilgan onlayn nazorat-kassa mashinalarining cheklari asosida sovrinli oʻyinlarni 2021-yilda oʻtkazishga ruxsat etildi.
Mazkur hujjat ilovasida foyda soligʻi toʻliqligicha respublika byudjetiga yoʻnaltiriladigan 86 ta yirik soliq toʻlovchi korxona roʻyxati ham keltirilgan.
DSQ Matbuot xizmati









