Bu haqda Transport vaziri oʻrinbosari Jasurbek Choriyev Toshkent xalqaro investitsiya forumi doirasida “Infrastrukturadagi investitsion loyihalar” mavzusidagi boʻlib oʻtgan panel sessiyasida maʼlum qildi.
— Iyun oyi oxirigacha biz texnik-iqtisodiy ishlarni tugatamiz. Yangi pulli yoʻl Toshkent va boshqa hududlarni Fargʻona vodiysi bilan bogʻlashga yordam beradi. Loyihaning umumiy uzunligi 314 km boʻlib, uning qiymati 4,65 milliard dollarni tashkil qiladi», — deydi Jasurbek Choriyev.
Shuningdek, Jasurbek Choriyev nima uchun transport tizimiga sarmoya kiritish muhim ekanligini aytib oʻtdi.
«Birinchisi — iqtisodiy oʻsish. Transport infratuzilmasi biznesni bozor bilan bogʻlash, odamlar va mahsulotlarni tashish orqali iqtisodiyotda asosiy rollardan birini oʻynaydi. Infratuzilmani yaxshilash savdo, investitsiyalar oshishiga, yangi ish oʻrinlari yaratilishiga va albatta iqtisodiy oʻsishga yordam beradi.
Ikkinchisi ishlab chiqarishdagi samaradorlik. Transport tizimi narxlarni pasaytirib, yoʻllarni yaqinroq qiladi. Bu ayniqsa ikki tomonlama dengizga chiqishi chegaralangan Oʻzbekiston uchun juda muhim hisoblanadi.
Uchinchisi — foydalanish imkoniyati. Transport tizimiga investitsiya kiritish shahar va qishloqlar aholisi uchun muhim xizmatlarga ega boʻlishiga yordam beradi, ish kuchi yaratiladi», — deydi u.
Bundan tashqari, uzoq yillardan beri asosiy maqsadlardan biriga aylangan transafgʻon temiryoʻli haqida ham maʼlumot berildi.
«Loyiha uchta davlatni bir-biriga bogʻlashga yordam beradi — Oʻzbekiston, Afgʻoniston va Pokiston. Temiryoʻl Yevrosiyo transport yoʻlagini yaratishda muhim rol oʻynaydi. Natijada Markaziy Osiyo mamlakatlari Hind okeani portiga chiqish imkoniga ega boʻladi. Temiryoʻl tovarlar yetkazib berish muddatini 35 kundan 5 kungacha qisqartiradi. Tovarlarni yetkazib berish narxi esa kamida 40 foizga pasayadi. Loyiha 2027-yil oxirigacha yakunlanishi kutilmoqda.
Yana bir muhim loyiha bu albatta Xitoy–Qirgʻiziston–Oʻzbekiston temir yoʻli qurilishidir. Bu nafaqat Oʻzbekiston, balki butun Markaziy Osiyo rivojlanishida katta rol oʻynovchi temiryoʻl boʻladi. Loyihaning asosiy kelishuvlari allaqachon hal qilingan boʻlib, uning qiymati taxminan 5,1 milliard dollarni tashkil qilsa, uzunligi hozirgacha 454 km boʻlishi kutilmoqda», — deydi Transport vazirining birinchi oʻrinbosari.
Bundan tashqari, Jasurbek Choriyev Samarqand aeroportidagi muvaffaqiyatli loyihadan keyin, Urganch aeroportini ham Davlat-xususiy sherikchilik loyihasiga aylantirish kutilayotganini aytib oʻtdi.