15-mart — Butunjahon iste'molchilar kuni

    Mablag'larning 54,1 milliard so'mi qayta hisob-kitob qilib berilishi natijasida 2,2 million nafardan ortiq iste'molchining huquqlari tiklanishiga erishildi.

    Iste'molchi — doim haq. Bu iborani so'zda avvaldan ko'p bor takrorlaymiz. Ammo uning amaldagi ifodasi so'nggi yillardagina ko'zga tashlana boshladi. Bugun mamlakatimizda har bir iste'molchi huquqi chin ma'noda qonun himoyasida.

    Prezidentimizning 2019-yil 11-sentyabrdagi tegishli farmoni bilan Monopoliyaga qarshi kurashish qo'mitasi huzurida tashkil etilgan Iste'molchilar huquqlarini himoya qilish agentligi ana shu vazifani bajarib kelmoqda. Sohada tub burilish yasagan mazkur agentlik iste'molchilar huquqlarini himoya qilishda yagona davlat siyosati hamda davlat organlari va tashkilotlari faoliyatini muvofiqlashtiruvchi vakolatli tuzilma sifatida tan olinib, yo'nalishda alohida yangi institut yaratildi.

    Agentlikning asosiy vazifasi, birinchi navbatda, iste'molchilarning nomuayyan doirasi huquqlari va manfaatlarini himoya qilishdan iborat. Bu fuqarolar yo'llagan murojaatlarni o'rganib, ularga huquqiy baho berish va turli tartibda choralarni qo'llash asnosida amalga oshiriladi.

    Shu o'rinda, iste'molchi o'zi kim, degan savol tug'iladi. Aslida, jamiyatning to'laqonli a'zosi sifatida har birimiz iste'molchimiz. O'zbekiston Respublikasi “Iste'molchilarning huquqlarini himoya qilish to'g'risida”gi Qonunda esa iste'molchi — foyda chiqarib olish bilan bog'liq bo'lmagan holda shaxsiy iste'mol yoki boshqa maqsadlarda tovar sotib oluvchi, ish, xizmatga buyurtma beruvchi yoxud shu niyatda bo'lgan fuqaro, deya izohlanadi. Mazkur qonunning 4-moddasida iste'molchilarning asosiy huquqlari ham belgilab berilgan. Ya'ni tovar, shuningdek, ishlab chiqaruvchi haqida to'g'ri va to'liq ma'lumot olish, tovar, ish yoki xizmatni erkin tanlash va uning tegishli darajada sifatli bo'lishini talab qilish huquqiga egamiz. Aks holda, tovarni qaytarib berish yoki boshqasiga almashtirishimiz, barcha xizmatlar borasida ham shunday yo'l tutishimiz mumkin. Mazkur huquqlarimiz qonun bilan kafolatlangan.

    Dunyo mamlakatlarida iste'molchilar huquqlari eng yuqori darajada ta'minlanishiga guvoh bo'lamiz. Bunga fuqarolarning iste'molchi madaniyati va huquqlaridan to'la xabardorligi ham sabab. Boisi, aksariyat davlatlarda bu boradagi targ'ibotlarga katta e'tibor qaratiladi. Turli tadbirlar, reklamalar orqali iste'molchi huquqlari haqida ma'lumotlar berib boriladi.

    Har yili 15-mart sanasida nishonlanadigan Butunjahon iste'molchilar huquqlarini himoya qilish kuni ham ana shu maqsadlarga yo'naltiriladi. Sana tarixi o'tgan asrning 60—80-yillarida AQSHda sodir bo'lgan bir voqea bilan bog'liq. Gap shundaki, mamlakatda temiryo'l kompaniyalarining yo'lovchi va yuk tashish xizmatlari narxlarini keskin oshirib yuborishi iste'molchilarning noroziliklari, ya'ni huquq va manfaatlarini muhofaza qilishga qaratilgan harakatlar avj olishiga sabab bo'ladi. Natijada temiryo'l tariflari ustidan davlat o'z nazoratni o'rnatib, Senatda yangi maxsus organ — shtatlararo savdo bo'yicha komissiya tuziladi. Mazkur iste'molchilik ijtimoiy harakati BMT tomonidan e'tirof etilishi ortidan alohida sana joriy etilgan.

