Kun.uz eʼlon bilan tanishib chiqqanini va nomaʼlum xaker «markazning ichki tizimlariga kirgani» hamda ayrim davlat idoralari maʼlumotlar bazalariga kirish huquqini qoʻlga kiritganini daʼvo qilganini maʼlum qildi.

Xaker oʻz gaplarini «isbotlash» maqsadida goʻyoki 100 nafar xodimga oid maʼlumotlarni — ism-familiya, lavozim va JShShIR raqamlarining qisman koʻrinishini eʼlon qilganini bildirgan.

Shu bilan birga, xaker ushbu maʼlumotlardan tashqari yanada koʻproq va «maxfiyroq» maʼlumotlarga egaligini ham iddao qilgan.

Biroq Kiberhavfsizlik markazi mazkur xabarlarni inkor etdi. Rasmiy maʼlumotga koʻra, oʻtkazilgan tekshiruvlar natijasida markaz axborot tizimlariga hech qanday ruxsatsiz kirish holatlari aniqlanmagan. Shuningdek, markaz faoliyatida tarqalgan xabarlarda tilga olingan turdagi maʼlumotlar bazasi mavjud emasligi qayd etildi.

Eslatilishicha, amaldagi qonunchilikka muvofiq, har bir sayt egasi yoki bloger internetda axborot joylashtirishdan oldin uning ishonchliligini tekshirishi shart. Yolgon maʼlumotlar aniqlangan taqdirda, ular zudlik bilan oʻchirilishi lozim.

Mutaxassislar aholini asossiz xabarlarga ishonmaslikka va faqat rasmiy manbalarga tayanishga chaqirmoqda.