200 kilovatt elektr energiyasi: “ijtimoiy norma” ijtimoiy adolatni ta'minlaydimi?

    Ijtimoiy tarmoqlarda ketayotgan bahs-munozaralarda odamlar ikki guruhga bo'lingan.

    Shu kunlarda yurtimizda elektr energiyasi iste'moli bo'yicha o'rnatilgan ijtimoiy norma hamda oylik belgilangan 200 kilovattlik limit masalasi “trendda”. Internet tarmoqlaridan tortib, o'zaro suhbatlarda ham shu mavzu. Hatto, ijtimoiy tarmoqlarda yurtdoshlarimiz energiya iste'moli uchun qo'yilgan bazaviy normani bekor qilishni so'rab fleshmob o'tkazmoqda. Unda odamlar tegishli mutasaddilarga murojaat qilib, 200 kilovattlik limitni bekor qilishni so'rayapti.

    Fleshmobda qatnashganlar soni kun davomida yuz mingdan oshgan holatlar ham kuzatildi. Ijtimoiy tarmoqlarda ketayotgan bahs-munozaralarda odamlar ikki guruhga bo'lingan. Kimdir ijtimoiy norma aholini tejamkorlikka undayotgani haqida gapirsa, boshqalar elektr energiyasiga bo'lgan ehtiyoj 200 kilovattdan yuqori ekani, ayniqsa, ko'p oilali xonadonlar uchun juda kamligi, kuz-qish mavsumida bu ehtiyoj yanada oshishini aytib, e'tiroz bildiryapti. “Bir xonadonda uch oila yashaymiz, demak, oylik limit ham har bir oilaga 200 kilovattdan bo'lganda, 600 kilovatt bo'lishi kerak”, deydi ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilaridan biri. Boshqa birov esa “Narx tushirilmasa ham, hech bo'lmaganda belgilangan limitni 400—500 kilovattga oshirish kerak, axir, odamlarning elektr energiyaga ehtiyoji oshib boryapti”, deb izoh qoldirgan.

    Keling, shu o'rinda biroz oldinroqqa qaytib, ushbu masalaning ko'tarilishi omillari hamda ijtimoiy normaga to'xtalamiz. Joriy yilning 1-may sanasidan boshlab elektr va gaz uchun tariflar oshirilishi va bunda ijtimoiy norma belgilanishi e'lon qilingandayoq odamlar orasida tushunmovchiliklar yuzaga kela boshladi. Tariflar narxlarining limitlarga ajratilgan holda o'sib borishi tabaqalashtirishning bir ko'rinishi, degan e'tirozlar paydo bo'ldi. Mohiyatan esa, elektr energiyasi uchun avvalgidek barcha iste'molchilar bir xil tarifda emas, balki har kim foydalangan mahsulotiga yarasha to'lovni amalga oshiradigan bo'ldi. Jahonning qator davlatlarida shunday norma amal qilishini ko'pchilik yaxshi biladi.

    Shunday qilib, bozor iqtisodiyotiga faol o'tib borayotgan mamlakatimizda ham ushbu tartib yo'lga qo'yilib, Vazirlar Mahkamasining tegishli qarori bilan elektr energiyasi va tabiiy gaz bir oylik iste'molining bazaviy me'yorlari tasdiqlandi. May oyidan to'lovlar miqdorlari oshirilib, ijtimoiy norma joriy etildi. Unga ko'ra, elektr energiyasiga — oyiga 200 kilovatt, gaz 100 kub, isitish mavsumida — 500 kub metrgacha miqdor belgilandi. Narxlar ham shunga yarasha: bir oyda 200 kilovattgacha — 450 so'm, 1000 kilovattgacha — 900 so'mni tashkil etadi. Ushbu me'yor ortishi bilan narx ham o'sib boradi, har kim foydalanganiga yarasha to'laydi.

    Limit bitta oilaga etadimi?

    Mutaxasislarning tushuntirishicha, energiya iste'molining ijtimoiy normasi, deganda aholi tomonidan sotib olishda imtiyozli tarif qo'llaniladigan energiya tushuniladi. Ya'ni, energiya ma'lum bir me'yorgacha nisbatan past (imtiyozli) narxda sotiladi va bu me'yordan yuqori iste'mol uchun bozor narxlarida sotiladi. O'zimizdagi norma misolida aytadagan bo'lsak, ayni paytda belgilangan 200 kilovattlik norma va unga qo'yilgan 450 so'm davlat tomonidan subsidiyalanadigan imtiyozli narx ekani aytilmoqda.

