Oʻzbekiston Respublikasi Davlat bayrogʻi qabul qilinganiga 33 yil boʻldi

    Bugun, 18-noyabr – Oʻzbekiston Respublikasi Davlat bayrogʻi qabul qilingan kun. Bundan 33-yil muqaddam, yaʼni 1991-yil 18-noyabrda “Oʻzbekiston Respublikasi Davlat bayrogʻi toʻgʻrisida”gi qonun qabul qilingan.

    Mazkur qonunda Oʻzbekiston Respublikasining Davlat bayrogʻi Oʻzbekiston Respublikasi davlat suverenitetining ramzi ekani va Oʻzbekiston Respublikasining Davlat bayrogʻi xalqaro munosabatlarda Oʻzbekiston Respublikasining timsoli ekani belgilab qoʻyilgan.

    Darhaqiqat, Oʻzbekiston Respublikasi bayrogʻi – Vatan timsoli. Uni koʻrganda, har bir yurtdoshimiz qalbida gʻurur, umid va ishonch uygʻonadi.

    Ayniqsa, yurtdan bir qadam olis ketgan fuqarolarimiz Vatan bayrogʻini koʻrganda, yuragi beixtiyor hapriqib ketadi. Ortida togʻdek suyanchi – davlatimiz borligini his etadi.

    Bayroqdagi ranglar, tasvirlar hayotbaxshligi, yaʼni unda tiriklik, tinchlik va yangilanishni aks ettiruvchi maʼno mujassamlashgani uchun ham u yuraklarimizga juda yaqin.

    Maʼlumki, 2023-yilda “Oʻzbekiston Respublikasining Davlat bayrogʻi toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi qonuniga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish haqida”gi qonun qabul qilindi.

    Mamlakatimizning jahon maydonidagi nufuzi tobora oshib borayotgani, ayniqsa, madaniyat, sport va ilm-fan sohalarida katta gʻalabalarga erishilib, Oʻzbekiston Respublikasining Davlat bayrogʻi jahon uzra baland koʻtarilayotganini inobatga olib, qonun bilan undan foydalanish imkoniyati yanada kengaytirildi.

    Qonun bilan Davlat bayrogʻidan sport musobaqalarida, ommaviy jismoniy tarbiya va madaniy tadbirlarda, rasmiy xalqaro tadbirlarda, oilaviy bayramlarda, xotira sanalarini nishonlashda, jamiyat va davlat arboblari, harbiy xizmatchilarning dafn marosimlarida hamda boshqa hollarda hurmatni taʼminlagan holda foydalanish mumkinligini nazarda tutuvchi meʼyorlar joriy etildi.

    Bayroq tasviri tushirilgan belgilardan foydalanishda ham aholiga keng imkoniyatlar yaratildi. Jumladan, bayroqdan jamoat joylarida, binolar va boshqa obyektlarda, yashash yoki ish joylarida, transport vositalarining salonida, rasmiy xalqaro tadbirlarda, harbiy yoki boshqa davlat xizmatida boʻlgan shaxslarning kiyim-boshida va farqlovchi nishonlarida, xalqaro sport musobaqalari hamda Oʻzbekiston chempionatlari uchun sport kiyim-boshini tayyorlashda foydalanish mumkin.

    Bundan tashqari, bayroqdan va uning tasviri tushirilgan belgilardan odob-axloq qoidalari va jamiyatda yurish-turish qoidalariga zid ravishda yoxud ularni tahqirlash hisoblanadigan boshqacha tarzda foydalanishga yoʻl qoʻyilmasligi ham qonunda aks etdi.

    Qonun davlat bayrogʻidan foydalanish imkoniyatini kengaytirishga hamda aholi, ayniqsa yoshlarda vatanparvarlik hissining yanada oshishiga, eng muhimi, xalqimizning bayroq bilan yanada yaqinroq munosabatda boʻlishiga zamin yaratdi.