Markaziy bank aholidan chiptalar, barcha turdagi kommunal xizmatlar, davlat boji va boshqa xizmatlar uchun toʻlovlarni amalga oshirishda olinadigan komissiyalarning eng yuqori miqdorini belgilashni taklif qilmoqda.

1-maydan komissiya toʻlovchidan emas, balki toʻlov summasidan chegirib tashlash yoʻli bilan undiriladi.

Unga koʻra, komissiyaning maksimal miqdorini BHMning 20 foizidan koʻp boʻlmagan miqdorda (60,6 ming soʻm) belgilash rejalashtirilmoqda.

Mazkur tartib quyidagi holatlarda amal qiladi:

  • barcha turdagi davlat bojlari va maʼmuriy jarimalar uchun toʻlovlar;
  • davlat xizmatlari markazlari tomonidan, shu jumladan Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali koʻrsatilgan davlat xizmatlari uchun toʻlovlar;
  • maktabgacha taʼlim tashkilotlariga, umumiy oʻrta, oʻrta maxsus, kasb-hunar, oliy taʼlim muassasalariga, shuningdek oliy oʻquv yurtidan keyingi taʼlim, qayta tayyorlash, malakasini oshirish va sogʻliqni saqlash muassasalariga toʻlovlar;
  • barcha turdagi kommunal xizmatlar uchun toʻlovlar;
  • Majburiy ijro byurosi organlari tomonidan undiriladigan sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlarini ijro etish uchun toʻlovlar;
  • E-auksion elektron savdo platformasi va K-Savdo avtomatlashtirilgan axborot tizimiga toʻlovlar;
  • aviatsiya, temiryoʻl va jamoat transportining boshqa turlarida sayohat qilishda chiptalar sotib olish uchun toʻlovlar.

Kelajakda ushbu roʻyxatga qoʻshimcha toʻlov turlari kiritilishi ham mumkin.

1-maydan chiptalar, barcha turdagi kommunal xizmatlar, davlat boji va boshqa xizmatlar uchun toʻlovlarni amalga oshirishda olinadigan komissiya toʻlovchidan emas, balki toʻlov summasidan chegirib tashlash yoʻli bilan undiriladi