Bayrogʻimiz – faxru gʻururimiz!

    Davlat ramzlari tarixdan doimo ulugʻ va muqaddas hisoblab kelinadi. Xususan, mustaqilligimiz timsoli – milliy bayrogʻimiz oʻzida xalqimizning asriy orzu-istaklari, gʻayrati va shijoatini mujassam etgan.

    “Oʻzbektelekom” AK tomonidan Kompaniya ijro apparati va tarkibidagi filiallar xodimlari, yoshlar yetakchilari va faollar ishtirokida Davlat bayrogʻi qabul qilinganligining 33-yilligi munosabati bilan “Bayrogʻimiz – faxru gʻururimiz!” mavzusida oʻtkazilgan davra suhbatida ham ayni shular haqida soʻz yuritildi.

    Davra suhbati avvalida “Oʻzbektelekom” AK Boshqaruv raisining tijorat masalalari boʻyicha oʻrinbosari Javlon Islamov, Kompaniya Faxriylar kengashi raisi Gʻolibsher Ziyayev soʻz olib, bayroq har bir xalq va millatning shonli oʻtmishi, buyuk kelajagi, anʼana va azaliy urf-odatlarini oʻzida aks ettirishini taʼkidladi.

    Jumladan, Faxriylar kengashi raisi Gʻ.Ziyayev davlatimiz bayrogʻi xalqaro maydonlarda, jumladan, Oʻzbekiston Respublikasi rasmiy delegatsiyalarining xorijiy mamlakatlarga safarlari chogʻida, xalqaro tashkilotlarda, konferensiyalar, jahon koʻrgazmalari va sport musobaqalarida mamlakatimiz timsoli boʻlib turishini aytib oʻtdi. Ayniqsa, soʻnggi yillarda sportchilarimiz qoʻlga kiritgan gʻalabali onlarda milliy bayrogʻimizning yuqoriga koʻtarilishi har birimizga oʻzgacha gʻurur bagʻishlashini alohida eʼtirof etdi.

    Shundan soʻng, tadbir mehmoni – Yuridik fanlar doktori, professor Feruza Muhitdinova davra suhbati ishtirokchilariga Davlat bayrogʻining qabul qilinishi va u haqida mamlakatimizning har bir fuqarosi bilishi lozim boʻlgan muhim maʼlumotlarni berib oʻtdi.

    Davra suhbati soʻngida ishtirokchilar oʻzlarini qiziqtirgan barcha savollarga atroflicha javob olishdi.


    “Oʻzbektelekom” AK axborot xizmati


    Reklama