10 974 gektar maydonda tomchilatib sug'orish texnologiyasi joriy etiladi

    Har gektardan 40-45 sentnergacha, o'rtacha hosildorlikdan 1,5-1,7 marta yuqori ko'rsatkichga erishish imkonini beradi.

    Suv – tiriklik manbai. Shu bois undan oqilona foydalanish nihoyatda zarur hisoblanadi. Prezidentimiz tomonidan 2020-yil 11-dekabrda qabul qilingan “Qishloq xo'jaligida suvni tejaydigan texnologiyalarni joriy etishni yanada jadal tashkil etish chora-tadbirlari to'g'risida”gi qarorida ta'kidlanganidek, tobora kuchayib borayotgan suv taqchilligi hamda obihayot resurslariga bo'lgan ehtiyoj o'sib borayotgani qishloq xo'jaligida undan foydalanish samaradorligini keskin oshirishni talab etmoqda. Bu borada Navoiy viloyatida ham bir qator ishlar amalga oshirilyapti. “O'zagroinspektsiya” viloyat boshqarmasi hamda tuman bo'limlari inspektorlari tomonidan suv tejovchi texnologiyalarni o'rnatish, shartnomalarni rasmiylashtirish va boshqa masalalar nazorat ostiga olingan.

    2021-yil viloyat bo'yicha 10 974 gektar maydonda tomchilatib sug'orish texnologiyasi joriy etilishi rejalashtirilgan. Suv tejovchi uskunalarni xarid qilish uchun tegishli tashkilotlar bilan 432 ta shartnoma tuzilgan bo'lib, bu 12 567 gektar maydonda ushbu texnologiyalar o'rnatiladi deganidir. Buning uchun viloyat bo'yicha fermer va tadbirkorlarga tijorat banklari tomonidan 131 milliard 12 million so'm mablag' ajratildi. Bugungi kunda 8 290 gektar maydonda tomchilatib sug'orish texnologiyasini o'rnatish uchun qurilish ishlari boshlangan.

    Viloyat bo'yicha 2021-yilda paxta xomashyosi yetishtirishda tomchilatib sug'orish texnologiyasini joriy etishning ijrosi yuzasidan ham chora-tadbirlar olib borilmoqda. Xususan, 8500 gektar paxta maydonida tomchilatib sug'orish, 551 gektarda esa yomg'irlatib sug'orish texnologiyalari o'rnatilishi zarur.

    Karmana tumanining “Jaloyir” hududida joylashgan “Shohijahon kelajagi Karmana” fermer xo'jaligining er maydoni 100 gektar bo'lib, 44 gektari paxta ekishga mo'ljallangan. Fermer Shuhrat Toshev 44 gektar paxta maydoniga tomchilatib sug'orish uskunalarini o'rnatish uchun harakatni boshladi. Buning uchun o'z mablag'idan 300 million so'm, kredit asosida 870 million so'm sarfladi. Shartnomaga ko'ra, sifatli polietilen quvurlar olib keltirilib, 44 gektar maydonga to'liq o'rnatildi.

    — Paxtani sug'orishda ko'plab qiyinchiliklarga duch kelar edik, — deydi Shuhrat Toshev. — Suv tejovchi texnologiyalarni o'rnatganimiz, suv isrofini oldini olishi, har bir qatorga suvning to'liq etib borishi, shu bilan birga ishchi kuchini kamaytirgani bilan bizga ma'qul bo'ldi. Chigitni qo'shqator usulida ekmoqchimiz. Bu quvur yotqizilgan maydonga kul`tivatsiya ishlari uchun texnikalarni chigit ekilganidan g'o'za yetilganiga qadar agrotexnik tadbirlarni bemalol bajarish uchun ham imkoniyat yaratadi. Hosildorlik 50-60 tsentnerga etadi, degan niyatdamiz. Kelgusi yilda suvni tejovchi texnologiyalarni joriy etishni yanada kengaytirmoqchimiz. Olingan kreditni subsidiya mablag'lari hisobidan to'lashni mo'ljallab turibmiz. Bu biz fermerlarni qo'llab-quvvatlashni ko'zda tutgani bilan e'tiborga loyiq.

