15-fevraldan joylarda muddatli harbiy xizmatga chaqiruv ishlari boshlandi

    Bu haqda AOKAda Mudofaa vazirligi mutasaddilari ishtirokida oʻtkazilgan matbuot anjumanida maʼlum qilindi:

    Joriy yilning 7-fevral kuni Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolarining muddatli harbiy xizmatga navbatdagi chaqiruvi hamda belgilangan xizmat muddatini oʻtab boʻlgan muddatli harbiy xizmatchilarni Qurolli Kuchlar rezerviga boʻshatish toʻgʻrisida”gi qaroriga muvofiq, mudofaa ishlari boshqarmalarining chaqiruv va yigʻin punktlarida fuqarolarni muddatli harbiy xizmatga navbatdagi chaqiruvi hamda harbiy qismlarda belgilangan xizmat muddatini oʻtab boʻlgan muddatli harbiy xizmatchilarni Qurolli Kuchlar rezerviga boʻshatish tadbirlari boshlandi.

    Mazkur qaror talablariga muvofiq, joriy yilning mart-aprel oylarida chaqiruv yoshidagi fuqarolar Davlat xavfsizlik xizmati Chegara qoʻshinlari, Ichki ishlar vazirligi Qorovul va xalqaro aeroportlarni qoʻriqlash qoʻshinlari, Milliy gvardiya, Favqulodda vaziyatlar va Mudofaa vazirliklari qoʻshinlariga muddatli harbiy xizmatni oʻtash uchun yuborish, muddatli harbiy xizmat muddatini oʻtab boʻlgan fuqarolarni Qurolli Kuchlar rezerviga boʻshatish ishlari oʻtkaziladi.

    Taʼkidlash lozimki, joriy yilning 15-fevralidan boshlab joylarda chaqiriluvchilarni tibbiy koʻrikdan oʻtkazish, ularni harbiy qismga joʻnatish uchun komandalarga tayinlash ishlari boshlandi. Bugungi kunda tuman (shahar) mudofaa ishlari boʻlimlari huzurida Qurolli Kuchlarni butlash hamda hududiy-tibbiy komissiyalar ish faoliyatlarini olib borayotgan boʻlsa, joriy yilning 20-fevralidan boshlab esa Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar yigʻin punktlarida Rahbariyat kengashlari hamda harbiy-tibbiy komissiyalar ish faoliyatini boshlaydi.

    Fuqarolarning muddatli harbiy xizmatni oʻtash tizimini takomillashtirish borasida koʻrilgan chora-tadbirlar Qurolli Kuchlarni chaqiriluvchilar bilan toʻldirishni sifat jihatidan yaxshilash imkonini bermoqda. Xususan, harbiy xizmatga chaqirish tadbirlari Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 6-martdagi “Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolarini harbiy xizmatga chaqirish tartibini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” qaroriga muvofiq amalga oshirilmoqda.

    Unga muvofiq chaqiruv tadbirlarini oʻtkazish masʼuliyati harbiy okrug qoʻshinlari qoʻmondonlariga yuklatilgan. Yoshlarni muddatli harbiy xizmatga saralab olish, harbiy komandalarga tayinlash tadbirlari Mudofaa, Ichki ishlar, Favqulodda vaziyatlar vazirliklari, Milliy gvardiya, DXX Chegara qoʻshinlari vakillaridan iborat Butlash komissiyalari hamda Rahbariyat kengashlari, nomzod chaqiriluvchilarni tibbiy koʻrikdan oʻtkazish ishlari harbiy gospital harbiy shifokorlari hamda Sogʻliqni saqlash vazirligi shifokor-mutaxassislardan iborat harbiy-tibbiy komissiyalar tomonidan oʻtkaziladi.

    Bugungi kunda Qurolli Kuchlar safini jismonan baquvvat va ruhan sogʻlom fuqarolar bilan butlash maqsadida muddatli harbiy xizmatga chaqirilish tartibi ikkita bosqichda oʻtkaziladi:

    ▪️ birlamchi tibbiy koʻrik – tuman, shahar udofaa ishlari boʻlimlari chaqiruv punktlarida hududiy tibbiy komissiyalari tomonidan;

    ▪️ chuqurlashtirilgan tibbiy koʻrik – Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar mudofaa ishlari boshqarmalaridagi yigʻin punktlarida harbiy tibbiy komissiyalari tomonidan.

    Tuman (shahar) mudofaa ishlari boʻlimlaridagi hududiy tibbiy komissiyalari tarkibiga tuman (shahar) tibbiyot birlashmalaridan ajratiladigan jarroh, terapevt, dermatovenerolog, stomatolog, oftalmolog, otorinolaringolog, psixiatr va nevrolog kiradi. Ular joriy yilning 15-fevralidan 30-apreligacha faoliyat yuritadi.

    Chaqiriluvchidan ruhiy-asab kasalliklari va narkologik dispanserlaridan maʼlumotnomalar talab qilinmaydi. Mudofaa ishlari boʻlimlari tomonidan “Davlat xizmatlari markazi” tomonidan chaqiriluvchiga ruhiy-asab kasalliklari, narkologik, teri-tanosil dispanserlari, OITSga qarshi kurashish va sanitariya-epidemiologiya osoyishtaligi, ftiziatriya va pulmonologiya markazlari roʻyxatida turuvchi chaqiriluvchilar toʻgʻrisida maʼlumotlar yigʻiladi.

    Shuningdek, joriy yilning 15-mart kunidan boshlab mudofaa ishlari boshqarmalari huzuridagi harbiy-texnika mutaxassisliklar tayyorlash markazlarida 9 ta mutaxassislik boʻyicha oʻqish jarayoni boshlanadi. Shunga muvofiq, joylardagi mudofaa ishlari boʻlimlari tomonidan harbiy-texnika mutaxassislik boʻyicha oʻqish istagida boʻlgan yoshlarni saralab olish ishlari oʻtkaziladi.

    Xulosa oʻrnida taʼkidlash lozimki, chaqiruv tadbirlarini sifatli oʻtkazilishi Qurolli Kuchlar safini sogʻlom va baquvvat, vatanparvar yoshlar bilan butlashga, muddatli harbiy xizmatga chaqirish ishlarining shaffofligini taʼminlashga va tashkil etilayotgan Rahbariyat kengashi va qoʻshinlarni butlash boʻyicha komissiya faoliyatiga nisbatan ishonchga, eng asosiysi chaqiriluvchi va ularning ota-onalarida ijtimoiy adolat mavjudligiga erishilmoqda.