Tadbirda Millatlararo munosabatlar va xorijiy mamlakatlar bilan doʻstlik aloqalari qoʻmitasi, Din ishlar qoʻmitasi, Toshkent shahar hokimligi hamkorligida tashkillashtirildi. Unda yurtimizda faoliyat olib borayotgan milliy madaniy markazlar raislari, diniy konfessiyalari rahbarlari va ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etishdi.
Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan oʻtgan yilning noyabr oyidan Oʻzbekistonda “Yashil Makon” umummilliy loyihasi boshlangan edi. Shuning uchun ham Oʻzbekistonda istiqomat qiluvchi barcha diaspora vakillari ushbu loyihani amalga oshirishda faol ishtirok etmoqda.
Markaz va diniy konfessiya rahbarlari tadbir haqida oʻz fikrlarini bildirib, Oʻzbekiston azaldan irqi, millati, tili, dini, ijtimoiy kelib chiqishi va eʼtiqodidan qatʼiy nazar, barcha insonlar uchun muqaddas zamin, yagona Vatan boʻlib kelganini alohida taʼkidlab oʻtishdi.
Millatlararo munosabatlar va xorijiy mamlakatlar bilan doʻstlik aloqalari qoʻmitasi raisi oʻrinbosari Azamat Toshev:
“Barchaga maʼlumki, davlatimiz rahbari oʻtgan yili “Yashil makon” umummilliy loyihasi tashabbusini ilgari surgan edi. Bu loyiha Bunday keng koʻlamli tashabbusning amalga oshirilishi natijasida shaharlarimizdagi yashil maydonlar hududi oshiriladi. Oʻylaymanki, Oʻzbekiston Respublikasida yashovchi barcha millat va elatlar yurtimizdagi tinchilik va osoyishtalikni namoyon etuvchi bagʻrikenglik bogʻini barpo etishadi. Davlatimiz rahbarining ushbu tashabbusi yurtimizda faoliyat yurituvchi 150dan ortiq milliy madaniy markazlar raislari va faollari tomonidan birdek qoʻllab quvvatlandi. Ular ushbu loyihada faol ishtirok etmoqda. Oʻtgan yili biz hamkasblarimiz bilan, turli millat va elat vakillari bilan poytaxtimizdagi “doʻstlik bogʻi” hududida alohida yer maydoni tashkil qilib daraxt koʻchatlarini ekkan edik. Bugun, “Yangi Oʻzbekiston” bogʻida “bagʻrikenglik bogʻi”ni barpo etmoqdamiz. Oʻylaymanki, kelajakda ushbu bogʻ yurtimizdagi tinchlik va totuvlikning amaldagi isboti boʻlib xizmat qiladi.”
Oʻzbekiston qirgʻiz milliy madaniy markazi raisi Rahmatulla Jabborov: “Milliy madaniy markaz faollari va yoshlarimiz bilan birgalikda “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida bagʻrikenglik bogʻini barpo etdik. Darhaqiqat shuni aytishimiz kerakki, ushbu loyiha hamma uchun birdek ibrat boʻladigan bir dastur boʻldi. Biz juda ham mamnunmiz. Chunki “Yashil makon” loyihasi doirasida koʻchatlar yaxshi niyatlar bilan ekilib, kelajakda yangi avlodga esda qolarlik bogʻlar qolishiga ishonamiz. Har bir daraht insonlarni kerakli boʻlgan kislorod bilan taʼminlaydi. Bu boradagi ishlar bardavom boʻlishini tilab qolaman. Barcha vatandoshlarimizni ushbu loyihada qatnashishga chaqiraman”.
Oʻzbekiston tojik milliy madaniy markazi raisi Gulandom Subhonova: “Davlatimiz rahbarining “Yashil makon” umummilliy loyihasiga oʻzimizning hissamizni qoʻshgani keldik. Albatta ushbu loyihani mazmuni juda ham katta. Chunki, hammamizga toza havo, musaffo osmon kerak. Nafaqat Toshkentda, balki, butun Oʻzbekiston boʻylab ushbu loyiha katta bir quvonch bilan, harakat bilan ajralib turibdi. Bugun biz barcha milliy madaniy markaz va diniy kofessiyalar bilan birgalikda bagʻrikenglik bogʻini birgalikda yaratib, loyihaning keyingi bosqichlarida ham oʻzimizning hissamizni qoʻshamiz deb oʻylayman. Biz albatta har doim ekilgan daraxtlarni parvarishlab borishda davom etamiz.”
Qayd etish joizki, “Yashil makon” umummilliy loyihasi bir yillik tadbir emas. Uning doirasida kelgusi besh yilda mamlakatimizda 1 milliard tup daraxt koʻchatini ekish rejalashtirilgan. Bu borada yurtimizda faoliyat olib borayotgan milliy madaniy markazlar vakillari ham faol boʻlishlariga ishonamiz.
Bahor kirib kelishi bilan bugun yurtimiz boʻylab obodonlashtirish, koʻkalamzorlashtirish ishlari boshlab yuborildi. Negaki, bugun erta borliq uygʻonib, bogʻu-rogʻlar yashillikka burkanadi. Bilamizki, yaxshi niyat bilan ekilgan daraxt koʻchatlarining soyasi ham, mevasi ham kun kelib insonlarga foyda beradi. Qolaversa atrof-muhit sofligiga, ekologik vaziyatning yaxshilanishiga xizmat qiladi.
Millatlararo munosabatlar va
xorijiy mamlakatlar bilan
doʻstlik aloqalari qoʻmitasi
Matbuot xizmati