Birlashgan Arab Amirliklaridan yuk avtotransport vositasida keltirilayotgan, hujjatlarga koʻra 48 ming 341 AQSH dollari qiymatidagi salkam 26 tonna ogʻirlikdagi parfyumeriya vositalari dastlab Buxoro viloyati bojxona boshqarmasi “Olot” chegara-bojxona posti orqali respublikamiz hududiga kiradi.
Tranzit tarzida harakatlanayotgan mazkur yuklar qoʻshni davlatga chiqishi uchun Fargʻona viloyatidagi “Oʻzbekiston” chegara bojxona postiga yoʻnaltiriladi.
Ammo, tezkor maʼlumotlar asosida mazkur yuk avtotransport vositasi Toshkent viloyatining Angren shahri hududida bojxona xodimlari tomonidan toʻxtatilib, belgilangan tartibda koʻzdan kechiriladi. Natijada, tegishli hujjatlarga muvofiq avtomashinaga ortilgan parfyumeriya vositalarining katta qismi yoʻl davomida tushirib qoldirilganligi maʼlum boʻldi.
Olib borilgan tezkor-qidiruv tadbirlaridan soʻng yuk avtotransport vositasidagi parfyumeriya tovarlari poytaxtimizning Sergeli tumanidagi omborlardan biriga noqonuniy ravishda tushirib qoldirilganligi aniqlandi.
Shunday qilib, mazkur tezkor tadbir natijasida sifatini va bojxona rasmiylashtiruvini tasdiqlovchi hujjatlari boʻlmagan 95 ming 577 dona parfyumeriya vositalarining yashirin aylanmasiga chek qoʻyildi.
Qiymati salkam 15,3 mlrd. soʻmni tashkil qilayotgan mazkur tovarlarning egasi ham aniqlanib, ushbu shaxsga nisbatan tegishli protsessual hujjatlar rasmiylashtirildi.
Holat yuzasidan bojxona organlari tomonidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda.
Taʼkidlash joizki, respublikamiz bojxonachilari tomonidan joriy yilning oʻtgan davri mobaynida aniqlangan 7824 ta kontrabanda va bojxona qonunbuzilishi holatlarida qiymati 574 mlrd. soʻmdan ziyod boʻlgan tovar-moddiy boyliklarning noqonuniy aylanmasiga chek qoʻyilgan.