Bojxona qo'mitasining Kontrabandaga qarshi kurashish boshqarmasi xodimlari DXX vakillari bilan hamkorlikda poytaxtimizning Shayxontohur tumanida o'tkazilgan tezkor tadbir davomida kuchli ta'sir qiluvchi dori vositalarining yashirin aylanmasiga chek qo'ygani xabar qilinmoqda.
O'tkazilgan tadbir davomida fuqaro T.S.ning avtomashinasi ko'zdan kechirilganida, avtoulovning salon qismida 40 konvalyuta (jami 560 dona) “Regapen peregabalin” nomli kuchli ta'sir qiluvchi dori vositasi borligi aniqlandi.
Shundan so'ng tezkor tadbir davom ettirilib, qonunbuzarning ko'rsatmasiga muvofiq poytaxtimizdagi dorixonalardan biri ko'zdan kechirilganida, ushbu dorixonada ham 40 konvalyutada (jami 560 dona) “Regapen peregabalin” va 29 ta konvalyutada jami 406 dona “Gerika peregabalin” nomli kuchli ta'sir qiluvchi dori vositalari borligi ma'lum bo'ldi.
O'tkazilgan tezkor tadbir davomida jami 1526 dona kuchli ta'sir qiluvchi dori vositalari qonunbuzarlardan olib qo'yildi.
Hozirda yuqoridagi holat yuzasidan jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ish qo'zg'atilgan.