Tadbirda O'zbekiston iste'molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasi, Qoraqalpog'iston Respublikasi iste'molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasi, viloyatlar va Toshkent shahar hududiy birlashmalari, tuman (shahar) bo'linmalari, federatsiya huzuridagi tashkilot va muassalar rahbarlari, OAV vakillari onlayn formatda ishtirok etdi.
— Murojaatnoma nafaqat Parlamentimiz a'zolariga, 7000 dan ortiq mahalliy kengash deputatlariga, har uch hokimiyat vakillariga, jamoatchilik tashkilotlariga, bugun O'zbekistonda kechayotgan tub islohotlarga xayrixohlik bilan qarayotgan jahon hamjamiyatiga bo'ldi desak xech bir mubolag'a bo'lmaydi, — O'zbekiston iste'molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasi raisi o'rinbosari In'omjon Tog'aev. — Unda mamlakatimizda jamoatchilik nazoratini yanada kuchaytirish, davlat va jamiyat o'rtasida o'zaro yaqin va mustahkam hamkorlikni o'rnatish masalasiga yana bir bor urg'u berildi. Oldimizda turgan maqsadlarga erishishimizning tub negizida jamoatchilik nazorati turishini, bundan keyin ham nodavlat notijorat tashkilotlarini va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarini qo'llab-quvvatlash davom etishi, sohaga yangicha yondashuv va munosabat zarurati masalasi ilgari surildi va qizg'in kutib olindi.
«Fuqaro – jamoat tashkilotlari – davlat» birligini mustahkamlash orqali xalqning hokimiyatdan, hokimiyatning xalqdan uzoqlashishining oldini olish, Konstitutsiyamizda belgilangan xalq hokimiyatchiligi printsipining amaliy isboti sifatida Davlat rahbari tomonidan 2018 yilning 4 mayida qabul qilingan «Mamlakatni demokratik yangilash jarayonida fuqarolik jamiyati institutlarining rolini tubdan oshirish chora-tadbirlari to'g'risi»gi farmoni nodavlat notijorat tashkilotlari va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlari faoliyatini tashkil etish, islohotlar jarayonida faol ishtirok etishiga to'sqinlik qilayotgan tizimli muammo va kamchiliklarning bartaraf etilishiga asos bo'ldi.
Murojaatnomada O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi huzuridagi Nodavlat-notijorat tashkilotlarini va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarini qo'llab-quvvatlash jamoat fondi faoliyatini joylardagi dolzarb muammolarni hal etishga qaratish zarurligi ta'kidlandi.
E'tiborli jihati, Murojaatnomada ilgari surilgan har bir taklif moliyaviy jihatdan ta'minlangani bilan ahamiyatli.
Hususan, murojaatnomada eng muhim tashabbuslardan biri – endilikda mavjud muammolarni aniqlash, ularni chuqur tahlil qilish, echimlari bo'yicha taklif ishlab chiqish, ijrosi ustidan jamoatchilik nazoratini ta'minlashga ijtimoiy buyurtma asosida nodavlat notijorat tashkilotlari keng jalb etilishi va bunday hamkorlikni, eng avvalo, ta'lim, madaniyat, tibbiyot, ekologiya, qurilish, kadastr, transport, kommunal xo'jaligi, bandlik, ijtimoiy xizmatlar ko'rsatish kabi muammoli sohalarda keng joriy etish maqsadga muvofiqligi aytildi. Bu ishlarni tashkil etish uchun kelgusi yilda byudjetdan 60 milliard so'm yo'naltiriladi.
Bu ta'bir joiz bo'lsa, mamlakatimizda faoliyat yuritayotgan nodavlat notijorat tashkilotlari va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlari tomonidan uzoq kutilgan voqelik bo'ldi.
Endilikda mavjud muammolarni aniqlash va chuqur tahlil qilish, echimlari bo'yicha takliflar ishlab chiqish, ijrosi ustidan jamoatchilik nazoratini ta'minlashga ijtimoiy buyurtma asosida jalb etish tizimining yo'lga qo'yilishi va moliyalashtirilishi faoliyatimiz samaradorligiga juda katta ijobiy ta'sir o'tkazadi.
Murojaatdagi nodavlat notijorat tashkilotlari va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarini qo'llab-quvvatlashga doir takliflar shundangina iborat emas. Unda Qonunchilik palatasida nodavlat notijorat tashkilotlarining doimiy vakili institutini joriy etish taklif qilindi.
Ushbu vakilga quyi palata yig'ilishlarida ishtirok etish, qabul qilinayotgan qonunlarga ta'sirchan jamoatchilik nazorati va ijtimoiy sheriklik masalalarini kiritish bo'yicha takliflar berish vakolati beriladi.
Yangi O'zbekiston taraqqiyotining yangi bosqichida ijro hokimiyati uchun jamoat tashkilotlari jiddiy va teng huquqli, shu bilan birga hurmatga loyiq hamkor sifatida namoyon bo'ladi. Natijada, davlat va mahalliy hokimiyat organlari tomonidan qonun hujjatlarining to'liq va mukammal bajarilishi mexanizmi takomillashib, jamoatchilikni yangi tashabbuslar va takliflarga undaydi.
O'zbekiston iste'molchilar huquqlarini
himoya qilish jamiyatlari federatsiyasi
matbuot xizmati