    An'anaga ko'ra, Consumer International har yili Butunjahon iste'molchilar huquqlarini himoya qilish “yil mavzusi”ni belgilaydi. Xalqaro tashkilot joriy yilgi sananing kun mavzusini “Adolatli raqamli moliyaviy xizmatlar” deya e'lon qildi.

    Haqiqatan, koronavirus pandemiyasi sabab barcha sohalar faol raqamlashtirishga o'tishni taqozo etmoqda. Raqamli texnologiyalar dunyo bo'ylab to'lovlar, kreditlash, sug'urta va aktivlarni boshqarishni qayta shakllantirib, moliyaviy hizmatlar iste'molchilari uchun asosiy vositaga aylanib boryapti. Qolaversa, raqamli moliyaviy xizmatlar va texnologiyalar jahonda sezilarli o'zgarishlarga olib keldi. “Juniper Research” kompaniyasi tahlillariga ko'ra, 2024-yilga borib, raqamli bank xizmatlaridan foydalanuvchilarning soni 3,6 milliarddan ortishi kutilmoqda. Boshqa tadqiqotlar esa 39 foiz kompaniyalar birinchi navbatda moliyaviy texnologiyalarni joriy etishga e'tibor qaratayotganini ko'rsatyapti. Tabiiyki, bu tizimda iste'molchilar huquqlarining buzilish holatlari ham ortadi. Shu bois, raqamli moliyaviy xizmatlarning tez rivojlanayotgan va murakkab xarakteri iste'molchilarning huquq va imkoniyatlarini kengaytirishga asoslangan innovatsion tartibga solish yondashuvlariga ehtiyoj borligini tasdiqlaydi.

    Bugungi kunda Iste'molchilar huquqlarini himoya qilish agentligi faoliyati ham zamonaviy texnologiyalarga asoslangan. Murojaatlarni tezkor qabul qilish maqsadida raqamli, shaffof elektron tizimlar joriy etilgan. Quvonarlisi, aholining agentlik faoliyatiga ishonchi kun sayin ortib boryapti. Buni murojaatchilar sonida ham ko'rish mumkin.

    Jumladan, 2021-yil davomida iste'molchilarning murojaatlari, ijtimoiy tarmoqlar orqali bildirilgan fikrlar hamda boshqa idoralar tomonidan taqdim etilgan ma'lumotlar asosida 826 ta o'rganish va tahlillar o'tkazildi. Ana shu o'rganishlar asosida iste'molchilardan jami 127,1 milliard so'm miqdorida ortiqcha mablag' olingani aniqlanib, ushbu mablag'larning 54,1 milliard so'mi qayta hisob-kitob qilib berilishi natijasida 2,2 million nafardan ortiq iste'molchining huquqlari tiklanishiga erishildi.

    Murojaatlar orasida sifatsiz tovarni qaytarib olmaslik bilan bog'liq muammodan tortib, qish mavsumida issiqlik, tabiiy gaz ta'minoti amaldagi standart talablari darajasida yetkazib berilmagani, ichimlik suv yetkazib berish bilan bog'liq masalalargacha mavjud. Agentlikda har bir murojaat qonun doirasida o'rganilib, zarur choralar ko'rib kelinmoqda. Masalan, tabiiy gaz ta'minotidan uzilgan ayrim hududlarda fuqarolarning tabiiy gaz uchun oldindan to'lovlari hisobiga, 534 ming iste'molchining qariyb 24,0 milliard so'm haqdorliklari mavjudligi qayd etilgan. Agentlik tomonidan “Hududgazta'minoti” AJga nisbatan tegishli tartibda ish ko'zg'atilib, bugungi kunda 19 460 nafar iste'molchiga 1,9 milliard so'm miqdordagi mablag'lar qayta hisob-kitob qilingan, qolgan mablag'ni qaytarish bo'yicha ishlar davom etmoqda.

    Shu bilan birga, aholiga ichimlik suv yetkazib berish hizmatlari uchun xaqlarni to'g'ri undirish masalasida ham bir qator muammolar kuzatilyapti. Tahlillar natijasida Qoraqalpog'iston Respublikasi, Jizzax, Qashqadaryo, Samarqand, Sirdaryo, Toshkent va Farg'ona viloyatlarida 515 ming nafar iste'molchidan 26,8 milliard so'm ortiqcha olingan mablag'lar aniqlanib, xozirda 131 mingta iste'molchiga 13,8 milliard so'm qayta hisob-kitob qilinishiga erishilgan.

