Oʻtgan haftaning 10-11-sentyabr kunlari Rossiya Federatsiyasi Mehnat va ijtimoiy himoya vaziri oʻrinbosari Andrey Pudov boshchiligidagi delegatsiya Oʻzbekistonga keldi.
Qurilish va uy-joy xoʻjaligi, Ichki ishlar va Sogʻliqni saqlash vazirliklari, Rostrud, Moskva hukumati hamda “Roskapstroy”, “Nostroy”, “Naymiks”, “Almas-integral”, “PIK indastri”, “Renessans Xevi Indastris”, “Yandeks” kabi yirik ish beruvchi korxonalar vakillaridan iborat delegatsiya aʼzolari poytaxtimizdagi “Ishga marhamat” monomarkazida mehnat migratsiyasi masalalariga bagʻishlangan qator uchrashuvlar oʻtkazdi.
Tashrif doirasida “Qurilish sohasida mehnat faoliyatini amalga oshirish uchun Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolarini Rossiya Federatsiyasiga jalb qilish boʻyicha pilot loyihani amalga oshirish” haqidagi Oʻzbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi taqdimoti oʻtkazildi.
Shuningdek, ikki davlat tegishli vazirlik va idoralar masʼul vakillari ishtirokida fuqarolarni tashkiliy tarzda ishga joylashtirish, mehnat migrantlari sogʻligʻini muhofaza qilish, ichki ishlar organlari vakolatiga tegishli masalalarga bagʻishlangan muhokamalar olib borildi. Shu paytgacha Rossiya Federatsiyasiga ishga boruvchi fuqarolar patent hujjatini olishi uchun oʻsha mamlakatda 5 xil turdagi tibbiy koʻrikdan oʻtishi hamda barmoq izini ichki ishlar bazasiga kiritishi uchun 1 oygacha boʻlgan muddat talab qilinar edi. Rossiyalik hamkorlar bilan qator uchrashuv va muzokaralar natijasida shu kabi ishlar endilikda Oʻzbekistonda amalga oshirilib, ishchilar tayyor holatda Rossiya mehnat bozoriga kirib boradigan boʻldi.
Rossiya Federatsiyasi mehnat migratsiyasi boʻyicha delegatsiyasining mamlakatimizga tashrifi yakunlari boʻyicha quyidagilarga erishildi:
1. Qurilish sohasida mehnat faoliyatini amalga oshirish uchun Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolarini Rossiya Federatsiyasiga jalb qilish boʻyicha pilot loyiha doirasida 10 ming mehnat migranti yaqin vaqt davomida soddalashtirilgan tartib asosida Oʻzbekistondan Rossiyaga ishga jalb qilinadi.
Nomzodlarni ishga jalb qilish bilan bogʻliq, jumladan, tibbiy koʻrikdan oʻtkazish, emlash, rus tili, Rossiya tarixi va qonunchiligi boʻyicha imtihon topshirish, patent rasmiylashtirish va transport xarajatlari ish beruvchilar tomonidan qoplanishi koʻzda tutilmoqda.
2. Rossiya Federatsiyasi hududida mehnat faoliyatini amalga oshirish istagida boʻlgan fuqarolarni emlash va koronavirusga qarshi test topshirish jarayonlarini ikki davlat mutaxassislari tomonidan Rossiya tomoni tibbiy uskunalari yordamida birgalikda Oʻzbekistonda amalga oshirish hamda ularning natijasi boʻyicha tibbiy maʼlumotlarni “COVID-19siz sayohat” ilovasi tizimiga integratsiya qilish belgilandi.
3. Rossiya Federatsiyasi hududida mehnat faoliyatini amalga oshirish istagida boʻlgan fuqarolar uchun patent olishda talab etiladigan daktiloskopik roʻyxatga olish va rasmga olish jarayonlarini ikki davlat Ichki ishlar vazirliklari tomonidan Rossiya tomoni uskunalari yordamida Oʻzbekistonda amalga oshirishga kelishib olindi. Taʼkidlash joiz, ikki davlat oʻrtasida mehnat migratsiyasi sohasida erishilgan ushbu kelishuvlar Rossiya Federatsiyasida ishlash istagida boʻlgan koʻplab yurtdoshlarimiz uchun qoʻshimcha imkoniyatlar yaratib, fuqarolarning vaqti va xarajatlari qisqarishiga olib keladi.