15,7 ming nafardan ziyod abituriyent davlat granti ustuvorligidan foydalangan holda davlat granti asosida talabalikka tavsiya etilgan

    Ta'lim 29 Avgust 2023 1613

    Oʻzbekistonda abituriyentlarning 56,9 foizi beshtagacha taʼlim yoʻnalishini tanlash imkoniyatidan foydalangan holda talabalikka tavsiya etilgan.

    Bu haqda Bilim va malakalarni baholash agentligi maʼlum qildi.

    2023—2024 oʻquv yili uchun OTMlar bakalavriat taʼlim yoʻnalishlariga kirish test sinovi natijalariga koʻra 193 421 nafar abituriyent talabalikka tavsiya etilgandan, 180 ming nafarga yaqini umumiy qabul parametrlari doirasida oʻqishga qabul qilingan boʻlib, ularning:

    • 77 520 nafari (43,1 foizi) — birinchi taʼlim yoʻnalishiga;
    • 102 279 nafari (56,9 foizi) — ikkinchi-beshinchi taʼlim yoʻnalishiga talabalikka tavsiya etilgan.

    Bilim va malakalarni baholash agentligiga koʻra, abituriyentlarga yaratilgan eng yaxshi qulayliklardan biri roʻyxatdan oʻtishda beshtagacha taʼlim yoʻnalishini tanlash imkoniyati berilgani boʻlib, abituriyentlar oldingidek faqatgina bitta taʼlim yoʻnalishiga hujjat topshirganida ularning teng yarmidan koʻpi talabalikka tavsiya etilmagan boʻlardi.

    Bundan tashqari, 15,7 ming nafardan ortiq abituriyent davlat granti ustuvorligidan foydalangan holda davlat granti asosida talabalikka tavsiya etilgan.