    Iyun oyining o'rtalaridan xalq orasida ushbu ijtimoiy norma va belgilangan 200 kilovattlik limitga nisbatan e'tirozlar oshdi. Bu kunlarning odatdagidan isishi sababli odamlarning xonadonida sovutish moslamalaridan foydalanishga bo'lgan ehtiyojning ortishi bilan ham bog'liq. Natijada 200 kilovattlik limit ozlik qila boshladi. Foydalanish hajmining ortishi hisobiga 200 kilovatt birdan to'ldirilib, abonentlar keyingi hisoblashlarda ikki barobar yuqori narx to'lashga majbur bo'lmoqda. Ayrim foydalanuvchilar esa bu limit nafaqat ehtiyoj ortgan vaqtlarda, balki odatiy kunlarda ham juda oz ekanini ta'kidlayapti.

    Shu bois, ko'pchilik limitni 500 kilovattga oshirish kerak, degan talabni o'rtaga qo'ymoqda. Oliy Majlis Qonunchilik palatasi spikeri o'rinbosari, “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi fraktsiyasi rahbari Alisher Qodirov esa daromadi o'zining shaxsiy blogida 450 so'm bo'lgan 200 kilovattlik limit aholiga ko'mak ekanini aytib, aslida 1 kilovatt elektr energiyasi 990 so'm bo'lishi kerakligiga ishora qildi. “energetika bozor munosabatiga o'tsa, iqtisod o'sadi, ish o'rni ko'payadi, aholi daromadi oshadi va ta'minot sifati o'zgaradi. 1 kilovatt elektr 990 so'm, ishlab chiqaruvchi daromad olsa 1100 so'm bo'ladi, tahminan. Daromad bo'lsa ta'minotda sifat yaxshi bo'ladi. 450 so'mdan 200 kilovatt bu — aholiga ko'mak”, deya fikr qoldirgan u o'z sahifasida.

    Bu boradagi fikrlar xilma-xilligi ortgandan ortmoqda. Mutasaddilar ijtimoiy norma rivojlanayotgan davlatlar uchun zarurat ekaniga ishora qilyapti. energetika vazirligi Moliyaviy iqtisodiy tahlil va narx siyosati bo'limi boshlig'i Orzugul Ravshanova bilan suhbat davomida ijtimoiy norma va belgilangan limitni belgilashdagi mezonlar, umumiy tahlillar haqida so'radik.

    — Avvalo, shuni a'lohida ta'kidlash kerakki, mazkur norma va limit birgina tashkilotning qarori emas, bir nechta mutasaddi organlar, xalqaro moliya institutlari maslahatchilari, xalqaro ekspertlar tomonidan berilgan takliflar, o'rganish va xulosalar asosida mazkur me'yor o'rnatilgan, — deydi Orzugul Ravshanova. — Bazaviy me'yor bir necha oylar davomida “ASKUE” tizimidan olingan ma'lumotlar va boshqa tahlillarga ko'ra hisoblangan. Xususan, joriy yilda yurtimizda 7,6 million iste'molchi abonentlarimiz ro'yxatdan o'tgan bo'lsa, ular 2024 yilda 21,2 milliard kilovatt soat elektr energiya iste'molini amalga oshirishi prognoz qilingan. Bunda 200 kilovatt soatgacha iste'mol qiluvchilar qish mavsumida 48 foiz, yilning boshqa davrlarida 66 foiz bo'lishi taxmin qilingan. Yil davomidagi umumiy tahlillarda esa 200 kilovattgacha iste'mol qiluvchilar 60 foizni tashkil qilgan. Yoz oylarida anomal issiq yoki qishda anomal sovuq kuzatiladigan bo'lsa, ma'lum davr ichida iste'mol ko'payishi mumkin. Ammo bu yil davomida kuzatilmasligi va o'rtacha 200 kilovatt soat aholining 60 foizi hissasiga to'g'ri kelganini inobatga olib yuqoridagi me'yor o'rnatildi. e'tirozlarga keladigan bo'lsak, har bir xonadon foydalangan ortiqcha elektr energiyasi uchun ko'proq to'lashi jahon amaliyotida mavjud tizim. Bu iste'molchilar o'rtasidagi adolatni ta'minlaydi, shu bilan birga, aholi orasida tejamkorlikni oshiradi. Tahlillarga ko'ra, shu yilning iyun` oyida yurtimizdagi 71 foiz aholi abonenti 200 kilovatt soatgacha elektr energiya iste'molni amalga oshirgan. Bu degani, oshirilgan, subsidiyalanmaydigan narxlar aholining asosiy qismiga ta'sir qilmagan.