    Iste'molchilar uchun qulaylik yaratish va sifatni ta'minlashni maqsad qilgan agentlik ijtimoiy tarmoqlar orqali tarqalgan ma'lumotlar asosida ham o'rganishlar olib boradi. Xususan, tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirish uchun berilgan 847 ta avtobus bekatlari holati o'rganilganda, ularning 771 tasida avtobus yo'nalish grafiklari mavjud emasligi, 533 tasida chiqindi tashlash jihozlari yo'qligi, 315 tasida kutish zali belgilangan hajmdan kichikligi, 309 tasida yo'lovchilar uchun o'rindiqlar mavjud (etarli) emasligi, 245 tasida yo'lovchilar uchun ajratilgan kutish zallari belgilangan sanitariya-gigiyena talablariga javob bermasligi ma'lum bo'lgan. O'rganish natijalari bo'yicha mavjud kamchiliklarni bartaraf etish yuzasidan Transport vazirligi va Qoraqalpog'iston Respublikasi vazirlar kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklariga axborot kiritilgan.

    Aytish joizki, mazkur axborotlar asosida tegishli tashkilotlar zarur choralarni ko'radi. Kamchiliklar bartaraf etilib, aholiga sifatli xizmat ko'rsatish ta'minlab kelinyapti. Fuqarolarning bevosita murojaatlarini hal etish esa agentlining asosiy vazifalaridan sanaladi. Bir so'z bilan aytganda, biz “iste'molchi — doim haq”, degan iborani faqat og'izda emas, balki amalda hayotiy shiorga aylantirishni maqsad qilganmiz.

    15-mart — Butunjahon iste'molchilar huquqlarini himoya qilish kunini esa insonlar oddiy sana emas, chin ma'noda huquqlarini kafolatlaydigan bayram sifatida qarshi olishi tarafdorimiz. Shu bois, joriy yil 15-fevraldan 15-martga qadar mamlakatimizda “Kontrafaktsiz oy” oyligi bo'lib o'tdi. Oylik doirasida respublika bo'ylab kontrafakt mahsulotlar savdosiga qarshi samarali kurash olib borildi.

    So'nggi yillarda odamlar kontrafakt mahsulot haqida yetarli tushunchaga ega bo'lib bormoqda. Tez-tez quloqqa chalinayotgan ushbu termin intellektual mulk huquqlarini buzgan holda ishlab chiqarilgan va sotiladigan tovarlarga nisbatan qo'llaniladi. Ko'pincha ichki iste'mol bozorida oziq-ovqat mahsulotlari, maishiy kimyo, kosmetika hamda dori-darmon kabi mahsulotlarga oson taqlid qilingan holda qalbakilashtiriladi va undan nusxalar olinadi. Insofsiz ishlab chiqaruvchilar qalbaki mahsulot bilan asl mahsulot nushalari o'rtasidagi (ko'pincha mashhur brendlardan ko'chiriladi) farqni sezmaydigan darajada xaridorlarning hayolida asl mahsulotning ong osti tasavvurini yaratadi va bu orqali ularni chalg'itishga harakat qiladi.

    Iste'molchilar esa e'tiborsizlik oqibatida o'rtadagi farqni sezmaydi va ularni soxta mahsulotlarning arzon narxlari o'ziga jalb qiladi. Vaholanki, qalbaki mahsulotlarni ishlab chiqarish va sotish nafaqat asl ishlab chiqaruvchilarning intellektual mulk huquqlarini buzadi, balki iste'molchilarning hayoti va sog'lig'iga tahdid soladi.

    An'anaga ko'ra, bahorning birinchi oyida Iste'molchilar huquqlarini himoya qilish agentligi va uning hududiy tuzilmalari tomonidan o'tkazilgan iste'molchilar madaniyati hamda aholining huquqiy bilimlarini yanada oshirishga qaratilgan qator tadbirlarda ham bu borada tushuntirishlar berildi. Joriy yilgi taqdimot-seminarlar sana maqsadiga mos tarzda “moliyaviy savodxonlik” mavzusiga bag'ishlandi. Jarayonda 150 dan ortiq ta'lim muassasalari, turli tashkilotlar qamrab olindi. Asosiy maqsad yosh avlodning moliyaviy xizmatlar sohasida iste'molchilik savodxonligini oshirishga qaratilgani bilan ahamiyatlidir.

    Elmurod HAITMETOV,

    Iste'molchilar huquqlarini himoya qilish agentligi direktori