Forum muhiti va uning sermazmun biznes dasturi ishonchli muloqotni, konstruktiv fikr almashishni hamda yangi aloqalar va sheriklik munosabatlarini oʻrnatishga chorlar edi.
Forum orqali mamlakat hukumati xalqaro ishbilarmonlar hamjamiyatiga investorlar uchun eng qulay va jozibali sharoitlarni yaratish hamda xorijiy hamkorlar va xalqaro tashkilotlar bilan oʻzaro manfaatli munosabatlarni har tomonlama chuqurlashtirishga qaratilgan saʼy-harakatlarning yoʻnalishlarini belgilab berdi.
Forumning panel munozaralari va tadbirlari doirasida mamlakatimizning turli tarmoqlari va hududlarining investitsiyaviy va iqtisodiy imkoniyatlari ochib berildi, Oʻzbekistonni ijtimoiy-iqtisodiy isloh qilish borasida erishilgan natijalar koʻrib chiqildi. Shuningdek, mamlakatimizni yanada rivojlantirishning ustuvor yoʻnalishlari, mintaqaviy va jahon savdo aloqalarini rivojlantirish istiqbollari, investitsiyalarni jalb qilish mexanizmlari, savdoni liberallashtirish va milliy iqtisodiyotning raqobatbardoshligini oshirish, respublikani sanoatlashtirish va sanoatni yuqori qoʻshimcha qiymatli mahsulotlar ishlab chiqarishga yoʻnaltirish boʻyicha navbatdagi tadbirlar, mahalliy energetikani transformatsiyalash va muqobil energiya manbalariga oʻtish chora-tadbirlari, mintaqa mamlakatlarining transport jihatidan oʻzaro bogʻliqligini mustahkamlash va ularning tranzit salohiyatini oshirish masalalari atroflicha koʻrib chiqildi.
Hukumat, ishbilarmon va ekspert doiralari vakillari koviddan keyingi davrda iqtisodiy faoliyatni jadal rivojlantirishni tiklash va ragʻbatlantirish, kambagʻallikni qisqartirish, pul-kredit siyosatini tartibga solish, biznesni qoʻllab-quvvatlash, bank sektori va moliya bozorini rivojlantirish mexanizmlarini muhokama qildilar.
Forum doirasida Savdo, iqtisod, investitsiyalar, texnika, madaniyat, sport va yoshlar masalalari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi va Saudiya Arabistoni Podshohligi oʻrtasidagi Hukumatlararo komissiyasining 5-yigʻilishi, “Sanoat kooperatsiyasi. Yangi imkoniyatlar” Oʻzbekiston-Xitoy investitsiyaviy forumi, shuningdek, xalqaro moliya institutlari, xorijiy hukumat moliyaviy tashkilotlari rahbarlari va rivojlanish boʻyicha hamkorlar ishtirok etgan Oʻzbekiston uchun “mamlakat platformasi” boʻlib oʻtdi. Forum ishtirokchilari ikki tomonlama uchrashuv va muzokaralar chogʻida ham faol fikr almashdilar va hamkorlik istiqbollarini muhokama qildilar.
Tadbirning amaliy ahamiyatini ham taʼkidlash joiz. Jumladan, Forum yakunlari boʻyicha 7,8 mlrd dollarlik aniq shartnomalar va investitsiyaviy bitimlar paketi imzolandi. Shuningdek, qiymati 3,5 milliard dollarlik loyihalarni amalga oshirish boʻyicha dastlabki kelishuvlarga erishildi.
TXIF oʻzini mintaqalararo va xalqaro aloqalarni mustahkamlash va rivojlantirish uchun keng koʻlamli muloqot platformasi sifatida namoyish etib, mamlakatlararo va mintaqalararo investitsiyaviy va tashqi iqtisodiy hamkorlikning kuchli katalizatoriga aylandi. Ushbu Forum Oʻzbekiston va butun Markaziy Osiyo mintaqasi iqtisodiyotiga xorijiy investitsiyalar va zamonaviy texnologiyalarni jalb qilish, shuningdek, mintaqa tadbirkorlari va xorijiy ishbilarmon doiralar oʻrtasida toʻgʻridan-toʻgʻri aloqalarni oʻrnatish maqsadida ularni qiziqtirgan yoʻnalishlarni kashf etish uchun doimiy maydonchaga aylanishi kutilmoqda.