Rossiyadagi 31 nafar oʻzbekistonlik talabaga nisbatan qoʻllanilgan maʼmuriy jazo bekor qilindi

    Ombudsmanlar hamkorligi natijasida Rossiyadagi 31 nafar oʻzbekistonlik talabaga nisbatan qoʻllangan maʼmuriy jazo bekor qilindi.

    Bu haqda Oliy Majlisning inson huquqlari boʻyicha vakili axborot xizmati maʼlum qildi.

    Qayd etilishicha, ombudsman — Feruza Eshmatova Oʻzbekistonning Moskvadagi elchixonasida fuqarolar uchun sayyor qabul oʻtkazdi.

    Sayyor qabul davomida Rossiya Federatsiyasida joylashgan “Iqtisod oliy maktabi” milliy tadqiqot universitetida (NIU VSHE) tahsil olayotgan 31 nafar oʻzbekistonlik talabaning murojaati ham qabul qilindi.

    Maʼlum boʻlishicha, universitet maʼmuriyati tomonidan talabalarning migratsiya hisobiga turish uzaytirilishi qoidalari toʻgʻrisida vakolatli organlarga oʻz vaqtida maʼlumot berilmagan.

    Oqibatda talabalar Rossiya Federatsiyasi hududida 90 kundan ortiq qolib ketgan va migratsiya qoidalari buzilgan deb baholanib, talabalarning xabariga koʻra, 40 ming rubl miqdorida jarima maʼmuriy jazosi toʻlashi talab qilingan.

    Ushbu holat Rossiya Federatsiyasining Inson huquqlari boʻyicha vakili tomonidan nazoratga olinib, Rossiya Federatsiyasi Ichki ishlar vazirligining Migratsiya xizmati bilan hamkorlikda tekshiruv oʻtkazildi.

    Oʻrganish natijalariga koʻra, chet ellik talabalarning vaqtincha turish muddatlarini uzaytirish toʻgʻrisida qaror qabul qilindi. Shuningdek, hududiy ichki ishlar organlariga ushbu talabalarga nisbatan jarima solish yoki Rossiya Federatsiyasi hududidan maʼmuriy chiqarib yuborish kabi maʼmuriy jazo choralarini istisno tariqasida qoʻllamaslik boʻyicha koʻrsatmalar berildi.

    Eng ahamiyatlisi, ushbu holatga oʻz vaqtida hal etilmaganida talabalar Rossiya Federatsiyasi hududidan maʼmuriy tarzda chiqarib yuborilishi mumkin edi.

    Ushbu ish ortidan nafaqat Oʻzbekiston talabalarining, balki Qozogʻiston, Qirgʻiziston, Tojikiston, Ozarbayjon, Moldova, Belarus davlatlaridan kelib talim olayotgan 200 dan ortiq talabalarining ham muammolari ijobiy yechim topdi.