1000 gradusdan ortiq harorat

    Mamlakatimiz olimlari quyosh nuridan foydalanib suvdan yuqori harorat (1600 gradus)da vodorod olish bo'yicha tadqiqotlar olib boradi.

    Ma'lumki, tabiiy qazilma boyliklar zaxirasi cheklangan va ertami kechmi qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanishga majbur bo'lamiz. Bu borada quyosh, shamol va vodorod energiyasidan foydalanish eng istiqbolli yo'nalishlardan hisoblanib, qayta tiklanuvchi energiya manbalari turkumiga kiradi.

    O'zbekiston 2018-yilda iqlim o'zgarishlari bo'yicha Parij bitimini imzoladi va haroratning muntazam oshishi bilan bog'liq o'sib borayotgan global tahdidlarga kompleks javob qaytarish maqsadida yalpi ichki mahsulotda uglerod hajmdorligini 2030-yilda 2010-yildagiga nisbatan 10 foizga kamaytirish majburiyatini oldi. Uni bajarish mamlakat yoqilg'i-energetika majmuasini uglerod yoqilg'ilariga qaramligini kamaytirish, energiya manbalarini diversifikatsiyalash va tizimlarni intellekutalizatsiyalash kabi barqaror rivojlanish maqsadlariga erishishda muhim ahamiyat kasb etadi.

    Vodorod energiyasi iqtisodiyotning turli soxalarida, jumladan, energetika, kimyo sanoatida va transport infratuzilmasidagi o'rni beqiyosdir. Xususan, uni ichki yonuv dvigitellariga yoqilg'i sifatida ishlatish uchun boshqalariga nisbatan yuqori samaradorlikka ega. SHu bilan birga, vodorod energiyasini ishlatishda atmosferaga zaharli karbonat angidrid gazlarining (SO2) chiqarilmasligi uni ekologik jihatdan ham afzalligini ta'minlaydi. Mamlakatimiz olimlari quyosh nuridan foydalanib suvdan yuqori harorat (1600 gradus)da vodorod olish bo'yicha tadqiqotlar olib boradi.

    Shuni ham unutmaslik kerakki, vodorodni ishlab chiqarishda baribir an'anaviy yoqilg'i manbalaridan foydalanishga to'g'ri keladi. Biroq, oxirgi yillarda olib borilayotgan izlanishlardan ma'lumki, quyosh va shamol elektr stantsiyalaridan foydalangan holda, “yashil” vodorod olish va uni iktisodiyotimizning turli sohalarida qo'llanilishi katta imkoniyatlar yaratadi. Respublikamizda yirik ana shunday stantsiyalarni qurib, ishga tushirilishi natijasida yaqin kelajakda elektr energiyasi tanqisligi muammosini to'la hal qilinadi. Binobarin, yildan yilga, ular tomonidan ishlab chiqarilgan elektr energiyasining tannarxi arzonlashmoqda va vodorod olish texnologiyalari takomillashib, atmosferaga chiqariladigan SO2 gazining ulushi tobora kamayib bormoqda. Buning natijasida O'zbekiston elektr energiyasi eksportini bir necha baravar oshirish va “yashil” vodorod ishlab chikarish imkoniga ega bo'ladi. Bundan tashkari, bu sohada o'n minglab yuqori texnologik ishchi o'rinlari yaratiladi.

    Davlatimiz rahbarining 2021-yil 9-apreldagi “O'zbekiston Respublikasida qayta tiklanuvchi va vodorod energetikasini rivojlantirish chora-tadbirlari to'g'risida”gi qarorida xuddi shu kabi muhim jihatlar inobatga olingani holda, energetika vazirligi huzurida Qayta tiklanuvchi energiya manbalari milliy ilmiy-tadqiqot instituti hamda ushbu institut tuzilmasida Vodorod energetikasi ilmiy-tadqiqot markazi, qayta tiklanuvchi va vodorod energetikasi texnologiyalarini sinash va sertifikatlash laboratoriyasini tashkil etish ko'zda tutilgan.

    “Yo'l xaritasi”da ushbu sohadagi yetakchi ilmiy muassasa faoliyatining ustuvor yo'nalishlari qamrab olingan bo'lib, bunda, avvalambor, soha rivojiga qaratilgan ilmiy-tadqiqot izlanishlarini maqsadli va tizimli tashkil qilish hamda ularning natijalarini, iqtisodiyot tarmoqlari va ijtimoiy sohada energiya samaradorligini yanada oshirishga, ishlab chiqarishga keng joriy etishga e'tibor qaratilgan. Vodorod texnologiyalari bo'yicha ilmiy-texnik kengash faoliyatini yo'lga qo'yish, ushbu yo'nalishdagi ilmiy izlanishlarga xorijiy mutaxassislarni jalb etish, yuqori malakali kadrlarni maqsadli tayyorlashni yo'lga qo'yish ham ustuvor vazifalar sirasiga kiradi. Toshkent davlat texnika universitetida “Muqobil energiya manbalari” bakalavriat ta'lim yo'nalishiga qabul parametrlarini oshirish, 2024/2025-o'quv yilidan boshlab universitetda “Vodorod energetikasi va texnologiyalari” magistratura mutaxassisligi bo'yicha kadrlar tayyorlash va vodorod energetikasi texnologiyalari ixtisosligi bo'yicha doktorantura faoliyatlarini tashkil etish choralari ham ko'zda tutilgan.

    Ma'lumki, sohani rivojlantirishda “yashil” vodorod energiyasini olish qanchalik muhim bo'lsa, uni saqlash hamda taqsimlash manzillariga yetkazib berish ham shunchalik mas'uliyatni taqozo etadi. Bu borada xorijiy hamda mahalliy ishlab chiqaruvchilar tomonidan qo'llanilayotgan texnologiyalarni xalqaro andozalar, standartlarga mos kelishini sinash va sertifikatlashtirishni yo'lga qo'yish soha rivoji va infratuzilmasining kafolati hisoblanadi. Shu nuqtai nazardan, Qayta tiklanuvchi va vodorod energetikasi texnologiyalarini sinash va sertifikatlash laboratoriyasi normativ hujjatlarni ishlab chiqish va (yoki) ularni xalqaro (davlatlararo, mintaqaviy) standartlar talablariga moslashtirish ishlarini yo'lga qo'yuvchi va tartibga soluvchi muhim tarkibiy tuzilma bo'lib xizmat qiladi.

    Mamlakatimizda qayta tiklanuvchi energiya manbalari kabi vodorod energetikasi ham endi rivojlanib kelayotgan soha bo'lib, bu borada dunyoda yetakchi sanalgan AQSH, Yaponiya, Yevroittifoqi mamlakatlari, Janubiy Koreya, Xitoy kabi davlatlar kompaniyalarining faoliyatini o'rganish, ularda yosh, umidli olimlar, ilmiy tadqiqotchilarimizning malaka oshirishini ta'minlash mazkur soha bo'yicha institutsional muhitni jadal rivojlantirishda asqotadi.

    Nuraddin MATCHANOV,

    texnika fanlari doktori