    Iste'molga yarasha to'lov

    Hamkasbim bilan gaplashganimizda, xonadonidagi oylik elektr enegiya iste'moli odatda 100 kilovattdan oshmasligi, iyun` oyida uyida biroz ta'mirlash qilgani hisobiga shu chegaradan yuqorilaganini aytib qoldi. Ular ko'p kvartirali xonadonda istiqomat qiladi va konditsionerdan foydalanishmas ekan.

    Maqola yozish asnosida yana bir nechta tanishimning oxirgi oylardagi elektr energiya sarfiga qiziqdim. Hozirgi davrda bunday ma'lumotlarni olish qiyin emas, qo'limizdagi telefon qurilmamizga tayyor SMS xabarnoma yuboriladi. Qolaversa, joriy yil iyun oyidan iste'molchilarga foydalanilgan elektr energiyasi va tabiiy gaz bo'yicha oylik ma'lumot “bazaviy me'yor” va undan ortiq hajmlar kesimida yuborilmoqda. Xullas, ko'rganlarim meni hayratga soldi, ko'pchiligi oyiga 100 kilovattga ham etmaydigan elektr toki ishlatar ekan. To'g'ri, ularning orasida 250 kilovattdan oshirganlar ham bor. Ammo hamma oila ham birdek emas. Kimlardir ko'pchilik bo'lib yashaydi, ayrimlarning xonadonida maishiy texnika vositalari tinimsiz ishlab turadi. Ayniqsa, hozirgi paytda ko'pchilik misol qilayotgan konditsioner qurilmasi ham yaxshigina tok sarflaydi. Bunday sharoitda limit ham oshib boraveradi.

    Ana endi, o'zimcha tahlil qilaman. Bir xonadon elektr energiyadan chegaralangan, tejalgan holda foydalansayu, boshqasi istalgancha qurilmalarni ishlatib, kerak bo'lsa, texnikalardan foydalanmagan vaqtda ham yoqib qo'ysada, ikkala oila bir xil narxda to'lovni amalga oshirsa. Qani, bu erda ijtimoiy adolat?! Ammo belgilangan 200 kilovattlik limitni oshirish zarurati ham yo'q emas.

    Gap shundaki, odamlarning elektr energiyadan foydalanishga bo'lgan ehtiyojini bundan 10 yillar oldingi bilan taqqoslab bo'lmaydi. Yurtimiz aholisining iste'mol talabi yashash sharoitlariga mos ravishda o'sib boryapti. Keyingi yillarda bu talab kamida 35 foizga oshgan va raqamlar o'sishda davom etyapti. 2030-yilga borib mamlakatimiz iste'molchilarining elektr energiyasiga bo'lgan yillik talabi joriy 74 milliard kilovatt soatdan 110 milliard kilovatt soatgacha oshishi hisob-kitob qilingan.

    Boshqa tomondan, nafaqat yurtimiz, balki jahon miqyosida energetika zaxiralari tobora kamayib borayotgani sir emas. U sayyoramizdagi qayta tiklanmaydigan katta boyliklardan biriga aylanib bo'ldi. Har qanday holatda ham uni besamar, isrofgarchilik bilan ishlatish endi to'g'ri kelmaydi. Shu bois, davlatlar ushbu resursning muqobil manbalarini topish va joriy etish barobarida, tejamkorlikka katta e'tibor qaratyapti.

