Bugun dunyo bo‘ylab energiya resurslariga talab ortayotgani, uglevodorod xomashyosi zaxirasi kamayib borayotgani yangi muqobil energiya manbalarini topish va joriy qilishni taqozo etadi.
Mamlakatimizda iqtisodiyot tarmoqlari va ijtimoiy sohada energiya samaradorligini oshirish hamda qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanishni rivojlantirish bo‘yicha keng ko‘lamli ishlar qilinyapti. Elektr energiyasidan oqilona foydalanish, arzon, ishonchli hamda barqaror zamonaviy energetikani joriy etish kun tartibidagi dolzarb masalaga aylangan.
Ayni paytda O‘zbekistonda 9 gigavattli 22 ta quyosh va shamol elektr stansiyasini qurish ustida ish olib borilmoqda. Prezidentimiz uchinchi Toshkent xalqaro investitsiya forumida so‘zlagan nutqida ham ushbu masalaga to‘xtaldi. Energetika tarmog‘i samaradorligini oshirish mintaqamiz uchun dolzarbligi, bu borada mamlakatimizda ko‘plab loyihalar ustida ishlar davom etayotganini ta’kidladi.
Uzoqni ko‘zlab qilinayotgan sa’y-harakatlar zamirida mintaqa manfaatlari mujassam ekaniga barchamiz amin bo‘lyapmiz. Zero, 2030 yilgacha 20 gigavattdan ortiq qayta tiklanuvchi energiya quvvati barpo etish va energetika muvozanatida uning ulushini 40 foizga yetkazish sari katta qadamlar tashlanmoqda. O‘tgan yilning o‘zida “Masdar”, “Gezhouba”, “China Energy” kabi strategik hamkorlar yordamida 1,4 gigavatt quvvatli yirik shamol va quyosh elektr stansiyalari ishga tushirilgani fikrimiz tasdig‘idir.
“ACWA Power” bilan hamkorlikda “yashil vodorod” ishlab chiqarish loyihasi boshlab yuborilgani ham katta yangilik bo‘ldi. Bunday o‘zgarishlarning muhim jihati shundaki, amaldagi loyihalar davlat-xususiy sheriklik tamoyili asosida, to‘g‘ridan to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar hisobidan yuzaga chiqmoqda.
Davlatimiz rahbari Qirg‘iziston va Tojikistondagi gidroelektr stansiyalarini birgalikda qurish loyihasining strategik ahamiyatini dadil ifoda etgan holda, barcha yetakchi kompaniyalarni ochiq muloqot va amaliy hamkorlikka chaqirdi. Investitsiya diplomatiyasi O‘zbekiston iqtisodiy taraqqiyotining mustahkam drayveriga aylanib bormoqda. Chunki bugunning talabi shunday: inson va ehtiyojlari dunyo bozorini harakatga keltirish bilan birga, sohalar kelajagini belgilab bermoqda.
Tabiiyki, demografik o‘sish natijasida yurtimizda har yili energiyaga talab 5-6 foizga oshib bormoqda. Tahlillarga ko‘ra, kelgusi 6 yilda mamlakatda elektr energiyasiga talab hozirgi 83 milliarddan 120 milliard kilovatt-soatga o‘sishi kutilmoqda. Bu ko‘rsatkich qayta tiklanadigan energiya manbalari bizga nechog‘liq zarur ekanini anglatmoqda. O‘sish jarayoni esa xalqning yashashga ishtiyoqi, oilalarning farovon turmush sari intilishi hamda davlat siyosatiga ishonchini yaqqol ko‘rsatib turibdi.
O‘zbekiston, Qirg‘iziston va Qozog‘iston ishtirokida 1860 megavattli Qambarota GESi quriladi. Joriy yil yakuniga qadar yana 2 gigavattdan ortiq yashil energiya quvvati ishga tushiriladi. Natijada yashil energiya quvvatini 18 foizdan 30 foizga oshirish kutilmoqda. Bundan tashqari, ushbu energiyadan foydalanish 2030-yilga borib, jami iste’moldagi energiyaning 50 foizini tashkil etadi.
Shu munosabat bilan xalqaro hamkorlik va elektr energiyasi savdosi bo‘yicha endi qo‘shni davlatlar bilan hamkorlikda 3,2 milliard dollar qiymatidagi ikkita katta gidroelektr stansiyasi loyihasi amalga oshiriladi.
Qambarota gidroelektr stansiyasi qurilishi loyihasi Qirg‘iziston hududida 5,6 milliard kilovatt-soat ekologik toza elektr energiyasi ishlab chiqarish imkonini beradi. Mintaqadagi suv resurslarini samarali boshqarish va undan oqilona foydalanish sharoiti yaratilishi barobarida, barcha uchun ham manfaatli loyiha amaliyotga tatbiq etilmoqda.
E’tiborli yana bir masala Tojikiston bilan hamkorlikda Zarafshon daryosida barpo etilishi rejalashtirilgan 320 megavattli Yaman gidroelektr stansiyasidir. Ikki bosqichli ushbu loyiha orqali yillik 430 million kilovatt elektr energiyasi ishlab chiqarishga mo‘ljallangan 100 megavattli stansiya ishga tushiriladi. Bu kabi yirik loyihalarning amalga oshirilishi natijasida mintaqadagi munosabatlar yanada yaxshilanib, o‘zaro ishonch tobora mustahkamlanib boradi.
Iqtisodiy va investitsiyaviy barqarorlik sari faol qadam tashlayotgan O‘zbekiston qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanishni rivojlantirishga, ekologik muammolarning oldini olishga, qazilma energiya resurslariga talabni oqilona yo‘l bilan qoplash va iqtisodiy taraqqiyotga dunyo ahlini chorlamoqda. Zero, yangi O‘zbekiston kashf etayotgan yangi yo‘llar xalqni yorug‘ manzillarga olib chiqadi.
Bahodirjon SHЕRMUHAMMADOV,
Farg‘ona davlat universiteti rektori,
pedagogika fanlari doktori, professor
Maqola "Yangi O‘zbekiston" gazetasining 92-sonida (2024-yil 14-may) chop etilgan.