“2021-yil uchun Oʻzbekiston Respublikasining Davlat byudjeti toʻgʻrisida”gi qonun loyihasi birinchi oʻqishda qabul qilindi

    Mamlakatimizda 25 Noyabr 2020 3563

    2020-yil 24-noyabr kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisi boʻlib oʻtdi. Unda deputatlar “2021-yil uchun Oʻzbekiston Respublikasining Davlat byudjeti toʻgʻrisida”gi qonun loyihasini birinchi oʻqishda koʻrib chiqdilar.

    Majlisda Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri A. Aripov ishtirok etdi.

    Parlament aʼzolariga qonun loyihasi bilan birga 2022–2023-yillarda mamlakatni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishning asosiy yoʻnalishlari prognozi ham taqdim etildi.

    Yigʻilishda qonun tashabbusi subyektlari sifatida ishtirok etgan Moliya vazirligi va boshqa vazirlik hamda idora rahbarlari qonun loyihasining mazmun-mohiyati hamda konsepsiyasiga toʻxtalib oʻtdilar.

    Parlamentga taqdim etilgan qonun loyihasi makroiqtisodiy siyosatning 2021-yil uchun asosiy yoʻnalish va koʻrsatkichlari kelgusi yilda ham koronavirus pandemiyasi davom etishi ehtimoli borligidan kelib chiqib shakllantirilgan. Bunda asosiy eʼtibor makroiqtisodiy barqarorlikni saqlab qolishga, yaʼni yalpi ichki mahsulotning oʻsishi keyingi yillarda uning ijobiy dinamikasini saqlab qolgan holda, 5,1 foiz miqdorda boʻlishi nazarda tutilmoqda. Xususan, sanoat ishlab chiqarishi hajmi 5,8 foiz, qurilishda 6,5 foiz, qishloq xoʻjaligida 2,7 foiz va xizmatlar sohasida 6,4 foiz koʻpayishi nazarda tutilmoqda.

    2021-yilda mamlakatning yalpi ichki mahsuloti 688,9 trillion soʻmni, Davlat byudjeti daromadlari 147 trillion soʻm yoki yalpi ichki mahsulotga nisbatan 21,3 foiz darajasida boʻlishi kutilmoqda.

    Davlat byudjetining xarajatlari esa, 165,7 trillion soʻmni tashkil etadi. Bu 2020-yildagiga nisbatan 24,0 foizga koʻp boʻlib, bunda Davlat byudjet xarajatlarining yarmidan ortigʻi ijtimoiy sohalarga yoʻnaltiriladi.

    Qonun loyihasida byudjet sohasiga oid qator oʻzgartirishlar nazarda tutilmoqda. Xususan, Vazirlar Mahkamasiga koronavirus pandemiyasi davrida birinchi darajali byudjet mablagʻlarini taqsimlovchi uchun respublika byudjetidan obyektlarni loyihalashtirish, qurish (rekonstruksiya qilish) va jihozlash uchun kapital qoʻyilmalarga ajratiladigan mablagʻlarni boshqa birinchi darajali byudjet mablagʻlarini taqsimlovchiga oʻtkazish vakolati berilmoqda. Shuningdek, mahalliy hokimliklarga yuqori turuvchi byudjetlardan ajratilishi rejalashtirilgan byudjetlararo transfertlar miqdorlarini inobatga olib, tegishli mahalliy byudjetlar loyihalari balansliligini taʼminlagan holda navbatdagi yil uchun tegishli mahalliy byudjetlarning daromadlar va xarajatlar prognozlariga teng miqdorda oʻzgartirishlar kiritish huquqi taqdim etilmoqda.

    Byudjet jarayoni shaffofligini yana-da oshirish maqsadida, Davlat byudjeti ijrosiga doir maʼlumotlarni vazirlik va idoralar tomonidan oʻzlarining rasmiy veb-saytlarida eʼlon qilinmagan taqdirda tegishli vazirlik va idoralarning masʼul rahbar xodimlariga jarima qoʻllash taklif qilinmoqda.

    2021-yilda byudjet xarajatlarida taʼlim sohasida Davlat dasturlarini amalga oshirish xarajatlariga salkam 2,2 trillion soʻm, shu jumladan ilk bor chin yetim va ota-ona qaramogʻidan mahrum boʻlgan bolalarni uy-joy bilan taʼminlash xarajatlari uchun 30 milliard soʻm mablagʻ ajratish koʻzda tutilmoqda. Yana bir muhim jihat: nodavlat maktabgacha taʼlim muassasalari tarmogʻi kengayganligini inobatga olgan holda Davlat byudjetidan Nodavlat maktabgacha taʼlim muassasalariga 600 milliard soʻm yaʼni joriy yilga nisbatan 2 barobar koʻp subsidiyalar ajratish rejalashtirilmoqda.

    Majlisda Oliy Majlis Qonunchilik palatasining Byudjet va iqtisodiy islohotlar qoʻmitasi raisi Sh.Nazarovning qoʻshimcha maʼruzasi ham eshitildi.

    Xalq vakillarining Davlat byudjeti loyihasi yuzasidan bergan savollariga Hukumat aʼzolari, mutasaddi vazirlik va idoralar masʼullari atroflicha javob qaytardilar.

    Majlisda parlament quyi palatasidagi barcha siyosiy partiyalar fraksiyalari rahbarlari va vakillari soʻzga chiqar ekan, Hukumat tomonidan taqdim etilgan “2021-yil uchun Oʻzbekiston Respublikasining Davlat byudjeti toʻgʻrisida”gi qonun loyihasi hamda soliq va byudjet siyosatining asosiy yoʻnalishlari yuzasidan oʻz pozitsiyasini bildirdilar.

    Qizgʻin bahs-munozaralardan soʻng “Oʻzbekiston Respublikasining Davlat byudjeti toʻgʻrisida”gi qonun loyihasi birinchi oʻqishda qabul qilindi.

    Masʼul qoʻmitaga qonun loyihasini ikkinchi oʻqishga tayyorlash jarayonida bildirilgan fikr-mulohaza va takliflar asosida loyihani mutaxassislar va ekspertlar ishtirokida muhokama qilib, maromiga yetkazish topshirildi.