    Darhaqiqat, suv tejovchi texnologiyalar uskunalarini xarid qilish uchun fermer va tadbirkorlarga yaratilgan bunday imtiyoz alohida ahamiyatga ega.

    — Vazirlar Mahkamasining 2021 yil 23 fevraldagi “Qishloq xo'jaligi ishlab chiqaruvchilarining suvni tejaydigan texnologiyalarni joriy etish bo'yicha xarajatlarining bir qismini qoplash chora-tadbirlari to'g'risida”gi qarori bilan tasdiqlangan nizomga asosan, tomchilatib sug'orish tizimlari joriy etilgan maydonlarga subsidiyalar ajratish belgilangan, — deydi “O'zagroinspektsiya” viloyat boshqarmasi bosh inspektori Mehriddin Vohidov. — Unga ko'ra, paxta va uzum plantatsiyalariga – 8 million so'mdan 11 million so'mgacha, mevali ekinlarga — 6 million, ozuqabop, moyli, dukkakli ekinlar va dorivor o'simliklarga — 2,5 million, sabzavot ekinlari va kartoshkaga — 1,5 million, poliz ekinlariga — 1,3 million so'm miqdorida subsidiyalar ajratish ko'zda tutilgan.

    Joriy qilingan texnologiyalardan sug'orish mavsumida foydalanmaslik holatlari aniqlansa, ajratilgan subsidiya davlat byudjetiga qaytarilishi belgilangan. Xususan, birinchi yildan foydalanilmasa — subsidiyaning 100 foizi, ikkinchi yildan — 80 foizi, uchinchi yildan — 60, to'rtinchi yildan — 40, beshinchi yildan — 20 foizi davlat byudjetiga qaytariladi.

    Qiziltepa tumanida “Shahzod kelajagi”, “Safarota”, “Mustafobobo 2021”, “Durbek 2002” va boshqa fermer xo'jaliklari tomonidan paxta maydonlarida suv tejovchi uskunalarni o'rnatish uchun hovuzlar qizilib, zarur uskuna va butlovchi buyumlar — yer osti quvurlari, lenta, fil`tr, nasoslarni pudratchi tashkilotlar bilan tuzilgan shartnoma asosida olib kelib, qurish ishlari davom etmoqda.

    — Ekinlar tomchilatib sug'orilganda, suvning tuproqqa behudaga shimilishi bartaraf etiladi, — deydi “O'zagroinspektsiya” Qiziltepa tuman bo'limi katta inspektori erkin Azimov. — Daladan tashlamaga suv chiqarilmaydi. Natijada sug'orishga ishlatish uchun rejalashtirilgan suvning katta qismi tejaladi. Tomchilatib sug'orishda dalaning faqat ekin ekilgan joyi sug'oriladi. Pirovardida boshqa sug'orish usullariga nisbatan ekin turiga qarab 50 foizgacha suv tejaladi.

    G'o'za maydonlarini tomchilatib sug'orish tizimini joriy etish loyihalarini amalga oshirish natijasida ushbu maydonlarda suvni ikki barobar tejash bilan birga, har gektardan 40-45 tsentnergacha, o'rtacha hosildorlikdan 1,5-1,7 marta yuqori ko'rsatkichga erishish imkonini beradi.

    Inspeksiyaning tuman bo'limlari tomonidan suv tejash uskunalarini joriy etish ishlarini o'z vaqtida bajarish bo'yicha fermerlar bilan uchrashib, targ'ibot va nazorat tadbirlari olib borilyapti.

    Zulfiya BOBOYEVA,

    “O'zagroinspektsiya” Navoiy viloyat boshqarmasi

    jamoatchilik bilan aloqalar va huquqiy axborot

    bo'yicha bosh inspektori