Kiberxavfsizlik markazining xabar berishicha, Buxoro viloyati, Buxoro shahrida yashovchi 39 yoshli S.A. IIOga murojaat qilib, bank kartasidan 13.635.000 soʻm miqdoridagi pul mablagʻlari nomaʼlum shaxs tomonidan oʻzlashtirilganligini maʼlum qilgan.
Tezkor-qidiruv xizmati Kiberxavfsizlik boʻlinmalari xodimlari tomonidan oʻtkazilgan tezkor-qidiruv tadbirlari natijasida, mazkur jinoyatni Qashqadaryo viloyati Gʻuzor tumanida yashovchi 18 yoshli R.E. sodir etganligi aniqlangan.
Gumonlanuvchi sifatida tergov organlariga jalb etilgan R.E. internet foydalanuvchilariga “Telegram” messenjeri orqali “Syurpriz” mazmunidagi xabarni (havola) joʻnatib, ularni qiziqtirib, bank karta maʼlumotlarini qoʻlga kiritish orqali hisobidagi pullarini oʻgʻirlab, qingʻir yoʻllar bilan boylik orttirib kelayotganligi maʼlum boʻlgan.
Mazkur holat yuzasidan Oʻzbekiston Respublikasi JKning 169-moddasi 3-qismi “b” bandi bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, R.E.ning sodir etilib, fosh etilmay qolgan boshqa shu turdagi jinoyatlarga aloqadorligini tekshirish maqsadida tergov, tezkor-qidiruv harakatlari davom ettirilmoqda.
Qonunga muvofiq, Oʻzbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 169-moddasi 3-qismi “b” bandidagi jinoiy xatti-harakatlar uchun 5 yildan 8 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi nazarda tutilgan.