100 metrlik davlat bayrogʻi Xorazmdan Toshkent tomon yoʻl oldi

    Millat bayrogʻi. U – ona Vatan timsoli, ota yurt ramzi. Unga razm solganimizda, qalbimiz oʻzgacha gʻurur va koʻtarinkilikni, faxr tuygʻusini his qiladi.

    18-noyabr – Oʻzbekiston Respublikasi Davlat bayrogʻi qabul qilingan kun munosabati bilan butun yurtimiz boʻylab madaniy tadbirlar, aksiya va fleshmoblar oʻtkazilyapti. Jumladan, Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi, Oʻzbekiston mahallalari uyushmasi, Yoshlar ishlari agentligi, Mudofaa vazirligi va Milliy gvardiya hamkorligida oʻziga xos loyiha amalga oshirilmoqda. Gap shundaki, rekord darajadagi 100 metrlik davlat bayrogʻi yurtimiz boʻylab kezib, barchaga gʻurur-iftixor bagʻishlamoqda.

    Xorazmdan Toshkent tomon yoʻlga chiqqan bayrogʻimiz jasur harbiylar, shijoatli yoshlar, vatanparvar yurtdoshlarimiz tomonidan dastlab Ichan-qalʼadan yoʻlga tushib, Buxoroning Ark qalʼasidan olib oʻtildi. Endi ulkan bayrogʻimiz Samarqandga yetib keladi. 18-noyabr – Oʻzbekiston Respublikasi Davlat bayrogʻi qabul qilingan kuni esa poytaxtimizga yetkazib kelinadi.

    Bu kabi oʻziga xos loyihadan maqsad – yurtdoshlarimiz, ayniqsa, oʻsib kelayotgan yosh avlod ongida ona yurtga, davlat ramzlariga, xususan, bayrogʻimizga nisbatan hurmat va daxldorlik hissini uygʻotishdan iborat. Yurtdoshlarimizda milliy gʻurur va vatanparvarlik tuygʻularini kuchaytirishda, millatning oʻtmishi, buguni va ertasidan faxrlanish hissini uygʻotishda bu kabi loyihalar alohida ahamiyatga ega.