    Ijtimoiy norma misolida aytadigan bo'lsak, bir oyda ming kilovatt elektr energiya sarflaydigan xonadon 200 kilovattgacha ishlatadigan 5 ta oilaning iste'moliga teng elektr energiyadan foydalanadi. Shunday vaqtda, tabiiy resursni boshqalarga nisbatan ko'proq ishlatayotgan oila to'lovni ham shunga yarasha qilishi adolatlidek ko'rinadi. Xorij davlatlarida ana shunday ijtimoiy adolatni ta'minlashni, hatto, odamlarning o'zi talab qilishi haqida ham eshitganmiz. energetika sohasi bo'yicha xalqaro ekspert Ravshan Xo'janov internet nashrlaridan biriga bu boradagi xorij tajribasi haqida gapirgandi. “Men Germaniyada bir muddat yashaganman. U erda aholi jon boshiga energiya iste'moli va to'lovi O'zbekistonga qaraganda sezilarli darajada yuqori. Masalan, o'tgan yili Germaniyada maishiy iste'molchilar uchun elektr energiyaning o'rtacha narxi 1 kilovatt soat uchun o'rtacha 0,35 evroni, O'zbekistonda esa bu o'rtacha 0,035 evroni tashkil qilgan. Buning bir qancha omillari mavjud, albatta. Bu ikki davlatning iqtisodiy rivojlanishi, texnologik darajasi va infratuzilmasidagi farqlar bilan bog'liq. Birgina misol, Germaniyada o'rtacha ish haqi O'zbekistonnikidan ancha yuqori, bu esa qo'shimcha elektr xarajatlarini qoplashi mumkin. Ammo ikki davlatdagi iqtisodiy vaziyatni to'liq taqqoslash uchun ishsizlik, inflyatsiya, ijtimoiy nafaqalar kabi boshqa omillarni ham hisobga olish zarur. Umuman, ko'pgina Evropa davlatlarida energiya narxi keyingi yillarda sezilarli oshdi. Ularda kommunal to'lovlar ko'pincha xarajatlarning kattagina qismini tashkil etadi”, deydi ekspert.

    Yurtimizda elektr energiya narxi 2019-yildan to shu yilning 1-mayiga qadar oshirilmagan. Mutaxassilarning aytishicha, O'zbekiston elektr energiyasi narxlarining arzonligi bo'yicha jahonda 7-o'rinda turadi. Shu vaqtgacha ishlab chiqarish xarajatlarining asosiy qismini davlat subsidiya asosida qoplagan. Bu esa nafaqat davlat byudjetiga zarar, balki soha rivojiga ham salbiy ta'sir ko'rsatib kelgan.

    — Hozirgi kunda 1 kilovatt elektr energiyaning tan narxi, ya'ni ishlab chiqarish xarajatlari qo'shilgan qiymat solig'i bilan 1,002 so'mni tashkil qiladi, — deydi Orzugul Ravshanova. — O'rnatilgan me'yor bo'yicha to'lov narxlari esa, 201 dan 1000 kilovatt soatgacha 900 so'mni tashkil qiladi. Hatto, ushbu narx ham elektr energiya ishlab chiqarish, uni yetkazish, taqsimlash uchun qilinadigan xarajatlarni to'liq qoplamaydi. Shunga qaramay, aholining birlamchi ehtiyojlari va zarur bo'lgan miqdorni inobatga olgan holda 200 kilovattgacha elektr energiya uchun imtiyozli, subsidiyalangan narxlar taqdim etildi. Narxlar iloji boricha bozor tamoyillari asosida shakllantirilgan. Bu quvvatlarni kengaytirish, ishlab chiqarish va etkazish sifatini yaxshilash uchun zamin yaratadi. Kelib tushayotgan murojaatlarga kelsak, ular o'rganib chiqilyapti. Ammo hozirgi kunda 200 kilovattlik limit masalasini qayta ko'rib chiqish bo'yicha alohida rejalarimiz yo'q.

    Mutasaddilar to'lov qobiliyatiga ega bo'lmagan va chindan ijtimoiy muhtoj aholi qatlami uchun bu borada alohida dasturlar borligini ham ta'kidlab o'tdi. Yurtimizda ommalashayotgan quyosh panellarini o'rnatib, undan tekin elektr energiya olish, hatto, iste'moldan ortganini davlatga sotish kabi qulayliklar shular jumlasidan. Bu borada aholi uchun qator imtiyozlar mavjud. Qolaversa, energetika vazirligi Jahon barki bilan birgalikda issiqxona gazlarini kamaytirish bo'yicha yangi loyihani amalga oshirayotgani haqida ma'lumot berildi. Loyiha doirasida 5 million dollar grant mablag'i ajratilib, kam ta'minlangan, ijtimoiy himoyaga muhtoj aholiga bepul quyosh panellari o'rnatib berish ko'zda tutilgan. Bu harakatlar oshirilgan tariflarni ma'lum ma'noda yumshatish barobarida, tejamkorlik, energetika resurslaridan to'g'ri va oqilona foydalanishga xizmat qiladi.

