Energetika vazirligining maʼlum qilishicha, oʻtkazilgan tadbirlarda, mart oyining oʻtgan 15 kuni davomida respublika boʻyicha 106 ta holatda ulurji isteʼmolchilar tomonidan amaldagi qoidalarga rioya etmagan holda 7 million 864 ming kub metr hajmdagi tabiiy gazdan noqonuniy va nooqilona foydalanish holatlari aniqlandi. Buning natijasida, gaz taʼminoti korxonalari manfaatlariga 7 milliard 646 million soʻm zarar yetkazilgan.
Ushbu miqdordagi tabiiy gaz 583 000 xonadonning bir kunlik (yoki Fargʻona va Namangan viloyatlari jami aholi xonadonlarining 1 kunlik isteʼmoliga teng) isteʼmolini tashkil qiladi.
Noqonuniy foydalanish holatlarining eng koʻpi – Fargʻona viloyatida 5 million 6 ming kub metr yoki 5 milliard 6 million soʻm, Buxoro viloyatida 1 million 128 000 kub metr yoki 1 milliard 127 million soʻm hamda Surxondaryo viloyatida 596 ming kub metr tabiiy gaz yoki 593 million soʻmni tashkil etgan.
Aniqlangan barcha holatlar boʻyicha tegishli hujjatlar rasmiylashtirilib huquqni muhofaza qiluvchi organlarga taqdim etilgan.