Davlat (Hukumat) nomidan yoki davlat kafolati ostida tashqi qarzni jalb etish boʻyicha imzolanadigan yangi shartnomalarning chegaralangan hajmi 4 mlrd AQSH dollaridan 5,5 mlrd AQSH dollarigacha oshirildi. Shundan Davlat byudjetini qoʻllab-quvvatlash va loyihalarni amalga oshirish bilan bogʻliq boʻlmagan chora-tadbirlarni moliyalashtirish uchun 2,5 mlrd AQSH dollari miqdorida belgilandi.

Shuningdek quyidagi parametrlarga tuzatishlar kiritildi:

a) davlat maqsadli jamgʻarmalari hamda Tiklanish va taraqqiyot jamgʻarmasining daromadlari prognozi hamda ularning xarajatlari:

  • daromadlar 1 247 492,1 mln soʻmga kamaytirildi;
  • xarajatlar 1 090 889,3 mln soʻmga oshirildi;

b) respublika byudjetidan birinchi darajali byudjet mablagʻlarini taqsimlovchilarga (hukumatning markaziy davlat organlari, vazirliklar, davlat qoʻmitalari, agentliklar va h.k.) ajratiladigan mablagʻlarning cheklangan miqdorlari 3 049 055,7 mln soʻmgacha oshirildi.

Senatning 18-dekabrdagi majlisida taʼkidlanganidek, Inqirozga qarshi kurashish jamgʻarmasining xarajatlari 10 trln soʻmdan 13,4 trln soʻmgacha oshib ketganligi munosabati bilan tuzatishlar ishlab chiqilgan. Koronavirus pandemiyasining kutilganidan uzoqroq davom etayotganligi va qoʻshimcha xarajatlarni keltirib chiqarayotganligi bunday tuzatishlar kiritilishiga sabab boʻlmoqda.

Hujjat Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasida eʼlon qilingan va 23.12.2020-yildan kuchga kirdi.