2020 yilda banklar orqali naqd pul aylanmasi hajmi 360,1 trln. so‘mni tashkil etdi

    Moliya 20 Yanvar 2021 1109

    Markaziy bank 2020 yilda banklar orqali naqd pul aylanmalari dinamikasi bilan tanishtirdi.

    2020-yilda banklar orqali naqd pul aylanmalari dinamikasi mamlakatimizdagi iqtisodiy-ijtimoiy holatdan kelib chiqib, jumladan, pandemiya sharoitida joriy etilgan karantin davrida iqtisodiy faollikning pasayishi va karantindan soʻng qayta jonlanishi taʼsirida shakllandi.

    2020-yilda banklar orqali naqd pul aylanmasi hajmi 360,1 trln. soʻmni tashkil etdi va bu koʻrsatkich 2019-yilga nisbatan 25,4 foizga oshdi.

    Jumladan, banklar kassalariga naqd pul tushumlari 179,9 trln. soʻmni, oʻz navbatida, chiqim qilingan naqd pullar 180,2 trln. soʻmni tashkil etdi.

    1-rasm

    Naqd pul tushumlari hajmi va tarkibi dinamikasi

    1

    Banklar kassalariga naqd pul tushumlarini 2020-yilning choraklari kesimida koʻradigan boʻlsak, koronavirus pandemiyasi sharoitida yilning II choragida sezilarli pasayish kuzatildi.

    Jumladan, banklar kassalariga naqd pul tushumlari I chorakka nisbatan 26 foizga kamaygan boʻlsa, karantin talablarining yumshatilishi ortidan iqtisodiy faollikning ortishi natijasida IV chorakda II chorakka nisbatan 76 foizga koʻpaydi.

    Naqd pul tushumlarining IV chorakda II chorakka nisbatan oʻsish hajmining qariyb 12,4 trln. soʻmi savdo va pullik xizmatlardan, 6,2 trln. soʻmi bank xizmatlari boʻyicha tushumlar hissasiga toʻgʻri keldi.

    2-rasm

    2020-yilda choraklar boʻyicha banklar kassalariga naqd pul tushumlari dinamikasi

    2

    3-rasm

    Banklardan naqd puldagi chiqimlar hajmi va ularning maqsadlari boʻyicha tarkibiy dinamikasi

    3

    2020-yilda banklar kassalari (shu jumladan, bankomatlar) orqali chiqim qilingan naqd pullar 2019-yilga nisbatan qariyb 25 foizga oshishi kuzatilgan boʻlsa, mazkur holat asosan bank kartalaridan naqd pul yechish hajmining 25,6 trln. soʻmga (1,7 barobar) oʻsishi hisobiga yuzaga keldi.

    Natijada banklardan berilgan naqd pullar tarkibidan bank kartalaridan yechib olingan naqd mablagʻlar ulushi 25 foizdan 34 foizga yetdi. Bunga pandemiya sharoitida ish haqi va ijtimoiy toʻlovlarning bank kartalari orqali toʻlash hajmi ortganligi sabab boʻldi.

    Xususan, 2020-yil yanvar oyida pensiya toʻlovlarining 17 foizi, ish haqi toʻlovlarining 66 foizi bank kartalari orqali toʻlangan boʻlsa, yilning oxirgi dekabr oyida esa pensiya toʻlovlarining 31 foizi hamda ish haqi toʻlovlarining 83 foizi bank kartalariga oʻtkazildi.

    4-rasm

    2020-yilda choraklar boʻyicha banklar tomonidan berilgan naqd pullar dinamikasi

    4

    Umuman olganda, 2020-yilda bank kartalariga jami 180,5 trln. soʻmlik mablagʻlar kelib tushib, ushbu davrda bank kartalaridagi 62,2 trln. soʻmlik (34,4 foiz) mablagʻlar aholi tomonidan naqdlashtirib olingan.

    5-rasm

    Bank kartalariga kelib tushgan mablagʻlar va ularni naqdlashtirish hajmi dinamikasi

    (2020-yil choraklar boʻyicha)

    5

    Muomaladagi naqd pullarning nominal qiymati boʻyicha tarkibi

    Muomaladagi naqd pullar tarkibida asosan yirik nominaldagi banknotlar salmogʻining oshishi hisobiga banknotlar umumiy soni sezilarli darajada kamaydi.

    Jumladan, 2020-yil davomida muomalaga chiqarilgan naqd pullar tarkibida ularning soʻmdagi miqdori boʻyicha 100 000 soʻmlik banknotlar ulushi – 12,5 foizdan 27,3 foizga yetgan boʻlsa, 50 000 soʻmlikning ulushi – 40,1 foizdan 38,8 foizga, 10 000 soʻmlikning ulushi – 20,3 foizdan 15,7 foizga, 5000 soʻmlik – 22,6 foizdan 16,1 foizga, 1000 soʻmgacha – 4,5 foizdan 2,1 foizga tushdi.

    Muomalaga chiqarilgan banknotlarning nominal qiymatlari boʻyicha ulushi

    6-rasm

    6

    Buning natijasida muomalaga chiqarilgan banknotlar soni 1,1 mlrd. donaga yoki 30,1 foizga kamaydi.

    Muomalada banknotlar sonining kamayishi aholi uchun naqd puldagi toʻlovlarda qulayliklar yaratishga, banklar uchun esa naqd pullar bilan ishlashni, jumladan, ularni sanash, saralash va oʻrab-bogʻlash jarayonlarini yengillashtirishga xizmat qiladi.

    Shu bilan birga, chakana savdo va aholiga pullik xizmatlar sohasidagi hisob-kitoblarda qaytim pullari (mayda pullar) sifatida foydalanish uchun 2020-yil davomida qoʻshimcha 17,1 mlrd. soʻmlik yangi tangalar muomalaga chiqarilib, ularning muomalada boʻlgan jami naqd pullar tarkibidagi miqdoriy salmogʻi 0,08 foizdan 0,13 foizga (37,4 mlrd. soʻmga) yetdi.

    Eslatma sifatida: 2019-yil 1-iyuldan eski namunadagi 50 soʻm va 100 soʻm qiymatidagi banknotlar va tangalar;

    2020-yil 1-iyuldan 200 soʻm va 500 soʻm qiymatidagi banknotlar qonuniy toʻlov vositasi sifatida oʻz kuchini yoʻqotgan.

    Aholi qoʻlida qolib ketayotgan ushbu pul belgilarini 2022-yil 1-yanvarga qadar Markaziy bankning hududiy Bosh boshqarmalari Hisob-kitob kassa markazlarida amaldagi pul belgilari (banknotlar va tangalar)ga almashtirib olishlari mumkin.