Haftalik davomida yangi kinoloyihalar taqdimoti, yoshlar uchun mahorat darslari, davra suhbatlari, kasting va konferensiyalar hamda yangi filmlar premyeralari boʻlib oʻtishi rejalashtirilgan.
Bundan tashqari, Respublika boʻylab taniqli kinoijodkorlar bilan ijodiy uchrashuvlar tashkil etilib, aholi bilan oʻzbek kino sanʼati tarixi va bugungi kuni boʻyicha muloqot uyushtiriladi. Uchrashuvlar soʻnggida bir qator tarixiy-badiiy filmlarning bepul namoyishi boʻlib oʻtadi. Ushbu haftalik Davlat rahbarining noyabr oyida yangilangan “Oʻzbekfilm” studiyasiga tashrifi davomida berilgan topshiriqlari ijrosi yuzasidan oʻtkazilmoqda.
Tashrif davomida Prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan sohaning rivojlanish yoʻli belgilab berilib, kinoijodkorlar oldiga qator topshiriq va vazifalar qoʻyilgan edi. Kino haftalik doirasida yosh kinoijodkorlar uchun Butunrossiya davlat kinematografiya institutining Toshkentda filialini ochish, Toshkent Xalqaro kinofestivalini tashkil qilish, chet elda saqlanayotgan oʻzbek filmlarini qaytarish, yosh kinoijodkorlarga sharoit va imkoniyat yaratish kabi muhim topshiriqlar boʻyicha ekspertlar hamda mutaxassislar bilan “Oʻzbekkino”ning 2021-yilgi “yoʻl xaritasi” qabul qilinadi.
“Oldimizga qoʻyilgan vazifalarni amalga oshirishda soha vakillari, ekspertlar va yangi loyihalar ishtirokchilarining taklif va tavsiyalariga ehtiyoj paydo boʻldi. Ushbu yoʻl xaritasini “kabinet”larda emas, balki kinojamoatchiligi bilan muhokama qilib ishlab chiqish muhim ahamiyatga ega” – deya fikr bildirdi “Oʻzbekkino” Milliy agentligi Bosh direktori Firdavs Abduxoliqov.
Shuningdek, haftalik davomida milliy multiplikatsiya, hujjatli va badiiy filmlar hamda yosh kinoijodkorlar kunlari oʻtkaziladi. Haftalikning har kuni bir-biridan qiziq oʻndan ortiq tadbir va uchrashuvlar, bir nechta kasting va pitchinglar, kino sohasiga oid dolzabr mavzularda davra suhbatlari hamda ijodiy uchrashuvlardan iborat boʻlib, kun soʻngida yangi premyeralar namoyishi boʻlib oʻtadi.
“Oʻzbekkino” Milliy agentligi Axborot xizmati