Men erkakman, men otaman”, deb bosh koʻtarib yurgan baʼzi birovlar hayotning qiyinchiliklariga dosh berolmay oilasini tashlab allaqayoqlardadir “qargʻa qush” boʻlib sayr etib yurgan bugungi zamonda Chirchiq shahrida oʻnta qizni asrab olgan ota yashaydi.

“Men musulmonman, belimda belbogʻim bor, kamarim bor”, deb daʼvo qilayotgan, ammo, aslida tashlab ketgan oilasidagi bolalariga aliment toʻlashga kelganda ishlab topayotgan daromadini qizgʻanib, mehnat daftarchasini bir korxonaning eng kam ish haqi toʻlanadigan shtatiga – qorovullikka, bogʻbonlikka topshirib qoʻyganlar ham yashaydigan zamonamizda oʻnta qizni asrab, koʻzidagi yoshini artayotgan ota yashaydi.

“Jannatga yetaklovchi farishtalarim”

“Bu bola meniki emas”, deb DNK tekshiruvidan soʻng bola 100 foiz oʻziniki ekanini isbotlagan tibbiy xulosani qoʻliga ushlab turib ham ayyor tulkining koʻzlaridek koʻzi yiltillab turgan “ota”lar bor zaminda oʻnta qiziga — jannatga yetaklovchi farishtalarim deb qarovchi valiy neʼmat yashaydi.

Ha, Toshkent viloyatining Chirchiq shahri “Shodlik” mahallasida istiqomat qilayotgan Rustam aka Igamuratov ana shunday OTA.

Oʻnta qizni tarbiyalashdek nozik ishni boʻyniga olishning oʻzi boʻladimi? Yana u qizlarning millati har xil boʻlsa. Goʻdakligidanoq taqdir zarbasiga uchrab, ota-onasidan yetim qolgan yoki yarim yetim qolgan qizlar boʻlsa-chi?

Ular hali voyaga yetmagan, hayot degan dovonning toshli, tikanli yoʻllarida yurib koʻrmagan boʻlsa-chi?

Odamzod uchun eng mushkul vazifa bola tarbiyasidir. Bola tarbiyasi ham ikkiga boʻlinadi: yaʼni oʻgʻil bola va qiz bola tarbiyasi. Oʻgʻil bola tarbiyasi ham ogʻir, ammo qiz bola tarbiyasida undan-da masʼuliyat koʻproq.

“Qiz bolaning hatto uyqusi ham tarbiyali boʻlishi kerak”, der edilar momolarimiz. Ilgari bu soʻzning maʼnosini tushunmas edim. Endi esa bu soʻzlar zamirida ulkan axloqiy tarbiya mavjudligini angladim. Bu degani — qiz bola toʻgʻri kelgan joyda uxlab qolaverishi mumkin emas. Qiz bola kiyikdek hushyor turishi kerak, degani ekan.

Charchagan, toliqqan oʻgʻil bolaga hamma joyda bir pas mizgʻib, uxlab olish mumkin ekan. Masalan, paxta dalasining shiyponida, bogʻdagi daraxtlarning soyasida, choʻpon bola boʻlsa otning ustida, traktorchi boʻlsa traktorni toʻxtatib, ariq chetidagi tutlar tagida. Qiz bolaga esa bu mumkin emas. U toliqqan boʻlsa ham chidashi kerak. Uyga kelganda ham hech kimning koʻzi tushmaydigan xonada — oʻzining xobgohida uxlashi mumkin. “Qiz bola shunday begʻuborki, unga ins-jins tegishi mumkin”, deb ogohlantirar edi keksalarimiz.

Qiz tarbiyasi gul tarbiyasidan-da ogʻirroq. Olamda ikki kishining farogʻati boʻlmaydi ekan, birinchisi qizi borning, ikkinchisi oti borning. Chunki har ikkisining orzumandi, xushtori koʻp boʻladi.

“Kel, bolalar asrab olamiz”

Rustam aka va Gulnora opaning ikkita oʻgʻli bor edi. Katta oʻgʻli Ruslan harbiy boʻlib ishlab, nafaqaga chiqdi, oilali, ikkita farzandi bor. Ikkinchi oʻgʻli esa talabalik payti kutilmaganda vafot etdi. Farzand dogʻi Gulnora opani ezib tashladi. Uning azoblariga chora topolmayotgan turmush oʻrtogʻi Rustam aka ayoliga, “Kel bolalar asrab olamiz. Ularning xursandchiligini koʻrib, zora qaygʻular unutilsa”, dedi. Gulnora opaning koʻzlarida minnatdorlik uchqunlari paydo boʻldi. Chunki u Igamuratovlar oilasiga kelin boʻlib kelganda ham qaynotasi va qaynonasi yetim bolalarni asrab olib xuddi oʻz bolasidek tarbiyalab, soʻngra mustaqil hayotga kuzatganini yaxshi eslaydi.