    Avvalroq, energetika vaziri Jo'rabek Mirzamahmudov ham tariflar oshirilganidan so'ng may oyida O'zbekistonda 2023-yilning shu davriga nisbatan elektr iste'moli 324 million kilovatt soatga, gazniki esa 125 million kub metrga kamayganini aytgandi. Vazirning ta'kidlashicha, abonentlar va korxonalar soni ko'payishi fonida iste'molning kamayishi energiya tejamkorligidan dalolat beradi.

    2 baravarlik tarif

    Limitlardagi oshirilgan tariflar nafaqat aholi, balki, endilikda, tadbirkorlik subyektlari va boshqa yuridik shaxslar uchun ham belgilanishi ko'zda tutilgan. Bu haqda shu yilning 30 may kuni Prezident bilan bo'lib o'tgan uchrashuvdan so'ng energetika vaziri Jo'rabek Mirzamahmudov ma'lum qilgan. Unga ko'ra, yuridik shaxslarga limitning 10 foizidan ortig'i miqdorida gaz yoki elektr energiyasi iste'moli uchun oshiruvchi koeffitsientlar qo'llanishi rejalashtirilyapti. Ya'ni, iste'mol limitdan 10 foizdan ko'proqqa oshsa, biznes gaz va elektr uchun 2 baravarlik tarifda to'laydi. Ushbu maqsadlar ishlab chiqarishga xalal bermasdan, iste'molni samarali tashkil etish orqali resurslarning ma'lum qismini tejashni ta'minlashi bilan izohlanmoqda.

    Qaror hali huquqiy asoslanmasidan oldin bu masala bo'yicha ham muhokamalar boshlanib ketdi. Xususan, iqtisodchi Behzod Hoshimov mazkur reja borasidagi fikrlari yuzasidan ijtimoiy tarmoqlardagi sahifasi orqali post qoldirdi. Unda yosh iqtisodchi o'z tahlillarini shunday yozadi: “energetika vazirligi belgilamoqchi bo'layotgan talab qimmatga tushadigan xato bo'lishi mumkin. Ularning aytishicha, agar yuridik shaxslar qandaydir “limit”dan ko'proq energiya sarf qilsalar, ortiqcha ishlatilgan energiyaga ikki barobar jarima solinar ekan. Xo'sh, bu jismoniy shaxslarga qo'llanilayotgan limit bilan qanday farqga ega? Hammasi juda oddiy: jismoniy shaxslarga etkazib berilayotgan energiya juda katta subsidiyalashgan hamda ishlab chiqarish xarajatlaridan bir necha barobar arzon narxda beriladi. Bunga sabab ijtimoiy himoyaga muhtoj, umuman, aholiga davlat tomonidan yordam bo'lishi maqsadida. Ana shu “ijtimoiy norma”ni yuridik shaxslarga ham qo'llash unchalik to'g'ri bo'lmaydi. Chunki, birinchidan, shundoq ham yuridik shaxslar to'laydigan narx xarajatlardan yuqoriroq. Ya'ni, mantiqan olib qaraganda, yuridik shaxslar ishlatadigan har bir kiloqatt energiyadan energetika kompaniyalari foyda oladi. Ammo masalaning boshqa iqtisodiy jihati ham bor. Bu ikki barobar oshadigan limit kichik firmalarga katta iqtisodiy zarar yetkazishi bilan bog'liq. Kichikroq yoki yangi ochilgan korxonalarning kengayishi juda qiyin va qimmat jarayonga aylanib qolishi mumkin”.

    Ijtimoiy adolatni ta'minlashga qaratilgan mazkur qarorlarga odamlarning befarq emasligi, o'z munosabat va e'tirozlarini bildirayotgani quvonarli. Axir, u o'z nomi bilan ham “ijtimoiy” norma deyilyapti. Uning bevosita ishtirokchisi sifatida esa har kim fikr bildirishga, takliflarini ilgari surishga haqli.

    Iroda TOSHMATOVA,

    “Yangi O'zbekiston” muxbiri

    (Maqola “Yangi O'zbekiston” gazetasining 11.07.24-y, 138-sonida e'lon qilindi)