10 yoshli oʻgʻlini qoʻshni bola bilan urishtirgan fuqaro javobgarlikka tortilishi mumkin

    Ijtimoiy tarmoqlarda “Ota oʻz farzandini boshqa bola bilan urishtirib, u bolani kaltakladi” sarlavhasi ostida video tarqaldi.

    Bolalar ombudsmani holat oʻrganilayotganini maʼlum qildi.

    Dastlabki maʼlumotlarga koʻra, joriy yilning 21-mart kuni Uchtepa tumanida 2014-yilda tugʻilgan T.M. qoʻshnisi 2014-yilda tugʻilgan X.K. bilan oʻzaro kelishmovchilik oqibatida urishib turgan vaqtida T.M. ning otasi E.M. ularni oʻzaro janjalini kuzatib, bolalarni ajratish oʻrniga aksincha, oʻgʻli T.M. ga qoʻshnisi X.K. ni urishiga imkon yaratgan va oʻzi ham urishga koʻmaklashib, bolalar bir-birini kaltaklashiga sharoit yaratgan va janjalni davom ettirishga oʻgʻlini majbur qilgan.

    Aniqlanishicha, voyaga yetmagan T.M. va X.K. lar oʻzaro janjal natijasida biron bir tan jarohati olmagan va tibbiy muolaja olish uchun tibbiy muassasaga murojaat etish zarurati boʻlmagan.

    Hozirda holat yuzasidan Uchtepa tumani IIO FMB tomonidan tergovga qadar tekshiruv olib borilib, bolaning otasi E.M. ning bunday harakatlariga huquqiy baho berilib, MJtKning 47-moddasi (Bolalarni tarbiyalash va ularga taʼlim berish borasidagi majburiyatlarni bajarmaslik) bilan javobgarlikka tortish masalasi oʻrganilmoqda.

    Holat yuzasidan qoʻshimcha maʼlumot beriladi.