Shunday qilib ular “Yangi hayot” nomidagi “Oilaviy bolalar uyi”ga asos soldi. Bolalar uyi rahbarining yoshi 55 dan oshmasligini hisobga olgan holda direktorlikni oliy maʼlumotli, oilali, uzoq yillar harbiy boʻlib ishlagan oʻgʻli Ruslan Igamuratov nomiga hujjatlashtirishga kelishishdi. Ruslanning turmush oʻrtogʻi Liliya Igamuratova shu shahardagi 7-sonli musiqa va sanʼat maktabida oʻqituvchi boʻlib ishlaydi. Rustam aka, Gulnora opa va kelini Liliya tarbiyachi boʻlib ishlashga ahd qildi.

Toshkent viloyati Chirchiq shahar hokimligi tomonidan Istiqlol koʻchasi 2-uy, 10-xonadonda yashovchi Ruslan Igamuratovning “Oilaviy bolalar uyi”ni tashkil qilish toʻgʻrisidagi murojaati oʻrganib chiqildi va ruxsat berildi. Har bir tarbiyalanuvchining taʼminoti uchun Mehribonlik uyi tarbiyalanuvchilari uchun tasdiqlangan normativlarga muvofiq, oziq-ovqat mahsulotlari, kiyim-kechak, poyabzal, yumshoq oʻyinchoqlar, shaxsiy gigiyenaga, kitoblar sotib olishga, sogʻlomlashtirish, mebel va zarur jihozlar sotib olishga hamda kommunal xarajatlar uchun toʻlovlar byudjetdan tashqari mablagʻlarni jalb etish hisobiga amalga oshiriladi. Yil davomida foydalanilmagan mablagʻlar olib qoʻyilmaydi va ularni keyingi yilgi maqsadlar va bolalarning ehtiyojlari uchun ishlatiladi.

Ushbu “Oilaviy bolalar uyi” shahar hokimining ham uyi desak, toʻgʻri boʻladi. Chunki bu xonadon shahar rahbarining doimiy gʻamxoʻrligi ostida.

— Rustam aka va Gulnora opaning barcha qizlari shahrimizdagi 15- umumtaʼlim maktabda oʻqishadi, — deydi “Shodlik” mahalla fuqarolar yigʻini raisi Diloromxon opa. — Oʻqishlari yaxshi, axloqlari namunali. “Oilaviy bolalar uyi” toʻgʻrisidagi hujjatlar qonunga muvofiq boʻlishi uchun Igamuratovlar bilan bahamjihat harakat qilganmiz. Nomini mahallamiz faollari bilan kelishib “Yangi hayot” deb atadik. Ming shukr maqsadlar amalga oshdi. Ushbu ishga kirishgunimizcha davlat tomonidan shuncha imtiyozlar berilganini oʻzimiz ham bilmagan edik. Rustam aka va Gulnora opa esa ezgu ishlari davlat darajasida qoʻllab-quvvatlanayotganidan behad mamnun. Oilaning oʻzi ham juda mehnatkash. 15 sotix yerida katta bogʻi bor. Bogʻda yuzdan ortiq mevali daraxtlar hosilga kirgan. Qizlar ota-onasiga doimiy yordamchi. Mahallamizda “Oilaviy bolalar uyi” qizlarining yetim ekaninini hamma unutgan. Kiyinishlari ham milliy urf-odatlarimizga mos. Qizlarning bu xonadonda yangi va baxtli hayoti boshlangani chin boʻlsin.

Bu xonadonda mehr, saranjom-sarishtalik ustuvor. Uyning katta qizlari uyqudan turgach, supur-sidir qiladi. Birgalikda jismoniy tarbiya mashgʻulotlarini bajaradi, nonushta qilinib, kunlik rejalar tuziladi.

Yangi Oʻzbekistonning yangi oilasi

Biz Rustam aka va Gulnora opadan “Nega tarbiyangizga faqat qizlarni olgansizlar?” deb soʻradik. Ular shunday deb javob berdi:

– Avvalo, sharoitimiz kichikroq. Oʻgʻil bolalar uchun yotoqxona, yuvinish xonasi, hojatxonalar alohida boʻlishi shart. Bundan tashqari, tarbiyachilar, pedagog-psixologlar ham alohida boʻlishi kerak. Bu imkoniyatlar hozircha bizda yoʻq. Qolaversa, qiz bolalar koʻproq taʼsirchan boʻladi. Taqdir zarbasidan qattiq eziladi va koʻpchilikka qoʻshilishi qiyinlashib, ruhiyatida odamovilik paydo boʻlishi mumkin. Biz qizlarning har biriga alohida eʼtibor qaratamiz. Biri tunda qoʻrqadigan, bexosdan chinqirib yuboradigan boʻlsa, boshqasi tushida bosinqirab yigʻlab qoladi. Masalan, ikkita kichkina qizimizda kechki enurez kasalligi aniqlangan. Bittasida koʻrishning zaiflashayotgani, yana bittasida gʻilaylik bor. Bu kamchiliklardan ular tushkunlikka tushib qolmasligi uchun alohida ­eʼtiborli boʻlamiz. Tibbiyot xodimlari bilan birgalikda davolash ishlarini olib boramiz. Ular orasida onasi vafot etganlari bor. Sogʻinch hissini yengishda ularga oilaviy boʻlib yordam koʻrsatamiz. Yangi kelganlar oilamizga qoʻshilib ketguncha barcha gʻamxoʻrlik qiladi. Katta qizlar kichik qizlarga koʻmakchi.

Bizning maqsadimiz bu qizlarni mustaqil hayotga toʻgʻri tayyorlash. Kamolga yetganda keladigan sovchilar ularning qandayligini bizdan soʻraydi, mahalladan soʻraydi. “Tuqqan emas, boqqan ona”, degan gap bor. Ularni musulmonlik urf-odatlari bilan tarbiyalayapmiz. Roziligi bilan musulmoncha ism beryapmiz. Mana yaqinda Karina ismli qizimizni oʻzining iltimosiga koʻra, Kumush deb atadik. Birining ota-onasi ichuvchi, chekuvchi yoki qamoqda, boshqasiniki vafot etganini bilamiz. Ammo bu haqda qizlar bilan gaplashmaymiz. Katta boʻlganida bilib oladi, xulosa qiladi. Ular endi bizning qizlarimiz. Ularni butun mahalla “Rustam akaning qizlari” deydi.

Ha, Rustam akaning oʻnta qizi bor. Naqadar yoqimli gap.

Ayollarni ulugʻlar ham ulugʻlaydi

Bu oila bilan xayrlashar ekanman, xotinini qiz tuqqani uchun xoʻrlayotgan, kamsitayotgan, farishta misoli qizaloqlarini tashlab ketib mehrga zor qilgan “otalar” ham oʻz onalari ayol ekanini biror marta fikrlab koʻrganmikan, deya oʻylab qoldim. Ularning ham onalari yoki opa-singillari erkak tomonidan tahqirlansa qay ahvolga tusharkan? Ayol zotini ulugʻlar ham moʻtabar va aziz deya ulugʻlaganlarini bilarmikan? Muqaddas kitoblarimizda ham insonlarning ayollarga adolatli munosabatda boʻlishga daʼvat etilgan.

Prezidentimiz “Bu mamlakatda men rahbar ekanman, birorta ayol xoʻrlanmaydi”, dedi. U kishining qarori bilan 2020-2021 oʻquv yillarida oliy taʼlim dargohlariga kontrakt asosida oʻqishga kirgan, ammo kam taʼminlangan, boquvchisini yoʻqotgan qizlarning 817 nafarining toʻlov kontraktlari davlat hisobidan toʻlab berildi.

Keyingi chiqishlarida Prezidentimiz ushbu qarorning ijrosi oʻzini oqlasa, keyingi oʻquv yillarida bu yordamni ikki barobar oshirishlarini taʼkidlab oʻtdi.

Onalarni ulugʻlagan, xotin-qizlarni hurmat qilgan, izzatlagan yurt doim gullab-yashnagan, maʼnaviy jihatdan yuksalgan. Ayollar eʼzoz topgan xonadon el orasida hurmat, eʼtibor va qadr ­topaveradi.

Zulfiya MOʻMINOVA,

shoira